O‘zbekistonning eng yangi tarixi (Oliy o‘quv yurtlari nomutaxassis fakultet talabalari uchun) Darslik Toshkent 2021



Yüklə 1,94 Mb.
Pdf görüntüsü
səhifə9/80
tarix06.10.2023
ölçüsü1,94 Mb.
#152660
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   ...   80
Eng yangi tarix kitob

29 
2.
 
Markazning O‘zbekistonda amalga oshirgan qatag‘on siyosati. “Paxta 
ishi”, “O‘zbeklar ishi” nomli soxta ishlar. 
Ma’muriy-buyruqbozlik hamda kommunistik mafkuraga asoslangan sovet 
davlati o‘z ichki siyosiy mavqeyini mustahkamlash maqsadida ma’lum davrlarda 
zo‘ravonlik siyosatini amalga oshirib turdi. Tazyiq, zo‘ravonlik va qatag‘onlar boshqa 
xalqlar ichida milliy ruh va o‘zlikni yo‘qotishga, loqaydlik kabi kayfiyatlarning 
yuzaga kelishiga sabab bo‘ldi. Sovet davlati tomonidan boshlangan qatag‘onlarning 
oxirgi davri O‘zbekistonda XX asrning 80-yillarida “paxta ishi”, keyinroq “o‘zbeklar 
ishi” degan mash’um nom ostida tarixga kirdi. Sovet davlatini qamrab ola boshlagan 
inqiroziy holatlarni mavjud tuzum negizida emas, balki “yuzaga kelgan salbiy 
illatlarda” deb bilgan markaz, O‘zbekistonni tajriba-sinov maydoni sifatida tanlab 
oldi. 
Mustabid tuzumning mash’um “Paxta ishi” va “O‘zbek ishi” deb nomlangan 
qatag‘onlik siyosati 1982-yil noyabrda KPSS MQ Bosh kotibi L.I.Brejnev vafotidan 
so‘ng mazkur lavozimni egallagan Yu.V. Andropov mamlakatda kadrlarni tanlash va 
joy-joyiga qo‘yish siyosatida ta’qib va tazyiqqa asoslangan qattiqqo‘llik yo‘lining 
tarafdori sifatida maydonga chiqdi. Yu.V.Andropov o‘zining Davlat xavfsizlik 
qo‘mitasidagi uzoq yillik tajribasidan kelib chiqqan holda mamlakatning tobora 
og‘irlashayotgan iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy hayotiga doir bo‘lgan barcha 
ma’lumotlardan, jumladan, rahbar-kadrlar faoliyatidagi nuqson va kamchiliklardan 
xabardor edi. Markazdagi siyosiy rahbariyat mamlakatda yuzaga kelgan chuqur 
inqiroziy holatlarning sabablari hamda yechimini kadrlar siyosatida yo‘l qo‘yilgan 
kamchiliklar, tartib-intizomning bo‘shashgani, mafkuraviy hushyorlikni yo‘qotish 
bilan izohladi. Hukmron partiyaning 1983-yil iyun plenumida ham aynan partiya 
ideologik, ommaviy-siyosiy ishining muhim masalalari ko‘rib chiqildi va jamiyatdagi 
poraxo‘rlik illatlarining asosiy sabablarini biron-bir xodimning xatolaridan, 
rivojlanishning aniq muammolaridan va qiyinchiliklaridan qidirish lozimligi 
ta’kidlandi. 
Respublika ijtimoiy hayotida katta “burilish” yasagan O‘zbekiston KP MQ 
1984-yil XVI plenumi ham markazning respublikadagi “sog‘lomlashtirish” borasida 
ko‘rsatayotgan va belgilayotgan tadbirlarini qo‘llab-quvvatladi. Bunday tartib 
respublikaning ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy hayotiga salbiy ta’sir etayotgan 
bo‘lsa-da, kadrlar bilan ishlashni partiyaning asosiy “vazifalaridan” biriga aylantirib 
olganlarga nisbatan hech qanday chora ko‘rilmagan edi. Mazkur plenum markazning 
“O‘zbekistonda turg‘unlik davri illatlariga qarshi kurash”ini qo‘llab- quvvatlagan 
holda mahalliy rahbar kadrlarga turli yo‘llar bilan tazyiq ko‘rsatish va jazolash 
jarayonlarini boshlab yubordi. 
Bunday holatlar O‘zbekiston sovet mamlakatidagi “poraxo‘rliklar, qo‘shib 
yozishlar, o‘g‘rilik kuchayib ketgan yagona hudud”, degan tushuncha paydo 
bo‘lishiga olib keldi. O‘zbekiston KP MQ XVI plenumi va XXI s’yezdi qarori bilan 
O‘zbekistonga markazdan kadrlar jo‘natila boshlandiki, O‘zbekiston Kompartiyasi 
MQ, O‘zbekiston SSR Ministrlar Soveti, O‘zbekiston SSR Oliy Soveti, O‘zbekiston 
SSR Prokuraturasi, O‘zbekiston SSR Ichki Ishlar Ministrligi kabi muhim boshqaruv 


