1-Mavzu: “O‘zbekistonning eng yangi tarixi” o‘quv fanining predmeti, maqsadi va vazifalari, nazariy-metodologik tamoyillari. Mustaqillikka erishish arafasida O‘zbekistondagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlar. O‘zbekiston Respublikasining tashkil topishi va uning tarixiy ahamiyati
Reja
1.O‘zbekiston eng yangi tarixi fanining metodologik ilmiy-nazariy asoslari va manbalarning o’rganishda tarixiy ahamiyati
2.Sobiq Ittifoqda turg‘unlik holati. XX asrning 80 – 90 - yillarida O‘zbekistonning ijtimoiy – siyosiy hayoti.
3.O‘zbekistonning davlat mustaqilligini qo‘lga kiritish tomon yo‘l tutishi va arafasida Sovet imperiyasining tanazzulga yuz tutishi
4.Totalitar tuzumdan huquqiy davlatga o‘tish
5. O‘zbekiston Respublikasi davlat ramzlari va Konstitusiyasining qabul qilinishi va Mustaqil huquqiy davlat yaratilishida yangi davr.
Tayanch sо‘z va iboralar: «Qayta qurish». «Paxta ishi». Mustaqillik deklaratsiyasi. Prezident saylovlari. Mustaqillik. Davlat ramzlari. О‘zbekiston Konstitusiyasi. «О‘zbek modeli».
O‘zbekistonning eng yangi tarixi” o‘quv fanining predmeti, maqsadi va vazifalari, nazariy-metodologik tamoyillari.
Tarix fani ijtimoiy taraqqiyot va o‘tmishga oid har xil voqea- hodisalarning izchil rivojlanishi, ularning qachon, qayerda, qanday holatda yuz berganligi, insoniyatning paydo bo‘lishi va uning tadrijiy- evolyutsion rivojlanish jarayoni va boshqalarni o‘rganadi. Shuningdek, O‘zbekiston tarixi umumjahon-insoniyat tarixining ajralmas qismi hisoblanib, u olamshumul voqeliklarga juda boy. O‘zbekiston tarixi fani mana shu voqeliklarni boshidan kechirgan qadim va yaqin ajdodlarimizning hayoti qanday bo‘lganligi, jahon tarixi taraqqiyotiga qo‘shgan hissalarini xolisona va haqqoniy o‘rganadi.
Tarixiy haqiqat to‘la ro‘yobga chiqishi, haqqoniy tarix yozilishida tarix fanining predmeti va obyektini to‘g‘ri belgilanishi o‘ta muhim ahamiyatga ega. Chunki, O‘zbekiston tarixi fani uchun ham boshqa barcha fanlar qatori predmet va obyekt masalasi asosiy masala bo‘lib hisoblanadi. Zero, fan uning o‘rganish predmeti va obyekti aniq bo‘lmasa, uning oldidagi vazifa noaniq bo‘lib, maqsadga erishish mushkul bo‘ladi.
O‘zbekiston tarixi fani boshqa ijtimoiy va tabiat fanlaridan farqli o‘laroq mustaqil fan. Shuningdek, u barcha fanlar orasida alohida o‘z o‘rni va mavqega ega. U barcha fanlar tarixini ham o‘z ichiga olgan holda ularning rivojiga katta ta’sir etadi. Bu uning o‘rganish predmeti va obyekti hamda vazifasida to‘la namoyon bo‘lmog‘i kerak. O‘zbekiston tarixi fani o‘z xususiyatiga ko‘ra, birinchidan, o‘zining butun diqqat e’tiborini faqat o‘tmishga qaratadi, undan saboq beradi, xulosa chiqaradi, ajdodlarimizning moziyda qolgan hayot tarzini, ular yaratgan moddiy- madaniy, ma’naviy-mafkuraviy qadriyatlarni o‘rganadi.
Ikkinchidan, O‘zbekiston tarixi fani boshqa ijtimoiy fanlarga nisbatan aniq fan. U matematika usulidan keng foydalanadi. Tarixiy voqea va hodisalar qat’iy aniqlikda, davriy ketma-ketlik-xronologik asosda o‘rganiladi. Shuningdek, tarixiy
voqea va hodisalar, hujjat va dalillarning haqiqiy va haqiqiy emasligi, ular qachon, qayerda, qanday tarixiy muhit va sharoitlarda tarixan voqe’ bo‘lganligi aniqlanadi. Va nihoyat, bo‘lib o‘tgan voqeliklarning aniq sabab va oqibatlari, shu bilan birga, ularning aniq shakl-shamoyillari va holati aniqlanadi.
Uchinchidan, O‘zbekiston tarixi fani o‘tmishdagi iqtisodiy- ijtimoiy hayotning ahvoli, rivojlanishi va tanazzulining sabab hamda oqibatlarini o‘rganadi, ulardan kelajak uchun saboq va xulosa chiqaradi. Bu esa kelajak avlodlar uchun dasturilamal bo‘ladi.
To‘rtinchidan, O‘zbekiston tarixi fani ko‘p qirralik va xilma-xillik xususiyatiga ega. U jamiyat taraqqiyoti va inqirozlarining faqat bir tomoninigina emas, balki jamiyatning hamma tomonlarini uzviy o‘zaro bog‘liqlikda, bir butunlikda o‘rganadi. O‘zbekiston tarixi fani, O‘zbekistonning o‘tmishidagi va hozirgi hududida eng qadimgi davrlardan to hozirgacha kechgan voqeliklar, insoniyat hayoti, tabiat va jamiyat taraqqiyoti va tanazzulini tahlil qiladi. Uning o‘rganish predmetiga esa,mana shu makondagi jamiki xilma-xil voqea va hodisalar, ulardagi umumiy aloqadorlik va yaxlit birlik hamda qonuniyatlar hodisasi va jarayonlar, umuman, xalq va insonning yaratuvchanlik faoliyati kiradi. O‘zbekiston tarixi fanining o‘rganish makoni-obyekti O‘zbekistonning tarixidir.
Obyekt aniq tarixiy davr, makon, zamon va geografik mintaqaviy chegaralar, ma’lum bir xalq, millat, mamlakat tarixi bilan bog‘liq bo‘lib, shular doirasidagi voqea va hodisalarning bir butun va yaxlitlikda o‘z ichiga oladi. Predmet esa mana shu bir butun obyekt ichidagi aniq tarixiy- madaniy, ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlardan iboratdir.
Tarix fani boshqa, ayniqsa, ijtimoiy-gumanitar fanlari bilan mustahkam va uzviy aloqa birligida rivojlanadi. Shuning uchun ham, tarixchilar falsafani, adabiyot va tilni, dinshunoslikni va boshqa fanlarni bilmay turib, haqqoniy tarixni to‘la yoritib berolmaydilar.
Shuni ham aytish lozimki, tarix bilan boshqa ijtimoiy- gumanitar fanlarning o‘rganish obyekti bitta ya’ni jamiyatdir. Predmeti esa inson va tabiat. Shuning uchun ham boshqa fanlar tarix fani taraqqiyotiga, tarixiy haqiqatlarning ro‘yobga chiqishiga bevosita yordam beradi. Shuningdek,tarix fani ham boshqa soha fanlari rivojiga katta ta’sir etadi. Ammo, shuni ham ta’kidlash joizki, tarix boshqa fanlarni, shuningdek ijtimoiy- gumanitar fanlarning ham tarixidir. Chunki boshqa fanlarning hammasi ham, tarixmahsulidir.
Xulosa shuki, tarix fani ya’ni, O‘zbekiston tarixi millat va Vatan taqdirini ravnaq topishida muhim ahamiyatga ega. Masalaning mohiyati shundaki, birinchidan, ijtimoiy-gumanitar fanlarning rivojlanishi har jihatdan tarix fanining naqadar haqqoniy bo‘lishiga bog‘liqdir. Chunki ular tarix bilan bevosita bog‘liq. Ikkinchidan, tarix
falsafasi qanchalik to‘la va ravon yuzaga chiqsa, boshqa ijtimoiy-gumanitar fanlarning mazmun va mohiyati hamda ta’sirchanligi ham shuncha yuksak darajada bo‘ladi.
Tarix falsafasi deganda, tarix ya’ni o‘tmish tajribasi va sabog‘idan to‘g‘ri xulosa chiqara olish tushuniladi. Boshqacha aytganda, o‘tmish-tarixga qarab, kelajakni to‘g‘ri belgilay olish ham tarix falsafasini anglashni bildiradi.
Dostları ilə paylaş: |