Iogan Genrix Pestalotsi (1746-1827) Y.A.Komenskiyning pedagogik qarashlari Evropaning qator davlatlarida didaktik nazariya va pedagogik amaliyotning rivojlanishiga samarali ta`sir etdi. Kapitalistik jamiyatning uzluksiz rivoji, ishlab chiqarish kuchlari va ishlab chiqarish munosabatlarining taraqqiyoti fan, madaniyat va ta`limning yangi-yangi targ`ibotchilarini tarix sahnasiga olib chiqdi. Ana shunday ilg`or fikrli pedagoglardan biri shvetsariyalik demokrat olimi didakt Iogan Genrix Pestalotsidir.
I.G.Pestalotsi ta`limni demokratlashtirishning qizg`in tarafdori edi. U “Gertruda o`z bolalarini qanday o`qitadi” nomli asarida o`sha davrdagi maktab ta`limi quyi tabaqa aholisi manfaatlariga mos emasligini uqtiradi va o`z didaktik tizimini “kambag`allarni o`qitish metodi” deb nomlaydi.
I.G.Pestalotsi boshlang`ich ta`lim didaktikasining asoschisi, tabiatga moslab o`qitish g`oyasining qizg`in targ`ibotchisi edi. U maktabda ona tili, matematika fanlari sohasida qator ilmiy asarlar yozdi. Bola dunyoga kelgan vaqt, deb qayd etgan edi. I.G.Pestalotsi, uning uchun o`rganish boshlangan paytdir. Uning fikricha, ta`limning asosiy vazifasi bolalarda bilish qobiliyatlarini rivojlantirish, faol aqliy faoliyatni o`stirish, mantiqiy fikrlashni shakllantirishdan iborat. Shunday qilib, I.G.Pestalotsi rivojlantiruvchi ta`limga asos soldi.
Ta`lim xalqni uyg`otmog`i, unda o`z kuchiga ishonchni tarbiyalamog`i lozim. Buning uchun uchta asosiy vosita bor: madaniyatli qalb; rivojlangan daho (aql); axloqiy taraqqiyot. Uning fikricha, ta`lim tarbiyaning bosh yo`lidir. Umumiy ma`lumot maxsus ma`lumotdan oldin beriladi. Bolaning psixologiyasiga moslashgan ta`lim ko`rsatmali o`qitishdir. I.G.Pestalotsining uqtirishicha, idrok qilinadigan narsalar uchta asosiy o`lchovga ega: miqdor, shakl, ong. Shunday ekan, bolalarni hisoblashga, o`lchashga va so`zlashga o`rgatmoq nihoyatda zarur. Aqliy ma`lumot narsa-hodisalarni kuzatish, tahlil etish va ularni so`z bilan ifodalshdan iborat. Shu xulosaga tayanib, u ta`limning to`rtta bosqichini ajratadi: narsa-hodisalarni idrok etish (1); idrok etilgan narsalarning hajmi, shakli, miqdori to`g`risida tasavvurlarni shakllantirish (2); narsa-hodisalarni tahlil qilish yo`li bilan tushuncha hosil qilish (3); narsalarning nomi, tushunchalarni so`z bilan aytib berish (4).
I.G.Pestalotsi ta`limda idrokning roli hamda ta`lim bosqichlari xususiyatlarini hisobga olib amaliy faoliyat usullariga ko`proq e`tibor qildi. U tevarak-atrofdagi narsalarni hisoblash, o`lchash, so`z bilan aytish xususiyatlaridan kelib chiqib, boshlang`ich ta`limga kuzatish, rasm solish, o`lchash va turli buyumlarni yasashga doir elementlarni kiritadi. Shunday qilib, I.G.Pestalotsi ta`limning psixologik asosi sifatida idrokni ajratdi. Ammo ta`limda ratsional bilishning roliga yetarli e`tibor bermadi.