Oʼzbekistonning eng yangi tarixi


-mavzu. Mustaqil Oʼzbekiston Respublikasining tashkil topishi va uning



Yüklə 0,69 Mb.
səhifə2/57
tarix17.05.2023
ölçüsü0,69 Mb.
#115648
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   57
O zbekistonning eng yangi tarixi

2-mavzu. Mustaqil Oʼzbekiston Respublikasining tashkil topishi va uning
tarixiy ahamiyati.


Reja:
1. Mustaqillik - o'zbek xalqining azaliy orzu-intilishi.
2. O’zbekiston davlat suverenitetining e’lon qilinishi.
3. O’zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining umumxalq
tomonidan ma’qullanishi.
Tayanch sо‘z va iboralar: Fan-texnika inqilobi. Intensiv va ekstensiv yo’l. Turg’unlik holati. «Qayta qurish». Oshkoralik. Milliy qadriyatlarning toptalishi. Norasmiy tashkilotlar. Farg’ona fojiasi. Davlat tili haqida Qonun. O’zbekistonda Prezident lavozimi. «Mustaqillik Deklaratsiyasi». Mustaqil davlatlar ittifoqini tuzish masalasi. FHDQ va uning bostirilishi.


Adabiyotlar rо‘yxati:

1. Mirziyoyev Sh.M. Tanqidiy tahlil, qat’iy tartib-intizom va shaxsiy javobgarlik – har bir rahbar faoliyatining kundalik qoidasi bo‘lishi kerak. Toshkent: O‘zbekiston, 2017.


2. Mirziyoyev Sh.M. Buyuk kelajagimizni mard va olijanob xalqimiz bilan birga quramiz. Toshkent.: О‘zbekiston. 2017.
3. Karimov I.A. O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida. –T.: O‘zbekiston, 2011.
2.Bobobekov H. Farg‘ona fojialari kundaligi // «Fan va turmush».1990, № 4-5.
3.Mustaqillik: Izohli ilmiy – ommabop lug‘at // R. Rо‘ziyev va Q. Xonazarov umumiy tahririda. Tо‘ldirilgan uchinchi nashri. –T.: Sharq, 1996.
4. Salimov O., Usmonov Q., G‘aniyev D. Yangi О‘zbekistonning 7 zafarli yili. –T.: Sharq, 1999. –B. 9-20, 40-46.
5.О‘zbekiston milliy ensiklopediyasi. 1, 2, 3 …12 jildlar.
6. О‘zbekistonning yangi tarixi. Ikkinchi kitob. О‘zbekiston sovet mustamlakachiligi davrida. – T.: Sharq, 2000. –B. 624-676.
7. О‘zbekiston tarixi / R. Murtazayeva umumiy tahriri ostida. –T.: Yangi asr avlodi, 2003. –B. 529-554.
8. Jo’rayev N. O’zbekistonning yangi tarixi. Uchinchi kitob. Mustaqil O’zbekiston tarixi. – To’ldirilgan, qayta nashr. –T.: G’afur G’ulom, 2013. –B. 8-87.
9. Usmonov Q. O’zbekiston tarixi. –T.: Iqtisod – moliya, 2006. –B. 374-400.
10. Shamsutdinov R. va boshq. Vatan tarixi. (Uchinchi kitob); R. Shamsutdinov, Sh. Karimov – T.: Sharq, 2010. –B. 440-472.

XX asrning 80 yillarida kelib O’zbekistonda xalqning azaliy orzusini amalga oshirish imkoniyati vujudga keldi. SSSRda iqtisodiyotning rivojlanish sura’ti tobora pasayib, sarf – xarajatlari ortib bordi. Mavjud imkoniyatlarni hisobga olmasdan ishlab chiqilgan ijtimoiy, oziq – ovqat, agrar, energetika, ekologiya va boshqa sohalardagi rejalar samara bermadi, iqtisodiy ziddiyatlarni chuqurlashtirib yubordi. Bunday vaziyatda O’zbekiston davlatining mustaqilikka intilishi kuchaydi.


