Konstantin Dmitrevich Ushinskiy (1824-1870). O`z o`tmishdoshlari Y.A.Komenskiy, I.G.Pestalotsi, I.F.Gerbart, A.Distervegning pedagogik merosini tanqidiy o`rganib, G`arbiy Yevropa mamlakatlarida o`quv-tarbiya ishlarini tashkil etish tajribasini umumlashtirib yaxlit didaktik tizim yaratgan buyuk siymolardan biri K.D.Ushinskiy edi. U o`zining pedagogik qarashlarida inson bilishi moddiy olam bilan bog`liqligini ilmiy asosladi: materiya va ong, garchand ular har xil xususiyatlarga ega bo`lsalarda, o`zaro uzviy bog`langan, ikkinchisi (ong) birinchisiz yashay olmaydi: materiya va ongning o`zaro aloqadorligi nervlar orqali amalga oshadi: nervlar tashqi olam ta`sirini o`tkazuvchi yagona organizmdir. Ong ham sezgilar ham nerv tizimining ta`siri natijasidagina namoyon bo`ladi: biz bilgan, bilib oladigan narsalar sezgilar orqali o`tadi: tashqi olam bilish manbaidir. K.D.Ushinskiy fikricha, materiya va ongning o`zaro bog`liqligiga asoslangan falsafa pedagogika fani taraqqiyotini to`g`ri belgilay oladi, shuningdek, didaktikaning bundan keyingi taraqqiyoti materialistik falsafaga bog`liq.
K.D.Ushinskiy ta`limning ikki xil maqsadini ajratadi: o`quvchilarni bilimlar tizimi bilan qurollantirish, bolalarning aqliy qobiliyatlarini rivojlantirish. Uning yozishicha, bu ikki maqsad alohida-alohida, o`zaro bog`lanmagan holda amalga oshirilmaydi. Aksincha, ular o`zaro daxldor bo`lib, bir paytda hal etiladi. Shunday qilib, u Adolf Distervegdan keyin formal ta`lim nazariyalarini ayovsiz tanqid etdi, ularning o`zaro birlashtirishga urindi: “Uzuq-yuluq, bir-biri bilan bog`lanmagan bilimlarga to`lgan bosh go`yo ichida narsalarni ayqash-uyqash bo`lib yotgan, egasi istagan narsasini qidirib ovora bo`ladigan omborga o`xshaydi. Tizimi bo`lib, bilimli bo`lmagan bosh xuddi do`kondagi narsalarning nomlari ustiga yozib qo`yilgan bo`sh qutilarga o`xshaydi”.
K.D.Ushinskiy o`z didaktik tizimida birinchi bo`lib, ta`lim jarayonini va ilmiy bilish jarayoni bir-biriga tenglashtirish, bir-biriga qarama-qarshi qo`yish mumkin emas. Fanda kashfiyot qiladigan olim ham, oldindan kashf qilingan bilimlarni o`zlashtiruvchi o`quvchi ham tevarak-atrofdagi narsa-hodisalarga oid faktlarni kuzatadi, faktlardan xulosalar chiqaradi. Olim piramidaning cho`qqisida, o`quvchi esa uning pastki qismi-poydevorlarida faoliyat ko`rsatadi. Piramida teppasidan emas, aksincha, poydevordan boshlab quriladi. Xuddi shunga o`xshab, fanni o`rganish asosidan, ya`ni birinchi kuzatishlari, ilk xulosalar, faktlarni tahlil etishdan boshlanmog`i darkor. Garchand, K.D.Ushinskiy ta`limda ratsional bilishning rolini ma`lum darajada e`tirof etmagan bo`lsada, bola o`zlashtirishining psixologiyasini, o`rganishning ruhiy xususiyatlari tafakkur, xotira, sezgi idrok, tasavvurning ta`lim jarayonidagi rolini alohida baholagan edi: tafakkur fikrlash jarayoni, u taqqoslash, farqlarini ajratish, uzoqlashish (abstraksiyalash) yo`llari bilan amal qiladi: xotira narsa-hodisalarning ta`siri natijasida ongimizda hosil qilingan tasavvurlarning izi, bog`lanishlaridir: diqqat “ruhimizga kiradigan hamma narsaning eshigidir”. Bu fikrlardan ko`rinadiki, K.D.Ushinskiy I.T.Pestalotsi, I.F.Gerbartdan keyin, ta`limning psixologik asoslarini ishlab chiqqan buyuk didaktdir.
K.D.Ushinskiy ta`lim jarayonida o`quvchining bilishi, tafakkuri, o`zlashtirishida faktik materiallarning ahamiyati, bajaradigan ishidan kelib chiqib, o`qitishning induktiv usullarini qo`llab-quvvatlaydi. Uning fikricha, ilmiy bilishda ham, ta`lim jarayonida bolaning bilimida ham induktiv usullar eng mahsuldor yo`l sanaladi. U shu fikrga tayanib, rus maktablari tajribasida ko`rgazmalilik prinsipini asosladi. Bundan tashqari, K.D.Ushinskiyning didaktik nazariyasida bilimlarning tuShunraliligi va puxtaligi, ta`limda o`quvchilarning faolligi va mustaqilligi, bilimlarning sistemaliligi kabi qator prinsiplar o`z o`rnini olgan.
K.D.Ushinskiy “Maktabning uch elementi” nomli maqolasida ta`lim va tarbiya birligi masalasini ko`tarib chiqadi, uni didaktik prinsip darajasida asoslaydi: tarbiyaviy vositalar nihoyatda ko`p. Garchand, tarbiyaviy vositalar qancha ko`p bo`lsa-da, ular orasida bolaning yoshiga mos bilimlar tarbiyaning eng qudratli vositasidir.
K.D.Ushinskiyni tirikligidayoq “rus do`mboqchalarining do`sti”, “rus o`qituvchilarining o`qituvchisi” deb atasharkan. U “Inson tarbiya predmeti sifatida”, “maktab -maorif ishlari uchun Shveytsariya bo`ylab sayohat” kabi fundamental pedagogik asarlar bilan birga bolalarga oid “Bolalar dunyosi”, “Ona tili” kitoblarini, qator metodik qo`llanmalarni yaratdi. K.D.Ushinskiyning maktab-maorif sohasidagi xizmatlarini hisobga olib, haqli ravishda rus pedagogikasining otasi deb atashadi.