Volodar Viktorovich Krayevskiy (1931). Didaktika fani tadqiqot predmetini o`qituvchi va o`quvchilarning o`zaro ta`siri nuqtayi nazaridan o`rgangan olimlardan biri V.V.Krayevskiydir. O`qitish va o`qishning birligi ta`lim mohiyatini o`zida aks ettirib, uning yaxlitligini ta`minlaydi, bu jarayondagi munosabatlar, bog`lanishlarni aniqlaydi. O`qitish va o`qishning o`zaro ta`siri, bog`liqligi invariant xarakterda bo`lib, u birlamchi hodisadir. O`zaro ta`sir ta`lim paydo bo`lgandan tortib to hozirgi kunlargacha o`z ijtimoiy mohiyatini saqalb kelmoqda. Ta`limning borishi, uning amal qilishiida bir-biriga kirishadigan ikki faoliyat o`qitish va o`qish faoliyatlarining o`zaro uyg`unlashuvi, muvofiqlashuvi shart. Bu ikki faoliyatning o`zaro ta`siridan uchinchi bir shirkat faoliyat ta`lim yuzaga keladi.
V.V.Krayevskiy ta`limning shirkat xarakteridan kelib chiqib, uning jarayoniy va mazmuniy tomonlarini ajratadi: o`zaro ta`sir ma`lum vaqt ichida zuhur etadi, ma`lum akt, bosqichlarda amal qiladi. Uning boshlanishi, o`rtasi va oxiri (natijasi) mavjud. Shuningdek, o`zaro ta`sir ma`lum mazmun asosida yuz beradi. Ta`limga olib kirilgan o`quv materiali ta`limning mazmuniy nuqtayi nazaridir.
Ta`limni yuzaga chiqaradigan faoliyatlar-o`qitish va o`qish bu jarayonning ikkala sub`yektiga daxldor. V.V.Krayevskiyning yozishicha, ta`lim jarayoni mohiyatini tushunish uchun o`qitish va o`qish faoliyatlarining xususiyatlarini anglash nihoyatda zarur.
O`qitish-alohida olingan o`qituvchi faoliyatining jami, uning xatti-harakatlari yig`indisi emas. Aksincha, u o`qitish ishlari bilan mashg`ul shaxslarning barchasi uchun umumiy faoliyatdir. Yanada umumiylashtirib aytganda, o`qitish bashariyat faoliyatining alohida sohasidir. Xuddi shunga o`xshab, o`qish ham alohida Vali yoki Vanyaning faoliyati emas. Aksincha, o`qish ham o`rganish, izlanish ishlari bilan mashg`ul yoshlarning faoliyatidir. Shu tezislarga asoslanib, V.V.Kraeyvkiy o`qitishni ham, o`qishni ham jamoa (kollektiv) sub`yektlarning faoliyati sifatida sharhlaydi.
O`qitish va o`qishni ikki jamoa (kollektiv) suby`ekt faoliyati sifatida tavsiflash, o`z navbatida, didatikada quyidagicha yangi qarashalarning shakllanishiga sabab bo`ladi.
Birinchidan, didaktika alohida o`qituvchining faoliyati bilan shug`ullanmaydi. U o`qitish ishlari bilan mashg`ul barcha o`qituvchilar faoliyatining umumiy tomonlarini o`rganadi. Alohida olingan o`qituvchining faoliyati, qobiliyati, tafakkuri, inidividual xususiyatlarini psixologiya o`rganadi. Shuningdek, didaktika alohida o`quvchining faoliyatini emas, aksincha, o`qish ishlari bilan mashg`ul yoshlar faoliyatining umumiy tomonlarini tadqiq qiladi. Ta`limning ruhiyaviy tomonlari (xotira, tafakkur, emotsiyalar va sh.k.)ni sharhlashda didaktika psixologiya fani yutuqlariga tayanadi. Psixologiya didaktika uchun amaliy fandir. Shularga ko`ra, V.V.Krayevskiy ta`limga psixologik va didaktik yondashishining farqlarini chegaraladi.
Ikkinchidan, o`qitish va o`qish jamoa (kollektiv) sub`yektlar faoliyati sifatida o`zaro uyg`unlashib, uchinchi bir yaxlit faoliyatni-ta`limni yuzaga chiqaradi. Ta`limni tashkil etish, boshqarish, nazorat etishning asosiy prinsipi-subordinatsiya yagona prisip bo`lmay qoldi. Ta`limda ikkala sub`yekt faoliyatini o`zaro uyg`unlashtirishning yana bir prinsipi koordinatsiyaning mavjudligini tan olish imkoniyati tug`ildi. Ikkala sub`yekt faoliyati o`zaro muvofiqlashgandagina ta`lim amalga oshadi. Demak, ta`limni o`qituvchining o`quvchi bilan birga qurishi, birga amalga oshirishi mumkinligi isbotlandi.
Uchinchidan, didaktikaning tadqiqot predmeti munozara bahsini yangicha sharhlash, uni ikki sub`yekt (o`qitish o`qishga barobar) faoliyatining o`zaro uyg`unlashuvi kontekstida qarash imkoniyati tug`ildi. Didaktikaning munozara bahsini yangicha talqin etish V.V.Krayevkiyni ta`lim to`g`risida quyidagicha xulosalarni chiqarishga olib keldi: ta`lim-bu
-ma`lumotga, binobarin, ijtimoiy maqsadni amalga oshirishga yo`nalgan,
-ilmiy asoslangan loyihalar (dastur, darslik va sh.k.) asosida amalga oshiriladigan,
-jarayoniy va mazmuniy nuqtayi nazarlarni o`zida mujassamlashtirgan,
-turli munosabatlarni ta`lim, o`qitish, o`qish, ta`lim loyihasi kabi didaktik kategoriyalarda aks ettiradigan,
-jamoa (kollektiv) sub`yektlar faoliyatida yuzaga chiqaradigan,
- tadqiq qilish (o`rganish) va qurish (tuzish) ob`yekti bo`la oladigan faoliyatdir.