Sobiq Ittifoqda yuzaga kelgan inqiroziy holat sabablariga quyidagilarni aytish mumkin. Xususan, XX asr ikkinchi yarmidan dunyoda ilmiy – texnikaviy yangiliklar sodir bо‘ldi. Bundan jahonning taraqqiy topgan davlatlari samarali foydalana boshladi. Mashina – fabrika ishlab chiqarishidan avtomatlashtirilgan kompleks ishlab chiqarishga о‘tib borildi. Ishlab chiqarishga hisob – kitoblar, yechimlar, nazorat va boshqarish vazifalarini bajaradigan elektron – hisoblash apparatlari, axborot texnikasi, robotlar kirib keldi va keng qо‘llanila boshlandi. Odamlar bajarib kelgan oddiy texnik, mexanik, og‘ir jismoniy ishlarni texnika vositalari bajaradigan bо‘ldi. Fan ishlab chiqarish kuchiga aylandi. Natijada ilg‘or mamlakatlarda ishlab chiqarishning samarasi oshib, intensiv taraqqiyot yо‘liga kirdi. Moddiy ishlab chiqarishda ishlovchilar soni qisqarib, xizmat kо‘rsatish sohasida, tibbiyot, ta’lim, ilmiy faoliyatda band bо‘lganlar soni oshib bordi. Axborot texnikasi tibbiyot, fan, ta’lim va boshqa xizmat kо‘rsatish sohalarida keng qо‘llanila bordi. Inson texnik, mexanik va og‘ir jismoniy ishlarni bajarishdan ozod bо‘lib, о‘zini mazmunli, ijodiy ishlarga bag‘ishladi. Pirovardida turmush saviyasi tobora yaxshilanib bordi.
Bu davrda sovet davlatida esa ilmiy – texnika inqilobidan foydalanish yetarli darajada yо‘lga qо‘yilmadi. Mamlakat katta tabiiy resurslarga ega bо‘lsada, xо‘jaliklar ularning yetishmovchiligiga duch keldi. Kо‘pgina mamlakatlar fan – texnika inqilobi tufayli xalq turmushida jiddiy ijobiy burilishga erishgan bir paytda SSSR bu jarayondan orqada qolib ketdi.
Ishlab chiqarish texnologiyasi eskirgan, mahsulotlarning sifati past, ular sotilmasdan omborlarda tо‘planib qolayotgan edi. Ma’muriy – buyruqbozlik tizimi, iqtisodiyotga partiyaviy rahbarlik va uning mafkuralashtirilishi iqtisodiyotni isloh qilish yо‘lidagi urinishlarni yо‘qqa chiqarar edi. Ijtimoiy ehtiyojlarga mablag‘ ajratishda qoldiq prinsipi va taqsimotda tekischilik hukmron edi. Bular aholining mehnatga qiziqishi va faolligini susaytirdi, boqimandalik, ichkilikbozlik, chayqovchilik, poraxо‘rlik kabi yaramas illatlarni keltirib chiqardi.
Buyruqbozlik boshqaruv usuli, mamlakatda keng tarqalgan qog‘ozbozlik, majlisbozlik illatlari iqtisodiyotning о‘z qonunlari va vositalari asosida rivojlanishiga tо‘sqinlik qilmoqda edi. Odamlar mulkdan begonalashtirilgan, shu tufayli loqaydlik yuzaga keldi.
Qayta qurish siyosati boshlanishi KPSS MK Bosh kotibi Mixail Sergeyevich Gorbachev va KPSS Markaziy Komitetining 1985 yil 25 aprel plenumi bilan bevosita bog‘liqdir. Bu siyosat SSSRda totalitar tizimni isloh yо‘li bilan о‘zgartirishga qaratilgan harakatni bildirgan. Qayta qurish siyosatining maqsadi va vazifasi mamlakatda tо‘planib qolgan ijtimoiy – siyosiy, iqtisodiy, madaniy va mafkuraviy sohalardagi muammolarni «qayta qurish» yо‘li bilan hal etishdan ibo­rat bо‘lgan.
Qayta qurish 1985 – 1990 yillarni о‘z ichiga olib, ikki bosqichga bо‘linadi. Birinchi bosqich (1985 – 1987) ma’muriy – tashkiliy tadbirlarning an’anaviy usullarda olib borilishi bilan izohlandi. Ushbu bosqichda asosiy vazifalar ilmiy – texnika taraqqiyoti yutuqlarini ishlab chiqarishga jalb etish asosida jamiyatda tub iqtisodiy taraqqiyotni jadallashtirish va uning asnosida inson omilini faollashtirishga qaratilgan edi.
Qayta qurishning dastlabki davrlarida asosiy e’tibor mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishga yо‘naltirildi. Biroq bunday jarayonning rivoji ijtimoiy munosabatlarni takomillashtirishni talab qildi. Shuning uchun 1986 yilda qayta qu­rish va ijtimoiy munosabatlar masalasiga alohida e’tibor berildi. Bunday siyosatning markazida esa jamiyatni demokratlashtirish, ma’muriy – buyruqbozlik va byurokratizmga, qonunsizlikka qarshi kurash turar edi. Natijada jamiyat ijtimoiy – siyosiy, iqtisodiy, madaniy hayotida ma’lum о‘zgarishlar rо‘y bera boshladi, kishilarning ijtimoiy faolligi oshdi, demokratiya sari qadam tashlandi, milliy о‘zlikni anglash jarayoni yuz berdi. Ammo tub о‘zgarishlarni, barcha sohalarda haqiqiy islohotlarni amalga oshirish yо‘lidagi urinishlar muvaffaqiyat qozonmadi. 1986 yildan boshlab mamlakat iqtisodiy ahvoli battar yomonlasha boshladi, 1987 yil yanvaridan ishlab chiqarish sur’atlari keskin pasaya bordi, iqtisodiyotda inqirozli holat yuzaga keldi. Qayta qurishning birinchi bosqichi shu tarzda mag‘lubiyat bilan yakun topdi.