30 
bo‘g‘inlari shunday kadrlar qo‘l ostiga tushib qoldi. Ular respublikadagi 
ijtimoiy-siyosiy vaziyat yanada keskinlashishining asosiy sababchilariga aylana 
bordilar. Qisqa muddat ichida O‘zbekiston prokuraturasining eng yuqori, eng muhim 
lavozimlaridan tortib, oblast, rayon prokurorlarigacha markazdan doimiy ishlashga 
yuborilgan vakillari bilan almashtirilgan. 1984-yilda O‘zbekiston SSR Prokurori, 
uning muovinlaridan uchtasi, eng katta boshqarmalarning boshliqlari lavozimlariga 
markazdan yuborilgan xodimlar qo‘yildi. Natijada Buxoro viloyatiga 
G.N.Matyushov, 
Samarqand 
viloyatiga 
V.I.Eremenko, 
Xorazm 
viloyatiga 
А.D.Titorenko, Navoiy viloyatiga А.P.Suxarev, Surxondaryo viloyatiga V.M.Jeltkov, 
Qoraqalpog‘iston АSSRga V.V.Dontsov, Toshkent shahariga G.P.Filippenkovlar 
prokuror etib tayinlandilar. 
Bu hol aslida respublikadagi asosiy mas’uliyatli lavozimlarga markazdan 
yuborilgan “desantchilarni” joylashtirish siyosati boshlanganidan darak berar edi. 
Ular ittifoq markazining respublikadagi tayanchi bo‘lishi va respublikada sovetcha 
usuldagi “tartib-intizom”ni yanada mustahkamlashlari lozim edi. Shubhasiz, mahalliy 
rahbariyat “iltimosiga binoan” yuborilgan kadrlar noqonuniy tarzda hibsga 
olinganlarning manfaatlarini himoya qilishi ham qiyin edi. Aksincha, “desantchilar” 
qatag‘onlik siyosatining davom etishida, respublikada nohaqlik va qonunbuzarlik, 
mansabni suiste’mol qilishning avj olishida, zo‘ravonlik va tazyiqning kuchayishida 
“faol” rol o‘ynadilar. O‘z navbatida, ular markazning respublikadagi tayanchi bo‘lib 
qoldi va respublika huquq-targ‘ibot organlariga ehtiyojni “desantchilar” orqali 
to‘ldirib borishdi. 
Ayni paytda o‘zi egallab turgan lavozimiga noloyiq deb “hisoblangan” 
kadrlarga nisbatan ta’qib boshlanib, yetilib kelayotgan iqtisodiy inqiroz 
“gunohkorlar”ini topish, ularga partiyaviy jazo berish bilan, go‘yoki, muammolarning 
oldini olish boshlandi. 1983-yilda SSSR Bosh Prokurori A.M.Rekunkov topshirig‘iga 
ko‘ra, SSSR Prokuraturasining alohida muhim ishlar bo‘yicha tergovchisi T.Gdlyan 
boshchiligida mamlakatning turli mintaqalaridan to‘plangan 200 kishidan iborat 
tergov guruhi tuzilib, O‘zbekistonga yuborilgan. Bu “paxta ishi”ning amaldagi 
boshlanishi edi. 
“Paxta ishi” uydirmalari boshlangan vaqtda xalq xo‘jaligida “jinoiy ishlarga 
qo‘l urgan” xodimlar javobgarlikka tortilib, ular xalq xo‘jaligida “qo‘shib 
yozishlarga” yo‘l qo‘yganlikda ayblandilar. Qo‘shib yozishlarni tekshirishdan 
boshlangan tergov guruhining faoliyati asta-sekinlik bilan rahbarlik lavozimida 
ishlayotgan kishilami ham torta boshladi. “Paxta ishi”, “o‘zbeklar ishi” nomini olib 
kelgan qatag‘onga keyinroq milliy tus berilib, to‘liq “o‘zbeklar ishi”ga aylantirildi. 
Natijada mahalliy rahbar xodimlar, ziyolilar ham ta’qib ostiga olina boshladi. 
O‘zbekistondagi bu holatlar haqida markaziy matbuot sahifalarida shunchalik ko‘p 
maqolalar chop etildiki, ulardan “xalqimizning tarixi, madaniyati, paxta va 
paxtakorning mashaqqatli mehnatlaridan bexabar odamlarda go‘yo, o‘zbeklar turli 
nopok yo‘llar bilan daromad orttirib, yengil-yelpi hayot kechiradi”, degan noto‘g‘ri 
tasavvur tug‘ilishiga sabab bo‘ldi. 
Tergov guruhiga kirgan tergovchilarning asosiy qismi katta bilim va tajribaga 


