22
2-
MAVZU. MUSTAQILLIKKA ERISHISH ARAFASIDA
O‘ZBEKISTONDAGI IJTIMOIY-SIYOSIY JARAYONLAR.
Reja:
1.
XX asr 80-yillari o‘rtalarida respublika ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va
ma’naviy hayotidagi inqirozli holat.
2.
Markazning O‘zbekistonda amalga oshirgan qatag‘on siyosati. “Paxta
ishi”, “O‘zbeklar ishi” nomli soxta ishlar.
3.
Aholi turmush tarzining og‘irlashuvi. Orol fojiasi.
4.
O‘zbekistonda ijtimoiy-iqtisodiy hayotning keskinlashishi. Farg‘ona
voqealari.
5.
Islom Karimov - O‘zbekiston rahbari. Mustaqillik Deklaratsiyasining
qabul qilinishi.
1.
XX asr 80-yillari o‘rtalarida respublika ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va
ma’naviy hayotidagi inqirozli holat.
70 yildan ziyod davom etgan sovet tuzumi va Kommunistik partiya yakka
hukmronligi davrida O‘zbekistondagi milliy urf-odatlar va an’analarga qattiq zarba
berildi. KPSS mafkuraviy siyosatining SSSR xalqlari ma’naviyatiga jiddiy salbiy
ta’siri natijasida jamiyatda madaniy-axloqiy muhit zaiflashdi, ma’naviy qashshoqlik
sovet jamiyatini inqirozga yetaklovchi kuchga aylandi. Bu holat oxir- oqibatda milliy
tillarning jamiyat hayotidagi mavqeyining pasayishiga, uzoq yillar davomida
shakllanib kelgan qadriyatlar, urf-odatlar, an’analarni “o‘tmishning zararli sarqiti”
sifatida ta’riflashga, ma’naviyatning uzviy qismi bo‘lgan dinni “xurofot va bid’at”
deb talqin qilinishiga va shu asosda millatlarni qaramlik holatida saqlab turishga asos
bo‘ldi. Bu yo‘l, o‘z navbatida, “yagona madaniyat” barpo etishga qaratalgan davlat
siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan edi.
Tabiiyki, SSSRda istiqomat qilgan turli xalq va elatlarning madaniyati shakli
jihatidan har xil edi. Shubhasiz, har bir xalqning zabardast madaniyat arboblari -
atoqli olimlari, yozuvchilari, rassomlari, bastakorlari kabi o‘ziga xos jihatlari ko‘pdir.
Ular, o‘z navbatida, jahon fani va madaniyatiga munosib hissa qo‘shib kelganlar.
Garchi bu yutuqlarning aksariyati sotsialistik ruh berib turuvchi baynalminal
madaniyat bo‘lsa-da, uning ko‘p jihatlari yuqori saviyaga mutlaq javob bermas edi.
Ta’kidlash joizki, sovet turmush tarzining ajralmas qismi bo‘lgan sovet
qonunlari o‘z andozasiga mos an’ana va urf-odatlarni faol targ‘ib etishi oqibatida
umumsovet marosimlari va bayramlari an’ana tusiga aylana boshlagan edi.
O‘zbekiston aholisining 60 foizdan ko‘pi, asosan, qishloq joylarida istiqomat
qilganligi bois qishloq aholisi uchun o‘ylab topilgan mafkuraviy xarakterga ega
bayramlar tashkil etildi. O‘zbekiston SSR Oliy Soveti Prezidiumining 1956-yilgi
qaroriga binoan paxta terimini boshlashdan avval, ya’ni avgust oyining oxirgi
yakshanba kunlari “Qurultoy”, “Urug‘ qadash marosimi”, “Yoshlarni paxtakorlar
safiga tantanali qabul qilish”, “Birinchi gul bayrami”, “Ilk maosh”, “Qizil karvon”
(“Birinchi oq oltin karvoni”), “Paxta bayrami” (“Hosil bayrami”) nishonlandi.
23
Bir necha ming yillik tarixga ega bo‘lgan, uzoq yillar davomida nishonlab
kelingan “Navro‘z” bayrami ham aynan mana shu yillarda ta’qibga uchradi. Tarixdan
ma’lumki, “Navro‘z” bayrami dehqonlar uchun yangi mehnat yili boshlanganini
bildirar, bu bayram an’anaga muvofiq bahorda kun va tun tenglashganida nishonlanar
edi. “Navro‘z” bayrami asrlar davomida kishilarda ona yerga, tabiatga muhabbat
tuyg‘usini uyg‘otgan, kishilarni bir-biriga nisbatan mehr- muruvvatli va oqibatli
bo‘lishiga chorlagan. Biroq XX asr 80-yillarining o‘rtalarida “Navro‘z” bayramini
O‘zbekistonda umumxalq bayrami sifatida nishonlash masalasida paydo bo‘lgan
to‘siqlar qattiq tortishuvlarga ham sabab bo‘ldi. “Navro‘z” bayramiga qarshi
harakatlar ham milliy madaniyatlarni qoralash va cheklashga qaratilgan tadbirlarning
biri edi. O‘zbekiston SSR Kompartiya plenumi (1984)dan so‘ng yuzaga kelgan
vaziyat I.O‘smonxo‘jayev va R.Abdullayevaning “mafkuraviy bo‘shliqni” yuzaga
keltirmaslik borasidagi sa’yi-harakatlari natijasida 1986-yilga kelib, “Navruz”
bayrami bekor etildi. Islom diniga aloqasi bo‘lmagan bayramga “diniy” degan tamg‘a
bosildi.
1985-1986-yillarda respublika ommaviy axborot vositalari ham bu bayramni
o‘z sahifalarida yoritmadi. Garchi “Navro‘z” bayrami sovet hukumati tomonidan
e’tiborga loyiq deya hech qachon rag‘batlantirilmagan bo‘lsa-da, lekin sovet
hokimiyatining barcha davrlarida bu bayram xalq orasida yashab, an’anaviy tarzda
ham nishonlanib kelingan.
Dastlab bu bayram, aprel oyining o‘rtalaridan sun’iy o‘ylab topilgan
“Navbahor” nomli bayram bilan almashtirildi. Biroq bunday bayramlarning ta’qiqlab
qo‘yilishi xalq noroziligiga sabab bo‘la boshlagani uchun milliy an’analar,
marosimlar va bayramlarni qayta tiklash jiddiy masalaga aylandi. “Navbahor” deb
atalgan yangi bayram moddiy zaminga ega bo‘lmagani sababli uzoq yashay olmadi.
Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, “Navro‘z” bayramini ta’qiqlash haqida
respublikada aniq bir qaror qabul qilinmasada, lekin respublika rahbariyati turli
yig‘inlarda bu bayram va uning “zararli” tomonlari haqida ma’ruza qilib, yangi
madaniyatni shakllantirishda asosiy to‘siq deb ta’riflab keldilar.
XX asrning 80-yillari O‘zbekistonda dinga va diniy qadriyatlarga qarshi yangi
harakatlar bo‘lgani bilan ham xarakterlanadi. Bu yillarda mamlakatda diniy idoralarni
qattiq nazorat ostiga olish, ularning sonini kamaytirish va faoliyatini doimo nazorat
ostida olib turish kuchaydi. O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti
I.A.Karimov dinning ma’naviy, ijtimoiy, tarixiy ildizlari, inson kamolotidagi o‘rni va
ahamiyati ustida to‘xtalib, mustaqil taraqqiyotimizning ilk bosqichlaridayoq quyidagi
teran fikrlarni aytgan edi: “Islom inson poklanishi, ruhiy qudrat olishi, qalban
uyg‘onishi manbaidir. Shu paytgacha bizga din af’yundir, deb kelishdi. Dindorlar
quvg‘in qilindilar. Ota-onasiga janoza o‘qiganlar jazoga tortildilar. Xullas, ne
hunarlar ko‘rsatmasinlar islom yashashdan to‘xtamadi. Nega? Chunki u bizning
ongimiz, shuurimiz, hayotimiz, borligimizdir. Bugun ana shu din orqali vujudimizga
musaffolik, dilimizga inshoolloh poklik kirib kelmoqda. Axloq-odob, ma’rifat yana
xonadonlarimiz fayziga, odamlar hislatiga aylanishida islomning o‘rni benihoya
bo‘lmoqda”.
24
O‘tmish va ma’naviyatga bo‘lgan salbiy munosabat mustabid sovet
tuzumining dinga bo‘lgan munosabatida yaqqol o‘z aksini topdi. Bu holni, jumladan,
ikkinchi jahon urushidan keyin O‘zbekiston misolida ham ko‘rish mumkin. Ikkinchi
jahon urushi davrida strategik maqsadlarga ko‘ra, dinga vaqtinchalik “yon berish”
siyosati, urush tugagandan keyin tez orada kommunistik mafkura asosidagi
davlatning u bilan “hamjihat” bo‘lishi maqsadga muvofiq emasligi yana bir karra
namoyon bo‘ldi.
Shu o‘rinda qayd etish kerakki, bu davrda ta’lim infratuzilmasining ancha
kengayishi mutaxassis kadrlarning tez ko‘payishiga yordam berdi. Respublikada
mavjud bo‘lgan bir necha oliy o‘quv yurtlari O‘zbekiston SSR xalq xo‘jaligi uchun
xizmat qiladigan mutaxassislarni ham yetishtirib berdi.
Masalan, 1988-yilda faqat Toshkent shahrining o‘zida 19 ta oliy o‘quv yurti
bo‘lib, unda 162,9 ming nafar talaba tahsil oldi. Lekin “kommunizmga intilish”da
sinfiylik, partiyaviylik ruhidagi tarbiya maktablarda milliylikni siqib chiqardi.
Mavjud oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlarida har yili o‘rta hisobda yuz mingdan ortiq
mutaxassis tayyorlangan. 1984-yilga kelib, O‘zbekistonda 1 million 300 ming nafar
oliy va o‘rta maxsus ma’lumotli mutaxassislar bo‘lgani holda, 5-6 yil o‘qib oliy
ma’lumot olgan kadrlarning anchagina qismi o‘zlari mutaxassis bo‘lgan sohalarda
ishlamadi. Sirtqi o‘quv tizimida chuqur bilimga intilishdan ko‘ra diplom olish uchun
harakatlar kuchayib ketdi. Masalan, 1982-yil O‘zbekiston SSR Xalq Nazorat
Qo‘mitasi va O‘zbekiston SSR Prokuraturasi o‘tkazgan tekshiruvlardan ma’lum
bo‘lishicha, Qashqadaryo viloyatidagi 251 hunar-texnika bilim yurtini bitirib chiqqan
117 mutaxassis viloyatning Chiroqchi tumanidagi Moskva sovxozi va Ohunboboyev
nomli kolxozlariga yuborilgan. Lekin ularning atigi 6 nafari o‘z sohasi bo‘yicha
ishlagan, 73 nafari bo‘lsa tayinlangan joyiga kelmagan.
Bunday ahvol sanoat shaharlarida ham mavjud bo‘lgan. O‘zbekiston SSR
yengil sanoatining o‘zida dastgohlar va mashinalarga xizmat ko‘rsatishning
tarmoqdagi normalarini o‘zlashtirish shaharlardagi yirik kombinatlarnikiga nisbatan
ko‘p kuch talab qilgani holda, bu sohada ham master yordamchilari, elektriklar,
santexniklar yetishmagan. Kommunistik mafkura o‘z hukmronligini ta’minlab
borishida madaniyat ham, ayniqsa, muhim edi. Hukmron mafkura mahalliy
ma’naviy-madaniy merosning tarbiyaviy ahamiyatini e’tiborga olmas edi. Davlat
tomonidan qabul qilingan qator qaror va rejalar ham real imkoniyatlarni hisobga
olmagan holda qabul qilinganligi uchun o‘zbek ma’naviy madaniyatida amalga
oshirilgan ishlar ham o‘ziga xos yo‘nalishdan bordi va madaniyat sohalari
siyosiylashgan madaniy yo‘lga moslashdi.
Ayni paytda ta’limda, madaniyatda kommunistik g‘oyalar ustunlik qilib,
umumsovet madaniyatining me’yor va mezonlari keng targ‘ib etilgani bilan bu davrda
o‘zbek madaniyati rivoji faqat tanazzullar va tushkunliklardan iborat bo‘ldi deb e’tirof
etish ham haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Madaniyat va san’at arboblari ijodidagi
o‘zgarishlar jamiyatda yuz berayotgan o‘zgarishlar bilan birgalikda davom etdi. Teatr,
rassomchilik, qo‘shiqchilik, xususan, milliy qo‘shiqchilik, ayniqsa, maqom yo‘llarida
ijod qilishda ko‘plab iste’dodli xonandalar yetishib chiqdi. O‘sha yillarda adabiyot
25
maydoniga kirib kelgan iqtidorli ijodkorlar asarlarida nisbatan erkin, yutuq va
kamchiliklarni ko‘rsatib beruvchi ijodiy fikrlar paydo bo‘ldi. Xususan, A.Muxtorning
“Ildizlar”, P.Qodirovning “Olmos kamar”, O‘.Umarbekovning “Bo‘ribosar”,
Sh.Xolmirzayevning “Tabassum”, “Kimsasiz hovli”, M.Muhammad Do‘stning
“Iste’fo”, T.Murodning “Oydinda yurgan odamlar” kabi asarlarida qisman bo‘lsada,
davr mafkurasidan holi bo‘lishga, jamiyatdagi ba’zi kamchiliklarni ochib tashlashga,
qadriyatlar qirralarini ko‘rsatishta harakat qilindi.
H.G‘ulomning “Qoradaryo” romanida XX asr 80-yillarining o‘rtalariga kelib
jamiyatdagi yuzaga qalqib chiqqan turli salbiy holatlarni Kampirravot darasidagi
ulkan suv inshooti qurilishi misolida ko‘rsatib berildi. Mazkur asar o‘sha yillarda
sovet mafkurasi bilan bog‘langan, O‘zbekiston Komnartiyasining XVI plenumidan
so‘ng yuzaga kelgan vaziyat bilan bog‘liq deb tahlil etilgan bo‘lsada, lekin kishilar
asta-sekin sodir bo‘layotgan o‘zgarishlar hayotga yangicha qarash, jamiyatda inson
omili degan tushunchalar bilan birinchi navbatda turishi lozimligini anglab
kelayotganligidan dalolat berar edi.
Tahlil
etilayotgan
yillarda
E.Eshmuhamedov
va
kinodramaturg
O.Agishevning “Dahoning yoshligi” filmi SSSR Davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi.
K.Kamalovaning “Achchiq danak” filmi xalqaro kino festivalda sovrin bilan
taqdirlandi.
D.Sadimovning
“Leningradliklar
jigarbandlarim
mening",
A.Qobulovning “Bo‘ysunmas” R.Botirovning “Leytenant Nekrasovning xatosi”,
M.Abzalovning “Suyunchi”, “Kelinlar qo‘zg‘oloni”, A.Hamroyevning “Vodillik
kelin”, L.Fayziyevning hind kinochilari bilan hamkorlikda “Ali bobo va qirq
qaroqchi” va “Sevgi afsonasi” kabi filmlari suratga olindi. Biroq oshkoralik yillari
(1985) ham madaniyatni rivojlantirishdagi bu erkin harakatlarni yanada kengroq olib
borish o‘rniga studiyaning rejasini bajarish orqasidan quvish holatlari yuqori edi.
Masalan, SSSR Kinematografiya Davlat Komitetining O‘rta Osiyo bo‘yicha
muharriri I.Razdorskiy va A.Medvedevlar o‘zbek xalqining boy madaniy turmushini,
qolaversa, ichki dunyosini tushunmagan holda markaziy studiyalar qabul qilmagan
o‘rtamiyona va bo‘sh ssenariylarni “O‘zbekfilm”ga muntazam jo‘natib turdilar.
Natijada N.Rojkov, L.Makarov, B.Saakov, L.Galiyev, Ya.Filippov kabi bir qator
kinodramaturglarning mahalliy xalq ma’naviyati va qadriyatlariga yot bo‘lgan oddiy
ssenariylariga keng o‘rin berildi.
Garchi “O‘zbekfil’m” jamoasi hozirgi kunga qadar xalq qalbidan muhim o‘rin
olib kelayotgan “Alisher Navoiy”, “Maftuningman”, “Mahallada duv-duv gap”,
“Nasriddin sarguzashtlari” kabi filmlarni yaratgan bo‘lsa-da, biroq bu jamoadagi
kadrlar, asosan, markazda ta’lim olib kelganligi sababli, ular orasida o‘zbek tilini
bilib, tushunadiganlar soni juda ozchilikni tashkil etar edi.
1980-yillarning ikkinchi yarmiga kelib O‘zbekistonning mamlakat ijtimoiy-
iqtisodiy hayotidagi tahlikali vaziyatda ziyolilar ham partiya ko‘rsatmalariga to‘la
amal qilmaganlikda ayblana boshlandi. Ulardan sovet turmush tarzini ulug‘lovchi
asarlar talab etilib, ijodiy uyushmalar faoliyati esa qattiq mafkuraviy nazorat ostiga
olindi. Bunday yondashuv O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasining
1986-yil oktyabrda bo‘lib o‘tgan uchinchi plenumida yaqqol namoyon bo‘ldi. Unda
26
adabiyot, san’at va tarixni soxtalashtirish, milliy tarix va madaniyatni ilohiylashtirish
avj olib ketganligi, tarixiy shahslarga baho berishda sinfiy yondashuv, ilmiylik,
ob’yektivlik tamoyillariga e’tibor berilmayotganligi keskin tanqid ostiga olindi.
Аyniqsa, voqea-hodisalarga baho berishda mafkuraviy manfaatlarning inkor
etilayotganligiga urg‘u berildi.
1986-yil 10-noyabrda O‘zbekiston SSR Fanlar Аkademiyasining yig‘ilishi
bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda O‘zbekiston Kompartiyasi mafkuraviy ishlar bo‘yicha kotibi
R.H.Abdullayevaning ma’ruzasi tinglandi. R.H.Abdullayeva respublikada yuzaga
kelgan salbiy illatlar, jumladan, qo‘shib yozish, davlatni aldash, poraxo‘rlik, kadrlarni
tanlashdagi mahalliychilik va oshna-og‘aynigarchilik respublikaning avvalgi
rahbariyati tomonidan yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar ekanligini ko‘rsatib, bunda
mafkuraviy ishlar to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagani, ziyolilarning faoliyati partiya talablari
asosida olib borilmaganini alohida ta’kidlab o‘tdi.
Yig‘ilishda paxta sanoati, qo‘riq yerlarni o‘zlashtirish, respublikada yuzaga
kelgan demografik jarayonlar, milliy munosabatlardagi muammolarni hal etishda,
rivojlanishning o‘ziga xos bo‘lgan yo‘nalishlarida O‘zbekiston SSR FA olimlarining
aniq taklif va mulohazalari yo‘qligiga ham urg‘u berildi. Shuningdek, O‘zbekiston
Kompartiyasi Markaziy Komiteti kotibi tomonidan yoshlar ta’lim- tarbiyasida
mafkuraviy jarayonlarning yetarli emasligi ko‘rsatilgani holda, Amir Temur, Bobur
Mirzo shaxsiga berilgan ijobiy ta’riflarga o‘zgartirishlar kiritilmagani va bu o‘tmishni
ulug‘lash holatlariga olib kelayotgani, respublika olimlari bu holatlarning oldini olish
uchun hech qanday choralar ko‘rmagani alohida qayd etildi.