1987 – 1990 yillar esa qayta qurishning ikkinchi bosqichi bо‘lib, enlikda jamiyatning barcha jabhalarini kompleks tarzda isloh qilishni kun tartibiga qо‘ydi. Jumladan, bu davrda sovet jamiyatini demokratlashtirish masalasi asosiy vazifa, deb ta’kidlandi. Demokratlashtirish jarayoni jamiyatni ma’lum darajada uyg‘otdi, ijtimoiy faollik ortdi. Saylovlarning muqobil nomzodlar ishtirokida, alternativ asosda olib borilishi ijobiy holat edi, bundan tashqari SSSRda saylov tizimini о‘zgartirish tо‘g‘risidagi Qonun (1988 yil dekabri) ning qabul qilinishi ham jamiyat a’zolari ijtimoiy faolligini oshirishda ma’lum ahamiyat kasb etdi. Biroq Ittifoqda tub demokratik о‘zgarishlarni amalga oshirish, boshlangan islohotlarni oxiriga yetkazish mumkin bо‘lmadi. Bu ikki sabab bilan izohlanadi. Birinchidan, qayta qurishning aniq, izchil, ilmiy jihatdan puxta ishlab chiqilgan dasturi yо‘q edi. Ikkinchidan, partiya rahbarlari bundan manfaatdor emasdilar.
Xullas, M.S. Gorbachev boshchiligida KPSS rahbariyatining bir qismi tomonidan boshlangan qayta qurish siyosati mamlakat hayoti va umuman jahonda ma’lum о‘zgarishlar sodir bо‘lishiga olib keldi (oshkoralik, siyosiy plyura­lizm, «sovuq urush»ning tugashi va h.k.). Qayta qurishni amalga oshirishdagi qarama – qarshilik va noizchilliklar natijasida 80 – yillarning oxiri – 90 – yillarning boshidan mamlakat hayotining barcha sohalarida bо‘hronlar kuchayib ketdi. Qayta qurish sobiq SSSRda tо‘planib qolgan muammolarni tо‘la hal etishga xizmat qilmadi. Mustaqillik, demokratiya va erkinlik g‘oyalariga tо‘g‘ri kelmaganligi tufayli ham amaliy samara bermadi. Oxir oqibatda KPSS ning halokati va SSSR ning tugashiga muayyan turtki bо‘ldi.
XX asrning 80 – 90 – yillarda sovet hokimiyati tomonidan mavjud turg‘unlik holatidan chiqish, shuningdek, sobiq ittifoqdosh respublikalarning mustaqillik yо‘lidagi harakatlarini bartaraf etish, sobiq SSSRda yuzaga kelgan inqirozli harakatlar sabablarini ittifoqdosh respublikalardan qidirish, ularni ayblash uchun turli nayranglar, «siyosiy о‘yinlar» о‘ylab chiqdilar.
Qayta qurish millatlararo munosabatlarning keskinlashuvida ham о‘z aksini topdi. Uzoq yillar davomida tо‘planib, shakllangan ijtimoiy – iqtisodiy, siyosiy, madaniy sohadagi muammolarning millatlararo munosabatlarga ta’sir etmasligi mumkin emas edi.
1989 yil may – iyun oylarida Farg‘ona, Toshkent viloyatlarida va Andijon shahrida millatlararo mojarolar rо‘y berdiki, u respublikada va butun mamlakatda g‘oyat darajada katta shov – shuvga sabab bо‘ldi hamda respublikada siyosiy vaziyatning keskin tus olishiga olib keldi. Ma’lumki, ikkinchi jahon urushi yillarida mustabid tuzum tomonidan deportatsiya qilingan bir qator xalqlar qatorida mesxeti turklari ham bо‘lib, ular asosan aholi zich yashaydigan Farg‘ona viloyatiga, bir qismi Andijon, Namangan va Toshkent viloyatlariga joylashtirilgan, buning oqibatida esa ijtimoiy – iqtisodiy va millatlararo munosabatlarda qо‘shimcha muammolar yuzaga kelgan edi. Bu muammoga sovet davlati о‘z vaqtida e’tibor bermadi. Aksincha, «rivojlangan sotsializm» davriga kelib SSSRda «milliy masala butunlay hal qilindi» deb «tantana» qilindi.
Ammo 1989 yil 24 mayda Quvasoy shahrida yoshlar о‘rtasida bо‘lgan bezorilik millatlararo (mahalliy yoshlar bilan mesxeti turklar о‘rtasida) tо‘qnashuvni keltirib chiqardi va bu mojaro Farg‘ona vodiysida ommaviy tus oldi. Respublikaning siyosiy rahbariyati yuzaga kelgan bu murakkab vaziyatni tо‘g‘ri baholay olmadi. Natijada, oddiy mojaro Farg‘ona, Marg‘ilon, Toshloq, Qо‘qon, Andijon, Namangan, Toshkentda aholining, ayniqsa, yoshlarning ommaviy chiqishlariga, millatlararo tо‘qnashuvlarga sabab bо‘ldi.
Farg‘ona fojialari haqida respublika matbuotida va boshqa ommaviy axborot vositalarida tо‘g‘ri ma’lumot berilmaganligi, bu mojarolarning kelib chiqishida asosan «mahalliy aholi aybdor» deb bir tomonlama va noxolis baholanishi vaziyatni yanada keskinlashtirdi. 11 iyunda Toshkent shahrida ishlayotgan va о‘qiyotgan farg‘onalik yoshlardan 100 ga yaqini markaziy maydonda namoyish uyushtirib, Farg‘ona voqealari haqida «notо‘g‘ri» ma’lumot berishlarga qarshi fikr bildirdilar va boshqa bir qator talablar qо‘ydilar. Bunday ommaviy chiqishlarga, kommunistik mafkura tartibiga qarshi borishlarga «kо‘nikmagan» mustabid tuzum siyosiy rahbariyati namoyishchilarga qarshi harbiy qism tashladi. 1989 yil 8 iyunda Qо‘qonda tinch namoyishchilar ana shu harbiy qism askarlari tomonidan о‘qqa tutildi, natijada 50 dan ziyod namoyishda qatnashgan aholi halok bо‘ldi (ularning kо‘pchiligi yoshlar edi), 200 dan ortig‘i esa yarador qilindi. Umumn, 3 – 12 iyun kunlari Farg‘ona viloyatida bо‘lgan millatlararo tо‘qnashuvlar va ularni harbiylar tomonidan о‘qqa tutilishi oqibatida 103 kishi halok bо‘lgan, 1009 kishi jarohatlangan va 650 xonadonga о‘t qо‘yilib, vayron qilingan.
Farg‘ona fojialariga taalluqli ma’lumotlarning taxlili shuni kо‘rsatadiki, mesxeti turklari uchun bu mojaro mustabid tuzum aybi bilan urush davrida majburan tashlab chiqilgan ona vatanlariga qaytib borishlari uchun bahona sifatida kerak bо‘lgan. Mahalliy aholi esa bu mojaroga tabiiy ravishda qо‘shilib ketgan. Voqealarning keng miqyos va fojiali tus olganligi sababli sovet va ma’muriy organlar mesxeti turklarini Farg‘onadagi harbiy qism poligonidagi lagerga hamda Tojikistonning Leninobod viloyati Asht tumanidagi Novgarzon posyolkasiga shoshilinch kо‘chiriladi. Minglab odamlarni bunday lagerlarda uzoq saqlab bо‘lmas edi. Shuning uchun 16.282 kishi Farg‘ona viloyatidan Rossiyaning Smolensk, Orlovsk, Kursk, Belgorod va Voronej viloyatlariga kо‘chirib olib borib joylashtirildi.
Farg‘onada uyushtirilgan siyosiy ig‘vogarlik Tbilisi, Tog‘li Qorabog‘, Bokuda tashkil etilgan ig‘vogarliklardan biri edi. Keyinchalik 1990 yil fevral – mart oylarida Bо‘ka va Parkent, 1990 yil iyunda О‘sh va О‘zganda ham shunday urinishlar bо‘ldi. Yovuz kuchlar о‘z maqsadiga erisha olmadilar. О‘zbekistonning yangi rahbariyati tomonidan kо‘rilgan chora – tadbirlar natijasida keskinlik bartaraf qilindi.
XX asr 90 – yillariga kelib jahon va sobiq ittifoqdagi о‘zgarishlar hamda yuzaga kelgan vaziyat о‘zbek xalqining mustaqillik uchun bо‘lgan kurashini tezlashtirib yubordi. Bu о‘rinda О‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining 1989 yil 23 iyundagi plenumi va unda Islom Karimovning birinchi kotib etib saylanishi juda katta ahamiyat kasb etdi. Ushbu anjumanda I. Karimov О‘zbekistonning sobiq Ittifoqda tutgan о‘rni va rolini aniq – ravshan belgilab berdi, madaniy merosni va tarix haqiqatini tiklash, milliy urf – odatlar va an’analarni rivojlantirish obyektiv zarurat ekanligini isbotladi.
XX asrning 80 – yillari oxirlariga kelib SSSRning parchalanishi real obektiv haqiqatga aylanib qoldi. Bu jarayonni о‘zbek tiliga davlat maqomi berilishi ayniqsa tezlatib yubordi. 1989 yil 21 oktabrda О‘zbekiston Oliy Sovetining XI sessiyasi «О‘zbekiston SSRning davlat tili haqida»gi Qonunni qabul qildi. О‘zbek tili davlat tili deb e’lon qilindi. Ish yuritish sekin – asta о‘zbek tiliga о‘tkazila boshlandi, uni о‘rganishni yaxshilash yuzasidan aniq chora – tadbirlar belgilandi. Ayni vaqtda rus tilini va respublikada yashovchi boshqa xalqlarning tillarini о‘rganish uchun shart – sharoitlar yaratilishi lozim edi, tilni о‘rganishning ixtiyoriyligi va uni tanlash huquqi qonunda belgilab qо‘yildi. Bu qonunning qabul qilinishi о‘zbek xalqi, shu xalq milliy о‘z – о‘zini anglashining о‘sishi, respublikada millatlararo hamjihatlikning saqlanib qolishi uchun juda katta ahamiyatga ega bо‘ldi. Davlat tili haqidagi qonun qabul qilinganidan sо‘ng milliy о‘zlikni anglash, milliy davlatchilikni tiklash yо‘lida respublikada yana bir tarixiy ahamiyatga ega bо‘lgan muhim siyosiy qadam qо‘yildi.
1990 yil 23 martda О‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining Plenumida respublika siyosiy tizimi tо‘g‘risidagi masala kо‘rib chiqildi. Unda О‘zbekistonda hokimiyatning Prezidentlik boshqaruvi shakliga о‘tishi respublika suvereniteti va davlatchiligida mohiyatan yangi bosqich ekanligi ta’kidlandi.
1990 yil 24 mart kuni О‘zbekiston SSR Oliy Sovetining XII chaqiriq 1 – sessiyasi SSSR doirasida birinchi bо‘lgan siyosiy hujjatni — «О‘zbekistonda Prezidentlik boshqaruvi ta’sis etish tо‘g‘risida»gi qarorni qabul qildi va О‘zbekiston Kompartiyasi MK birinchi kotibi Islom Abdug‘aniyevich Karimov О‘zbekiston SSR Prezidenti etib saylandi. Shu tariqa, О‘zbekiston — SSSR respublikalari ichida birinchi bо‘lib о‘zining milliy huquqiy va demokratik davlatiga mustahkam zamin yaratdi.
О‘zbekistonning mustaqillikka erishishida qо‘yilgan navbatdagi muhim qadamlardan biri bu – 1990 yil 20 iyunda respublika Oliy Soveti tomonidan «Mustaqillik Deklaratsiyasi»ni qabul qilinishi edi. Mazkur hujjat О‘zbekiston qonunlarining Ittifoq qonunlaridan ustuvorligini ta’minladi. Shu bilan birga, «Mustaqillik Deklaratsiyasi» О‘zbekistonning 1991 yil 31 avgustga qadar mavjud bо‘lgan boshqaruv, huquqiy faoliyatini ta’minladi, barcha sohada mustaqil siyosat olib borish imkonini berdi. Deklaratsiyada har bir millatning о‘z taqdirini о‘zi belgilash huquqidan kelib chiqqan holda, xalqaro huquq qoidalariga, umumbashariy qadriyatlariga va demokratiya tamoyillariga asoslanib О‘zbekiston SSRning davlat suvereniteti e’lon qilindi.
Deklaratsiyaning qabul qilinishi bilan О‘zbekistonda respublikaning iq­tisodiy va siyosiy h­ayotiga doir masalalar musta­qil tarzda ­hal q­ilina boshlandi.
Shunday bir tarixiy sharoitda sobiq SSSRdagi siyosiy vaziyat keskinlashib bordi. XX asrning 90 – yillari boshlarida Ittifoq tarkibidagi kо‘pchilik respublikalar mavjud vaziyatni о‘zgartirishni talab qilisha boshladi. 1990 yil bahorida Sovet Sotsialistik Respublikalari hisoblangan Boltiqbо‘yidagi Litva (11 mart), Latviya (4 mayda), Estoniya (8 may), keyinroq Gruziya (oktabr) va Ozarbayjon (1991 yil fevral) Ittifoq tarkibidan chiqqanligini e’lon qildi. Bu holat SSSRning davlat butunligiga jiddiy ta’sir kо‘rsatdi.
1991 yil aprelda Kiyevda Ukraina, Rossiya, Belorus, О‘zbekiston, Qozog‘iston respublikalari rahbarlarining uchrashuvi bо‘ldi. Uchrashuvda mustaqil respublikalar manfaatlariga mos keladigan Ittifoq shartnomasini tuzishga yondashish yо‘llari ishlab chiqildi va tegishli bayonot imzolandi. Bu hujjatni Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston Respublikalari ham imzolashga rozilik bildirdi. Markaz yon berishga majbur bо‘ldi.
1991 yilga kelib О‘zbekistonda respublikaning davlat mustaqilligiga doir mutlaqo yangi davlat ramzlari tayyorlash va qabul qilish borasida dadil ishlar qilina boshlandi. 1991 yil 15 fevralda О‘zbekiston Oliy Kengashi «О‘zbekistonning davlat ramzlari tо‘g‘risida» maxsus qaror qabul qildi.
О‘zbekistonning о‘z suvereniteti uchun kurashi, avvalo, respublikada qabul qilingan har bir qonunning mazmuni va mohiyati jihatidan sobiq Ittifoq qonunlaridan tubdan farq qilishida, bundan tashqari, har bir qonun avvalgidek Ittifoq qonuniga moslashtirib emas, balki respublika manfaati ifoda etilganligi bilan ajralib tura boshladi. Xususan, 1991 yilning 22 iyo’lida О‘zbekiston SSR Oliy Kengashi Prezidiumining «О‘zbekiston SSR hududida joylashgan Ittifoqqa bо‘ysunuvchi davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlarini О‘zbekiston SSRning huquqiy tobeligiga о‘tkazish» tо‘g‘risida qabul qilgan qarori ham О‘zbekiston SSR Prezidenti I.A. Karimov, О‘zbekiston SSR Oliy Kengashi va hukumati О‘zbekistonning siyosiy – iqtisodiy mustaqilligi, uning milliy suvereniteti uchun dadil qadamlar tashlaganligining isboti edi.
1991 yilning aprel oyiga kelib, Markaz о‘zining ta’sir doirasini saqlab qolish maqsadida mustaqil davlatlar ittifoqini tuzishga intildi. 1991 yil aprelda Novo – Ogoryovoda SSSR Prezidenti M.S. Gorbachevning 9 respublika rahbarlari bilan uchrashuvi bо‘ldi. Ishtirokchilar tomonidan «Mamlakatdagi vaziyatni barqarorlashtirish va tanglikni bartaraf etishga doir kechiktirib bо‘lmaydigan choralar tо‘g‘risida» qо‘shma Bayonot imzolandi. Bu hujjat «9 + 1» (9 respublika + Markaz) degan nomni oldi. Uning mazmuni markazning yon berganini, Kiyevda bildirilgan fikr – mulohazalarga rozi bо‘lganini kо‘rsatadi.
1991 yil 3 iyunda Novo – Ogoryovoda SSSR Oliy Soveti vakillari bilan Respublika rahbarlari о‘rtasida uchrashuv bо‘ldi. Uchrashuvda Mustaqil davlatlar ittifoqi (MDI) tuzish masalasi muhokama qilindi. Mulk, til va yangi shartnomani tasdiqlash tartibi tо‘g‘risida keskin munozara bо‘ldi. Uchrashuvda ishtirokchilarning fikr – mulohazalari asosan inobatga olingan «Mustaqil davlatlar ittifoqi tо‘g‘risida shartnoma» loyihasi ishlab chiqildi. Loyiha barcha Respublikalar Oliy Sovetlariga muhokama uchun jо‘natildi.
Mazkur shartnoma loyihasi О‘zbekiston Oliy Sovetida 1991 yil 14 iyunda muhokama qilindi. Kengash Federatsiya tamoyillari asosida Mustaqil Davlatlar Ittifoqini tuzish tarafdori ekanligini bildirdi. Shu bilan birga u Respublikalar vakolatlarini yanada kengaytirishga doir takliflarni ilgari surdi.
1991 yil iyul oyining oxirlarida Novo – Ogoryovoda yangi shartnoma loyihasini uzil – kesil tayorlash uchun Markaz vakillari va Respublika rahbarlarining uchrashuvi bо‘ldi. Markazni ham, Respublikalar rahbarlarini ham qanoatlantiradigan «Mustaqil Davlatlar Ittifoqi tо‘g‘risida shartnoma» loyihasi tayyorlandi. Ammo hamma rozi bо‘lgani holda «Mustaqil Davlatlar Ittifoqi tо‘g‘risidagi shartnoma»ni imzolash 1991 yil 20 avgust kuniga qoldirildi. SSSR Prezidenti M.S. Gorbachev Foros (Qrim)ga dam olish uchun jо‘nab ketdi.
Biroq ittifoqning kompartiya va markaziy davlat apparatidagi bir necha nufuzli rahbarlar markazning yakka hokimligini cheklaydigan va kamida olti respublikani Ittifoqdan chetda qoldiradigan bu shartnomaga qо‘shila olmadi. Bu rahbarlar oliy hokimiyat mahkamalaridagi asosiy lavozimlarni egallab turar edi. Prezident M. Gorbachev dam olishga ketganidan foydalanib, ular 1991 yil 18 avgust kuni tayyorlangan va 19 avgustda matbuotda e’lon qilingan «Sovet rahbariyatining Bayonoti»da M.S. Gorbachevning salomatligi yomonlashdi, shu sababli uning SSSR Prezidenti vazifalarini ijro etish imkoniyati yо‘q, degan soxta axborot bilan chiqdilar. Bayonotda Prezident vakolatlari vitse – prezident G.I. Yanayevga о‘tkazilganligi e’lon qilindi. Aslida esa Prezident M.S. Gorbachyov sog‘ – salomat edi, ammo о‘zini himoya qila olmadi. Fitnachilar noqonuniy ravishda uni о‘z vazifasidan chetlashtirdi va mamlakatdan, xalqdan, dunyodan ajratib, barcha aloqa vositalarini uzib, 72 soat qamal qilib qо‘ygan edi. Fitnachilar tomonidan mamlakatni idora qilish uchun SSSRda Favqulodda holat davlat qо‘mitasi (GKCHP) tuzildi.
1991 yil 18 avgustda mamlakatda favqulodda holat e’lon qilindi. Favqulodda holat davlat qо‘mitasi faoliyatiga qarshi B.N. Yelsin boshchilik qildi. Uning farmoni bilan 1991 yil 22 avgustda KPSS faoliyati tо‘xtatiladi, keyinchalik taqiqlab qо‘yiladi. Ammo KPSS Markaziy Qо‘mitasi joylardagi partiya qо‘mitalaridan tо‘ntarishni qо‘llab – quvvatlashni talab qildi. Moskva va boshqa bir necha yirik shahar kо‘chalariga qо‘shinlar, shu jumladan tanklar kiritildi, deyarli barcha markaziy gazetalar ta’qiqlab qо‘yildi, markaziy televideniyaning birinchi kanalidan boshqa barcha kanallari, deyarli barcha radiostansiyalar ishi tо‘xtatildi.
Shuni ta’kidlash lozimki, mamlakat aholisining kо‘pchiligi Favqulodda holat davlat qо‘mitasidan yuz о‘girdi, armiya payt poylash pozitsiyasida turdi. 20 avgustdayoq qarshilik markaziga aylangan RSFSR Oliy Kengashi binosi atrofida barrikadalar paydo bо‘ldi, ularda о‘n minglab kishilar himoyada turdi. Harbiy bо‘linmalarning bir qismi mudofaachilar tarafiga о‘tdi. 21 avgustda fitnachilar mag‘lubiyatga uchradi, 22 avgustda esa Favqulodda holat davlat qо‘mitasi (GKCHP) a’zolari qamoqqa olindi. Shundan sо‘ng tо‘ntarishni qо‘llab – quvvatlagan KPSS rahbariyati bu partiyaning obrо‘sini uzil – kesil yerga urdi. Favqulodda holat davlat qо‘mitasining mag‘lubiyatidan sо‘ng mamlakatda kommunizmga qarshi ommaviy namoyishlar bо‘lib о‘tdi. KPSSning faoliyati tо‘xtatib qо‘yilgach, partiyaning qariyb 15 million a’zosidan birontasi bu qarorga qarshi norozilik bildirish uchun kо‘chaga chiqmadi. Bu, mazkur partiya 1991 yil yozidagi qiyofasida umri tugaganidan dalolat beruvchi ramziy holat edi.
Moskvada fojiali hodisalar rо‘y bergan paytda О‘zbekiston birinchi prezidenti I.A. Karimov rasmiy safar bilan Hindistonda edi. U 1991 yil 19 avgustda safardan qaytib keldi va shu kuni kechqurun Toshkent shahrining faollari bilan uchrashib, qat’iy tarzda О‘zbekiston nuqtai nazarini ma’lum qildi. Respublika rahbariyati Markazdan beriladigan qonunga xilof bо‘lgan har qanday kо‘rsatmalarni bajarishni man etdi. 20 avgustda О‘zbekiston SSR Oliy Kengashi Rayosati va О‘zbekiston SSR Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri rahbarlari ishtirokida qо‘shma majlisi bо‘ldi. Unda fitna munosabati bilan vujudga kelgan vaziyat muhokama qilinib, О‘zbekistonning mustaqillikka erishish yо‘li о‘zgarmasligi haqida Bayonot qabul qilindi.
1991 yil 21 avgust kuni О‘zbekiston birinchi prezidenti I. Karimovning Farmoni bilan Favqulodda holat davlat qо‘mitasining О‘zbekiston Konstitusiyasi hamda qonunlariga zid keladigan qarorlari va farmonlari noqonuniy deb e’lon qilindi.
Islom Karimov Favqulodda holat Davlat Qо‘mitasi faoliyatiga о‘z munosabatini bildirmagan, qо‘rqoq va prinsipsiz mavqeda turgan KPSS Markaziy Qо‘mitasi Siyosiy Byurosi va Kotibiyati yuz minglab kommunistlarning sha’ni va qadr – qimmatini zarba ostiga qо‘yganini qoraladi. Buning ustiga respublika kommunistlarini chalg‘itishga va davlat tо‘ntarishini qо‘llab – quvvatlashga majbur qilishga urinish bо‘lganini oshkora aytdi. I. Karimov bundan buyon KPSS Markaziy Qо‘mitasi Siyosiy Byurosining tarkibida qola olmasligi tо‘g‘risida bayonot berdi. Mazkur bayonotni О‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qо‘mitasi byurosi va Markaziy nazorat komissiyasi rayosati ma’qulladi.
О‘zbekiston birinchi Prezidentining 1991 yil 25 avgustdagi Farmoniga binoan Respublika ichki ishlar vazirligi va Davlat xavfsizligi qо‘mitasi qonuniy ravishda О‘zbekiston tasarrufiga olindi. Respublika hududida joylashgan SSSR ichki ishlar vazirligining ichki qо‘shinlari bevosita О‘zbekiston Prezidentiga bо‘ysundirildi. Respublika ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik qо‘mitasi, prokuraturasi, adliya organlari, ichki qо‘shinlar, Turkiston harbiy okrugi qismlari va qо‘shilmalari partiyadan butunlay xoli qilindi.
O’`zbekiston Respublikasining birinchi prezidenti I. Karimov Oliy Kengash sessiyasini chaqirish va unda O’zbekiston mustaqilligi haqida Qonun qabul qilish masalasini keskin qo`ydi. Chunki har bir milliy respublikaning chinakam teng huquqliligi va mustaqilligi ta'minlangandagina tanazzuldan chiqish mumkin edi. Buning uchun mustaqillik yolidagi barcha to‘siglar olib tashlanishi, har bir respublika so`zda emas, balki amalda tenglar orasida teng lozim edi.
Ayni shu maqsadlarni ko`zlab, O’zbekistonOliy Kengashining XII chaqiriq navbatdan tashqari sessiyasi 1991-yil 31-avgustda o`z ishini boshladi. O`zbekistonning mustaqil davlat deb e'lon qilinishida mazkur sessiya katta tarixiy ahamiyat kasb etishini alohida ta'kidlash lozim. Unda «O`zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi to`g`risida»gi hamda «O`zbekiston Respublikasining Davlat bayrog`i to'ggrisida»gi masalalar kun tartibiga qizg`in muhokama qilindi. O’zbekistonRespublikasining davlat mustaqilligi to`g`risida birinchi prezident I. Karimov ma'ruzasi tinglandi. U o`z nutqida 1991-yil o`rtalarida markaziy hukumat olib borayotgan ichki siyosatni tahlil 19-21-avgust kunlari Moskvada Favqulodda Holat Davlat Komiteti a'zolarining fuqarolar boshiga azob-uqubatlar solishga intilishganini, butun-butun xalqlarning ozodligini, respublikalar mustaqilligini yana kishanlamoqchi bo'lganliklarini ro`yi rost ochib tashladi. Alg`ov-dalg`ovli kunlarda ham O`zbekistonning o`z yo`li va maqsadi borligini, bu xalq manfaatiga mos yo'l ekanligini, qan-day qilib bo'lmasin, undan qaytmaslik lozimligini aytdi. Shuningdek, ma'ruzada mustaqil davlatlar maqomiga to`xtalib: «Bo`lajak Mustaqil davlatlar... erkin, mustaqil va teng huquqli bogib qolishlari, o'ziarining milliy davlat tuzish, tashqi bozorga chiqish, o'zi ma'qul topgan barcha mamlakatlar bilan xalqaro munosabat o`rnatish, diplomatik va konsullik alogalari masalalarini mustaqil hal etishlari kerak. Yana ta'kidlab aytaman, bu hech kimning buyrug'isiz va aralashuvisiz mustaqil amalga oshirilishi kerak. Mana shu sharoitga, sabablarga asoslanib, xalqimiz xohish-irodasini bajo keltirib, Oliy Kengash diqqatiga faqat bir masalani qo`ymoqchiman: O`zbekistonning mustaqilligi haqidagi Qonunni muhokama etish va uni qabul qilishni taklif etaman. Bu qonunda qadimiy va yangilanayotgan diyorimizda istiqomat qilayotgan barcha kishilarning xohish-irodasi o`z ifodasini topgan. Xalqimizning bu ezgu xohish-irodasi biz uchun muqaddasdir», — degan fikr bildirildi. Oliy Kengash deputatlari moddama-modda muhokamadan so`ng «O`zbekiston Respublikasining Davlat Mustaqilligi to`g`risida»gi qonunni qabul qildilar.
So`ngra Respublika Davlat Mustaqilligi to`g`risidagi Bayonot qabul qilindi. O’zbekiston SSRning nomi O’zbekiston Respublikasi deb o`zgartirildi. Mustaqillik e' lon qilingan kun 1-sentabr 1991-yildan boshlab milliy bayram va dam olish kuni, deb e'lon qilindi. O’zbekiston Respublikasi mustaqilligi haqidagi bu hujjatlar o`zbek xalqining asriy orzusi ro`yobga chiqqanligining huquqiy ifodasi bo'ldi.

Yüklə 0,69 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   57




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin