Zamonaviy didaktik tizimlar Oldingi fasllarda klassik va progressiv didaktik tizimlarning xususiyatlari bilan tanishdik. Klassik didaktik tizimlar “o`qitish, o`qishdan katta” qolipi asosida yaratilgan bo`lib, ularda asosiy e`tibor o`qituvchiga qaratilgan: ta`limning mazmuni, uning samarador vositalari, usullari, tashkily shakllari o`qituvchi faoliyati-o`qitishga nisbatan o`rganilgan, ilmiy-tadqiqot ishlari markaziga ham o`qituvchi faoliyati ko`chirilgan, ilmiy ishlar natijasi o`qituvchiga qaratilgan.
Progressiv didaktik tizimlar klassik didaktik tizimlarning teskarisi o`laroq “o`qish o`qitishdan katta” qolipi asosida yaratilgan bo`lib, ularda asosiy e`tibor o`quvchilar faoliyatiga-o`qishga qaratilgan: o`quvchilarning qiziqishi, xohishlarini hisobga olib ta`limni tashkil etish, maktabni bolalarning ehtiyojlariga mofiqlashtirish g`oyalari asosida bolalarning mustaqilligini ta`minlay oladigan usullar, vositalar, ta`limning tashkiliy shakllari o`rganilgan.
Zamonaviy didaktik tizimlar “o`qitish o`qishga barobar” qolipi asosida yaratilgan bo`lib, ularda o`qitish va o`qish faoliyatlarining o`zaro kirishuvi, uyg`unlashuvidan kelib chiqib didaktik hodisalar bayon etilgan. Bunday didaktik tizimlar sirasiga Y.K.Babanskiy, V.V.Krayevskiy kabi qator olimlarning ilmiy tadqiqotlari, amerikalik didaktlar asoslagan ochiq ta`lim tizimi, hamkorlik pedagogikasi kiradi.
Zamonaviy tizimlarda o`qitish va o`qish faoliyatlariga bir xil e`tibor beriladi, ular o`rtasidagi sababiyatli va struktural bog`lanishlar ajratiladi, ta`lim shirkat faoliyat sifatida tahlil etiladi, ta`lim zvenolari, sikllarini o`qituvchi va o`quvchilarning hamkorlikda qurishga e`tibor qaratiladi, didaktik hodisalar o`qituvchi va o`quvchining o`zaro ta`siri nuqtayi nazaridan sharhlanadi.
Yuriy Konstantinovich Babanskiy (1927-1988). Y.K.Babanskiy 70-80-yillarda didaktika fani rivojiga, milliy pedagogik kadrlar tayyorlashga munosib hissa qo`shgan gumanist pedagog. Uning didaktik tizimida ta`limni optimallashtirish nazariyasi alohida o`rinni egallaydi. U didaktlar orasida birinchilardan bo`lib, mavjud ta`lim tizimining kamchiliklarini payqadi, ta`limni har bir mintaqaning milliy xususiyatlari, madaniy va iqtisodiy rivojlanishi darajasidan kelib chiqib tashkil etish g`oyasini himoya qildi.
Ta`limni optimallashtirish muammosini Y.K.Babanskiyning fikricha, o`qituvchi va o`quvchining o`zaro ta`siri mohiyatidan kelib chiqib, ilmiy asoslash mumkin. Ta`limni optimallashtirish-o`qituvchi va o`quvchilarning vaqtini, ularning jismoniy hamda aqliy intilishlarini tejash maqsadida ma`lum sharoit uchun eng maqbul (samarador) ilmiy asoslangan variantni tanlash va shu variant asosida ta`limni amalga oshirish demakdir. U optimallashtirish g`oyasi asosida ta`limda o`qituvchi va o`quvchi faoliyatini o`zaro uyg`unlashtirish, bu ikkala faoliyatni bir-biriga muvofiqlashtirish metodikasini yaratdi. U didaktika tarixida birinchi bo`lib ta`limni tizim sifatida tahlil etdi va uni “ijtimoiy talab-ta`lim jarayoni” tizimida o`rgandi. Ana shu tizimga ko`ra, Y.K.Babanskiy ta`lim jarayonining quyidagicha bo`g`inlarini ilmiy asosladi: o`qituvchilarning ta`lim-maqsadi, vazifalarini o`zlashtirishi, bolalarning real o`qish imkoniyatlarini o`rganishi (1); o`quvchilar jamoasining tayyorgarligi, har bir o`quvchining individual xususiyatlari asosida ta`lim mazmunini aniqlash (2); sinf jamoasining tayyorgarlik darajasi va o`rganilayotgan o`quv materialining xususiyatlari asosida ta`lim vositalari, usullari, tashkiliy shakllarini tanlash, ta`limni optimal rejalashtirish (3); o`qituvchi va o`quvchilarning o`zaro didaktik ta`siri, ta`limning harakati, uning ma`lum natija bilan yakunlanishi (4); Shu mavzuning o`zlashtirilishini nazorat etish, bolalarning o`z faoliyatini tekshirish (5); o`qituvchi va o`quvchilarning jamoa bo`lib qilingan ishlarni tahlil etishi, bajarilmagan ishlar, hal etilmagan muammolarni belgilashi (6).
Ta`lim tizimida Y.K.Babanskiyning yozishicha, 4-bo`g`in “o`qituvchi va o`quvchilarning o`zaro didaktik ta`siri” hal qiluvchi rol o`ynaydi. Zero, ta`limning optimal varianti o`qituvchi va o`quvchilarning o`zaro didaktik ta`siriga ko`ra belgilanadi, tanlangan variant asosida ta`lim amalga oshiriladi.
Y.K.Babanskiy o`z didaktik tizimida ta`lim prinsiplari masalasini ham original bayon etgan edi. Uning yozishicha, ta`lim prinsiplari ta`lim jarayonining ma`lum nuqtayi nazari bilan daxldor: ta`limning ma`lumot, tarbiya va bolalar taraqqiyotiga yo`nalganligi prinsipi ta`lim jarayoni maqsadiga ko`ra belgilansa, bilimlarning ilmiyligi va tushunarliligi, sistemaliligi va izchilligi prinsiplari ma`lumot mazmuniga ko`ra aniqlanadi.
Y.K.Babanskiy optimallashtirish nazariyasi g`oyalaridan kelib chiqib, ta`limning qator prinsiplarini yangidan asosladi: ta`limda umumsinf, guruh va individual ishlarni optimal qo`shib olib borish, ta`lim jarayonining samarali amal qilishi uchun optimal shart-sharoit yaratish, bolalarning o`qishga qiziqishlarini har tomonlama rag`batlantirish, qayta xotirlash va ijodiy ishlarning optimal bog`liqligi. Bu prinsiplar Y.K.Babanskiy didaktik tizimida birinchi marta asoslangan edi.
Y.K.Babanskiy ta`lim metodlari masalasiga ham “o`qituvchi va o`quvchilarning o`zaro ta`siri” nuqtayi nazaridan yondashadi. Ta`lim metodlari ma`lumot, tarbiya va bolalar taraqqiyotiga yo`nalgan. Ta`lim metodi, uning yozishicha, o`qituvchi va o`quvchilarning o`zaro bog`liq faoliyatini tartibga solish usulidir. Ta`lim metodlarini yangicha talqin etish ularni yangicha tasnif etishga olib keldi: bolalarning o`quv-biluv faoliyatini tashkil etish va amalga oshirish metodlari. Bu metodlar, o`z navbatida, to`rtta guruhga ajraladi: bilimlarni og`zaki bayon etish metodlari, induktiv va deduktiv metodlar, qayta xotiralash va muammoli izlanish metodlari, mustaqil ishlash metodlari; bolalar o`qishini rag`batlantirish metodlari. Bu metodlar ham o`z navbatida ikki guruhga ajraladi: o`qishga qiziqishini rag`batlantirish metodlari, o`qish-o`rganishga oid burch, javobgarlikni tarbiyalash metodlari; ta`limni va o`z-o`zini nazorat etish metodlari. Bu metodlarni ham Y.K.Babanskiy uch guruhga ajratadi: og`zaki nazorat va o`z-o`zini nazorat metodlari; yozma nazorat va o`z-o`zini nazorat metodlari; laboratoriya nazorati va o`z-o`zini nazorat metodlari.
Y.K.Babanskiy didaktika logikasini boyitgan olimlardan biridir. U didaktika tarixida birinchilardan bo`lib “shaxsning real o`qish imkoniyati” tushunchasini ilmiy asoslagan edi. Shaxsning real o`qish imkoniyati keng tushuncha bo`lib, quyidagi tarkibiy qismlardan iborat: shaxsning o`rgana olish layoqati, xotira va tafakkurning rivoji (1), shaxsda shakllangan muayyan malakalar: masalan, gapira olish, eshitganlarini,o`qiganlarini so`zlab bera olish (2), shaxsning o`quv mehnatiga oid malakalari, masalan, o`z faoliyatini rivojlantirish (3), shaxsning ishchanligini ta`minlay oladigan jismoniy taraqqiyot darajasi (4), shaxsning o`qishga munosabati (5), o`qishga ijobiy ta`sir eta oladigan shaxsiy tarbiyaviy sifatlar (6). Shaxsning real o`qish imkoniyati tarbiyaga muhtoj. Y.K.Babanskiy shaxsning real o`qish imkoniyati tushunchasi asosida ma`lumot mazmunini o`zlashtirishning individual xarakterini isbotlagan edi.