31 
ega bo‘lmagan, noqonuniy holatlardan ko‘z yumadigan, topshiriqlarni ko‘r-ko‘rona 
tarzda bajaradigan kishilar bo‘lgan. Tergov guruhiga katta vakolat va imtiyozlar 
berilgan. Ular soxta ayblovlar bilan qonunsizlik yo‘liga o‘tib, tergov jarayonlarida 
tuhmat, ig‘volar uyushtirish, faktlarni soxtalashtirish, kishilarni soxta ma’lumot 
berishga majbur etish, o‘zlariga yoqmagan kishilardan o‘ch olish vositasi sifatida 
foydalanganlar. T.Gdlyan olib borayotgan jinoyat-tergov ishlarining barchasi 
ochiqdan ochiq ayblov yo‘nalishida bo‘lgan. Ko‘plab jismoniy va ma’naviy 
azoblardan so‘ng qamoqqa olinganlar o‘z ayblarini bo‘yinlariga olishga majbur 
bo‘lganlar. 
Gunohi hali isbotlanmagan kishilarni qamoqlarda ashaddiy jinoyatchilar bilan 
birga bir kameralarda ushladilar, ularni shafqatsiz kaltaklab, ruhiy azob berib, 
qo‘rqitib, tergovchilar avvaldan tayyorlab qo‘ygan hujjatlarga imzo chekishga majbur 
etdilar. 
Mana shunday qabih yo‘llar bilan tergov guruhi guvohlik beruvchilardan 
o‘zlariga kerakli ma’lumotlarni olgan. Noqonuniy qamoqqa olingan kishilar orasida 
ko‘p bolali onalar, homilador ayollar, yosh bolalar ham bo‘lgan. Bu ishlardan 
ko‘zlangan maqsad iqtisodiy “jinoyatchilik”ni fosh etish emas, balki mamlakat 
hayotidagi umumiy salbiy holatlarning aniq bir ko‘rinishi bo‘lgan qo‘shib yozishga 
qarshi harakatlarni to‘xtatish, “temir intizom” bilan milliy kadrlarni jazolab, erkin 
fikrlaydigan ziyolilarni jilovlash, respublikalarda yuzaga kelayotgan ijtimoiy-siyosiy 
kuchlarni bo‘g‘ib tashlash, milliy ong, fuqaroning faolligini ham bir tizginda ushlab 
turishdan iborat edi. 
T.Gdlyan guruhining O‘zbekistondagi faoliyati davomida O‘zbekiston SSR 
prokraturasi va O‘zbekiston SSR Ichki ishlar vazirliklarining 20 nafar rahbar xodimi, 
O‘zbekiston Kompartiyasi MQning to‘rt nafar kotibi, viloyatlardagi qo‘mitalarining 
sakkiz kotibi, O‘zbekiston SSR Ministrlar Soveti raisi, O‘zbekiston SSR Oliy Soveti 
prezidiumi Raisi, O‘zbekiston Paxta tozalash sanoati vaziri va boshqa bir qancha 
