Ijtimoiy sheriklikning nazariy asoslari
Ijtimoiy sheriklikning nazariy konseptual asoslari ijtimoiy harakat nazariyasi, ijtimoiy birdamlik, ijtimoiy kelishuv, ijtimoiy jipslik to‘g‘risidagi g‘oyalar asosida shakllandi.
M.Veber fikriga ko‘ra an’anaviy harakat tahlil qilish hamda oqilona tanqid qilish mumkin bo‘lmagan madaniy an’analarda mustahkamlangan xulq-atvor namunasidir. Harakatning mazkur tipi ahamiyati odamlarning kundalik xulq-atvori ko‘pincha ana shu tarzda yuz berishi bilan belgilanadi. Bunday harakatlarda hal qiluvchi rolni urf-odatlar, turli darajada anglangan odatlarga sadoqat o‘ynaydi.
Ijtimoiy harakat nazariyasi amerikalik sotsiolog Parsons tomonidan tadqiq etildi. U sub’ektlarning o‘zaro ta’siri mexanizmlarini tadqiq qildi. Bunda u ko‘pchilik tomonidan e’tirof etilgan me’yorlar, xulq-atvor andozalari faoliyatning ichki motivlariga aylanishi jarayoniga alohida ahamiyat berdi. Muvozanat, konsensus, ijtimoiy tizimning me’yoriy holatidagi eng muhim belgilar ekaniga e’tibor qaratar ekan T.Parsons ana shu holatni nazorat qilish va tartibga solish jarayonlariga katta e’tibor berdi. Uning fikricha, aynan ana shu jaryonlar jamiyatni ko‘ngilsiz nizolardan himoya qiladi. Uning tadqiqotlarida konsensus muammosi o‘zaro kelishilgan harakat yo‘llarini izlash bilan bevosita bog‘liq tarzda tadqiq etiladi. Bunday o‘zaro ta’sir sheriklarning o‘zaro ekspektatsiyalariga, ya’ni bir-birlaridan kutayotgan harakatlar va natijalarga asoslanadi.
Ijtimoiy sheriklikning nazariy va tashkiliy asoslaridan biri bo‘lgan konsensusni nemis sotsiologi Yu.Xabermas demokratiyaning muqobili sifatida talqin qiladi. Uning talqinida demokratik usul jamoa va jamiyatni ikkiga: ko‘pchilik va ozchilikka bo‘lib qo‘yadi. Konsensus esa bo‘lingan jamoa va jamiyatni birlashtiradi. Bunga u hal qilinayogan muammoga nisbatan ko‘pchilikning fikrini aniqlash yo‘li bilan emas, barcha tomonlar qarshi bo‘lmagan echimni topish yo‘li bilan erishadi. Konsensusga erishish uchun manfaatlari va yondashuvlari bir-biriga unchalik mos kelmayotgan tomonlar hech bir tomon qarshi bo‘lmagan echimni topishga harakat qilishlari va topishlari kerak.
Konsensus mohiyatan kelishuvni bildiradi. Lekin uning XX asrgacha mavjud bo‘lgan kelishuvlardan farqi shundaki, u kelishuvga erishishning yangi samarali amaliyotini yaratdi. Unga ko‘ra manfaatlari bir-biriga mos kelmaydigan tomonlar o‘zaro munosabat va muzokaraga kirishar ekan, ular avvalo bir-birlariga yon bosishlari kerak. Qolaversa, ular barchani qoniqtiradigan, hech bo‘lmaganda hech qaysi tomonda qarshilik uyg‘otmaydigan echimni topishga harakat qilishlari va topishlari lozim. Bunday echimning topilishi konsensusga erishganlikni bildiradi.
Dostları ilə paylaş: |