Umuman olganda, kishilar ongini shakllantirish, milliy, diniy an’analar va
qadriyatlarga munosabat masalasi jamiyat taraqqiyotidagi inson omili rolini belgilab
beruvchi asosiy shartlardan biri bo‘lib kelganligi uchun sovet davlatining so‘nggi o‘n
yilligida e’tiqodlarga munosabat masalasi juda chuqurlashib ketdi. Aynan mana shu
yillardagi chora-tadbirlarni kishilarning ongi va turmush tarzidagi o‘tmish
“sarqitlariga” qarshi kurashish, “reaksion” deb atalmish urf-odatlar, marosimlarga
amal qilishga barham berish, baynalminal tarbiyani keng ko‘lamda amalga oshirish
xalqimizning mustahkamlanib kelayotgan milliy ongiga zarba berish uchun harakat
sifatida izohlasa bo‘ladi. Chunki xalqning ongi, e’tiqodi, turmush tarziga chuqur
singib borayotgan diniy meros va qadriyatlarga qarshi kurash ham o‘sha yillarda olib
borilayotgan mafkuraviy-tarbiyaviy ishlarning asosiy yo‘nalishi bo‘lib qoldi.
SSSRdagi “qayta qurish” jarayoni avval boshdanoq siyosiy sohani qamrab
oldi. Iqtisodiy islohotlar esa unga bo‘ysunuvchan ahamiyat kasb etdi. Oradan ko‘p
o‘tmay, jadallashib borayotgan siyosiy jarayonlar (oshkoralik, demokratiya) bilan
sust rivojlanayotgan iqtisodiyot o‘rtasida katta farq ko‘zga tashlana boshladi. Bu
paytda SSSRning tarkibiy qismi bo‘lgan O‘zbekiston SSR ham qayta qurish girdobiga
tortildi, uning qonuniyatlariga amal qildi.
Qayta qurishning birinchi bosqichi (1985-1986-yillar), asosan, ma’muriy-
tashkiliy tadbirlarning an’anaviy usullarda olib borilishi bilan xarakterlanadi. Mazkur
bosqichda kun tartibiga qo‘yilgan vazifalardan biri ilmiy-texnika taraqqiyoti
yutuqlarini ishlab chiqarishga jalb etish asosida jamiyatda tub iqtisodiy islohotlarni
27
jadallashtirish va uning asnosida inson omilini faollashtirishdan iborat bo‘ldi.
Shuning uchun ham 1986-yil 1-mart kuni KPSS XXVII s’yezdining KPSS
Markaziy Komitetining siyosiy ma’ruzasi yuzasidan qabul qilingan rezolyutsiyasida
fan-texnika taraqqiyotini ta’minlash masalasiga katta e’tibor qaratilgan edi.
Xullas, qayta qurishning dastlabki davrlarida asosiy e’tibor mamlakat
iqtisodiyotini rivojlantirishga qaratildi. Ammo bunday jarayonni ijtimoiy
munosabatlarni takomillashtirmasdan amalga oshirish mumkin emasligi tezda ayon
bo‘ldi. Shuning uchun 1986-yilda qayta qurish va ijtimoiy munosabatlar masalasiga
alohida e’tibor qaratishga majbur bo‘lindi. Bunday siyosatning markazida esa
jamiyatni
demokratlashtirish,
ma’muriy-buyruqbozlik
va
byurokratizmga,
qonunsizlikka qarshi qurash turar edi.
Bu davrda butun Sovet Ittifoqida bo‘lgani singari O‘zbekistonda ham dastlab
ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayotda ma’lum o‘zgarishlar yuz bera
boshladi, kishilarning ijtimoiy faolligi oshdi, demokratiya sari ayrim qadamlar
tashlandi, milliy o‘zlikni anglash jarayoni boshlandi. Ammo tub o‘zgarishlar va
barcha sohalarda haqiqiy islohotlarni amalga oshirish yo‘lidagi urinishlar
muvaffaqiyat qozonmadi. Statistik ko‘rsatkichlarda qayd etilishicha, 1986-yildan
boshlab mamlakatning iqtisodiy ahvoli battar yomonlasha boshladi, 1987-yil
yanvardan ishlab chiqarish sur’atlari keskin pasaya bordi, iqtisodiyotda inqirozli holat
yuzaga keldi. Qayta qurishning birinchi bosqichi shu tarzda mag‘lubiyatga uchradi.
Mamlakatda tub demokratik o‘zgarishlarni amalga oshirish, boshlangan
islohotlarni oxiriga yetkazishning imkoni bo‘lmadi. Bu quyidagi uch sabab bilan
izohlanadi: birinchidan, qayta qurishning aniq, izchil, ilmiy jihatdan puxta ishlab
chiqilgan strategiya va taktikasi hamda yagona dasturi yo‘q edi. Ikkinchidan,
kommunistik partiya rahbarlari (partokratiya) qayta qurish g‘alabasidan manfaatdor
emas edi. Ular har qanday demokratiya va oshkoralik mavjud tuzumning kushandasi
ekanligini yaxshi bilishardi. Uchinchidan, M.S.Gorbachyov g‘oyasi asosida qayta
qurishni amalga oshirish mumkin emas edi. Sotsializmga xos sinfiy munosabatlar,
davlat mulkchiligi, milliy va ijtimoiy sohadagi siyosat yakka partiyaviy rahbarlik,
kommunistik mafkura, mustabid boshqaruv usuli hech qachon demokratiya bilan
kelisha olmas edi.
Ma’lumki, qayta qurish markazdan boshlandi. Mazkur jarayonning boshlanish
paytida jamiyat a’zolari unga juda katta umid bog‘ladilar. Ro‘y berayotgan
o‘zgarishlar, ayrim siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy islohotlar kishilarda ertangi kun va
porloq kelajakka ishonch ruhini yana uyg‘otdi. Dastlabki davrda qayta qurish
rahnamolari, ya’ni yuqorining quyi bilan munosabatlarida ma’lum kelishuvchilik,
xayrixohlik sezildi.
Lekin keyinchalik vaziyat butkul o‘zgardi. 1986-1987-yillarga kelib, iqtisodiy
inqirozning kuchayishi, ijtimoiy muammolarni hal etishdagi uquvsizlik demokratik
jarayonlar va oshkoralikning yarim yo‘lda qolib ketishi - bularning barchasi jamiyat
a’zolarida qayta qurishga bo‘lgan munosabatni o‘zgartirdi. Qayta qurishning uchinchi
yilida uning to‘liq mag‘lub bo‘lishi aniq ko‘zga tashlanib qoldi. Amaliy ishlar, foydali
tadbirlar o‘rniga siyosiy jabhadagi turli tadbirlar: siyosiy safsatabozlik, quruq
28
va’dalar, so‘z bilan ish birligining yo‘qligi jamiyatdagi loqaydlik holatini yanada
kuchaytirdi. Ijtimoiy faollik o‘rnini sustkashlik, davlat va firqa siyosatiga
ishonmaslik, befarqlik va sovuqqonlik egalladi.
Qayta qurish siyosati ma’lum ma’noda oshkoralik, demokratiya va fikrlar
xilma-xilligining kuchayishiga imkon yaratgan bo‘lsada, lekin bunday jarayonlarni
madaniy shaklda, xalqaro andozalar asosida olib borishga yo‘l qo‘yilmadi. Buning
ustiga respublika rahbariyati O‘zbekistonda demokratiya va oshkoralikning
kuchayishiga turli to‘siqlar qo‘ydi. Bunga ko‘proq kommunistik mafkuraning
yakkahokimligi, ma’muriy-buyruqbozlik tizimi asoratlari ta’sir qilar edi. Natijada
tom ma’nodagi oshkoralikka erishib bo‘lmadi, demokratiya esa amalda navbatdagi
siyosiy o‘yinlar ko‘rinishini oldi. Fikrlar xilma-xilligining turli ko‘rinishlari esa
yuqorining siyosiy va g‘oyaviy masalalarda hurfikrlilik va demokratiyani ta’qib etishi
asnosida yuz berdi.
Ana shunday sharoitda O‘zbekistonning o‘sha paytdagi siyosiy rahbariyati
Markaz oldida o‘zining no‘noq va noshudligini ko‘rsatdi. O‘zbekiston Kompartiyasi
Markaziy Komiteti rahbariyati Markazdan qochish, uni inkor etish siyosati o‘rniga
ko‘proq unga yaqinlashish va mustahkam birlashish yo‘lini tanladi.
O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining birinchi kotiblari
I.Usmonxo‘jayev va R.Nishonovda qat’iy jur’at, Ittifoq doirasida respublikaning
tutgan o‘rnini ochiq-oydin aytish uchun mardlik va iroda yetishmadi. Aksincha, bu
rahbarlar va ularning o‘rinbosarlari Markaz vazifalarini tezroq uddalash,
respublikaning Ittifoqqa boqimanda ekanligi to‘g‘risidagi soxta fikrlarni tasdiqlash va
takrorlashdan nariga o‘tmadilar. Ijtimoiy va ma’naviy sohada milliylikning har bir
ko‘rinishi internatsionalizm mohiyatiga yot ekanligini isbotlashga harakat qilindi. Bu
narsa o‘zbek tiliga munosabat, islom dini, milliy urf-odatlar, an’analar va diniy
marosimlar, xususan, Navro‘z bayramiga munosabatda yaqqol ko‘rindi.
Qayta qurishning ikkinchi bosqichi (1987-1990-yillar) jamiyatning barcha
jabhalarini kompleks tarzda isloh qilishni kun tartibiga qo‘ydi. Bunday vazifa
kommunistik mafkura tomonidan 1987-yil yanvarda yanada aniqlashtirildi. 1987- yil
27-28-yanvarda bo‘lib o‘tgan KPSS MK Plenumida KPSS Markaziy Komitetining
Bosh sekretari M.S.Gorbachyov “Qayta qurish va partiyaning kadrlar siyosati
to‘g‘risida” ma’ruza qildi. Unda siyosiy islohotlarning asosiy maqsadi oshkoralik va
kadrlar siyosatini to‘g‘ri yuritish asosida sovet jamiyatini to‘liq demokratlashtirishga
e’tibor qaratildi. Keyinchalik M.S.Gorbachyov o‘zining qayta qurish haqidagi
mashhur kitobida bu g‘oyalarini davom ettirdi. Biroq siyosiy tuzumni isloh qilish va
demokratlashtirish, keng xalq ommasining siyosiy va tarixiy jarayonlarda ishtirok
etishi Markaz uchun kutilmagan oqibatlarga olib kelishi natijasida Moskva tomonidan
siyosiy va iqtisodiy islohotlar boshi berk ko‘chaga kiritib qo‘yildi. Oqibatda 1990-yil
qayta qurishning ikkinchi bosqichi nafaqat SSSR aholisi, balki butun dunyo umid
ko‘zi bilan qarayotgan bu siyosat butunlay mag‘lubiyatga uchradi. Bu holat ham
SSSR inqirozini tezlashtirdi va uning parchalanishiga olib keldi.
|