mas’ul xodimlar, umuman, 62 nafar mas’ul shaxs pora olishda ayblanib, jinoiy 
javobgarlikka tortildilar. 1989-yilning may oyiga qadar javobgarlikka tortilgan 35 
nafar ayblanuvchining ishi sudga oshirildi. 1984-1989- yillar davomida T.Gdlyan 
guruhi tomonidan 800 dan ko‘proq “jinoiy” ish ko‘rilib, jinoiy javobgarlikka 
tortilganlarning 600 nafari rahbar xodimlar, 10 nafari Sotsialistik Mehnat 
Qahramonlari bo‘lgan. O‘zbekiston SSR Paxta tozalash sanoati vaziri V.Usmonovga 
esa 1986-yilda o‘lim jazosi belgilangan, hukm 1987-yilda amalga oshirilgan. 
XX asr 80-yillariga kelib qo‘shib yozishlar, poraxo‘rlik, mansabni suiite’mol 
qilish hollari ittifoqdosh respublikalarning barchasida kuchaygan edi. Shuningdek, bu 
illatlar faqat mahalliy rahbar kadrlar yo‘l qo‘ygan xato, kamchiliklarnigina emas
balki mamlakatda o‘tgan yillar ichida shakllangan ma’muriy-buyruqbozlik tizimining 
natijasi edi. “Paxta ishi” uydirmalari bo‘lsa, o‘zbek xalqini kuchayib kelayotgan 
iqisodiy inqirozlardan chalg‘itish, bunda biror bir xalqni “aybdor” qilib ko‘rsatish 
orqali xalq e’tiborini boshqa tomonlarga burib yuborishdan iborat edi. Aslida shunday 
ham bo‘ldi, butun mamlakat bo‘ylab O‘zbekistondagi “ulkan o‘g’riliklar”, 
“poraxo’rliklar” muhokama etildi. Natijada “turli millat xalqlarining buzilmas ittifoqi 


32 
tashkil topgan” bu ulkan davlatda “do‘stlik va qardoshlarcha hamkorlik” bir chetda 
qolib, butun mamlakatga o‘zbek xalqiga nisbatan “boqimanda” degan yorliq 
yopishtirildi. Butun bir millatni ayblash yo‘liga o‘tib olgan siyosiy rahbariyat “paxta 
ishi”ni “o‘zbeklar ishi”ga aylantirib yubordi. O‘zbekiston mustaqil ravishda “paxta 
ishi”ni tekshirishni boshlaganda ishni mahalliy rahbarlarga berishni istamay, 
tekshiruv ishlariga to‘sqinlik qilishga, haqiqiy aybdorlarni yashirib turishga, barcha 
ayblovlarni yana o‘zbek xalqi yelkasida qoldirishga intildi. 

Yüklə 1,94 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   ...   80




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin