Aytishlaricha, olim biror olamshumul kashfiyot yaratsa, uni xalqqa anglatmoq uchun bu kashfiyotni tafakkur yuksakliklaridan kundalik turmush zaminiga olib tushmog‘i, mavhum va murakkab formulalar tilidan jo‘n, ko‘nikilgan tushunchalar, oddiy tasavvurlar tiliga ko‘chirmog‘i lozim. San’atda esa buning aksi. Shoir ham olamshumul kashfiyotlar qiladi — betakror ranglarga, maftunkor jilolarga, sexrli ma’nolarga, durdona hikmatlarga to‘la go‘zal dunyo yaratadi. Biroq bu dunyoni anglamoq va anglatmoq uchun jo‘nlashtirib, oddiy maishiy tilga ko‘chirib bo‘lmaydi. Jo‘nlashtirishimiz bilanoq go‘zallik g‘oyib bo‘ladi, asarning sehru jodusi yo‘qoladi, hozirgina sizni larzaga solib turgan poetik misralar beta’sir so‘z tizmalariga aylanadi…
Shoir yaratgan kashfiyotni anglamoq uchun odam, albatta, o‘sha kashfiyot yuksakligiga ko‘tarilmog‘i shart. Odamning yuragi shoir yuragi bilan bir maromda tepsagina, odamning yuragi ham shoir yuragidagi nafosatga tashna bo‘lsagina, muallif yuragidek go‘zallikka eshiklarini lang ochib qo‘ysagina inkishof etgan oliy go‘zallikni idrok etmog‘i mumkin. Bu esa g‘oyat murakkab ish.
Albatta, hamma ham shoir ko‘tarilgan yuksakliklarga ko‘tarilish baxtiga muyassar bo‘lavermaydi. Axir, «xalq» degan tushuncha tez-tez tilga olinib turilsa-da, hech qachon har jixatdan teng, yaxlit bir kuchni anglatmaydi. Hamisha xalq bor, olomon bor, avom bor, oriflar bor… Odatda, qalbi uyg‘oq, haqiqatga va go‘zallikka tashna oriflargina shoir yaratgan nafosat olamini idrok qiladilar va g‘ofillarni uning go‘zalliklaridan ogoh etadilar. Shu tariqa shoirlar yaratgan go‘zallik xalq mulkiga aylanadi va uning ma’naviy dunyosining yuksalishiga xizmat qiladi. Afsuski, yuqorida aytilganidek, bu jarayon sira-sira oson kechmaydi — o‘zining anglanilmaganidan zorlangan, qadrsizligidan shikoyatlar qilgan, zamondoshlarining mehrsizligidan iztirob chekib o‘tgan shoirlar ozmunchami?! Hatto, Pushkinday shoir ham qator she’rlarida go‘zallik ko‘chasiga yaqin yurolmaydiganlarni «avom» («chern») deb atab, ularga nafratini izxrr qilgan edi. O‘z vaqtida Pushkinni «buyuk xalq shoiri» deb atagan «marksist» adabiyotshunoslar esa shoirning bunday «shakkokligini», «xalqqa nisbatan mutakabbirligi»ni «sinfiylik» qoliplariga sig‘dirolmay rosa xunob bo‘lgan edilar. Holbuki, buni izohlash qiyin emas edi — buning uchun «go‘zallikning ilohiy dargohlariga ko‘tarilish hammaga ham nasib etavermaydi» degan haqiqatni e’tirof etish kifoya edi.
Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li Cho‘lpon ham o‘ziga xos betakror she’riyat olamini yaratishga qodir bo‘lgan va yaratgan ulug‘ shoirlar sirasidandir. U ijodini 1914 yildan boshladi, biroq uning parvozi 20 yillarga to‘g‘ri keldi. Ayniqsa, 1920—1927 yillar mobaynida Cho‘lpon ilhomi jo‘shqin buloqday qaynab toshdi, po‘rtanaday qirg‘oqlarga sig‘may ko‘pirib jo‘sh urdi — u uchta she’riy to‘plamidan tashqari, ko‘plab she’rlar, hikoyalar, maqola va ocherklar yaratdi, o‘nlab dramatik asarlar yozib, adabiyotimiz xazinasini qator barkamol tarjimalar bilan ham boyitdi. Ana shu asarlari uni favqulodda yuksak baholashga asos bo‘ldi.
Ayniqsa, xorijdagi ba’zi bir adabiyotshunoslar shoir ijodining mohiyatini xolislik bilan to‘g‘ri belgilashga harakat qilishdi.
Ular Cho‘lponni haroratli, ayni paytda nihoyatda hassos, qalbi nozik va shu boisdan bo‘lsa ajab emaski, qo‘rkmas san’atkor edi deb baholashdi. Ularning fikricha, Cho‘lpon o‘zini xalqdan ayri holda, she’riy ilhom bulog‘i bo‘lib xizmat qilgan zamondoshlarining hayoti, ma’naviy dunyosidan tashqarida deb tasavvur ham eta olmaydi. Cho‘lpon lirikasining butun ohanglari ana shu holatdan kelib chiqadi. Endi ana shu buyuk shoirning taqdiriga bir nazar tashlaylik. Dunyodagi istagan adabiyotning iftixori bo‘lishga arziydigan, har qanday madaniyatli jamiyatda Xudo ato etgan buyuk iste’dod egasi tarzida qabul qilinadigan, «ustoz», «muallim» sifatida e’zozlanishi mumkin bo‘lgan Cho‘lponning qismati qanday bo‘ldi?
Ma’lumki, «o‘zini xalqdan ayri holda, zamondoshlarining hayoti, ma’naviy dunyosidan tashqarida deb tasavvur ham qilolmaydigan» bu shoir deyarli yetmish yil davomida qoralanib kelindi. Bu davr mobaynida shoir sha’niga aytilmagan bo‘hton qolmadi; uni qoralash, tahqirlash bobida kim o‘zar musobaqalar avj oldi. Yuzlab maqolalarda, kitoblarda, ma’ruzalarda unga «burjua shoiri», «jadid», «mafkurasi buzuq», «bosmachilar kuychisi», «millatchi», «aksilinqilobchi», «Oktyabr inqilobini tushunmagan ovsar», «yoshlar ongini zaharlovchi yot unsur», «xalq dushmani» va yana allanima balolar degan tavqi la’nat yopishtirildi. Bir yil emas, o‘n yil emas, salkam yetmish yil davomidaya!
Savol tug‘iladi: nahotki, shuncha yil mobaynida o‘zbek xalqiday ko‘p sonli xalq ichidan Cho‘lponni anglay oladigan, uning chinakam ulug‘ shoir ekanini idrok etgan va bu haqiqatni aytishdan cho‘chimaydigan bironta ham orif odam topilmadi? Nahotki, bizning xalqimiz o‘z oldidan oqqan suvning kadriga yetmaydigan bu qadar noshukr xalq? Nahotki, bizning odamlarimiz go‘zallik qarshisida shunchalar so‘kir va kar? G‘oyat qiyin va murakkab savol. Negaki, sovet zamonasida biz xalq to‘g‘risida ko‘pincha umumiy, tumtaroq, balandparvoz gaplar gapirib o‘rganib qolganmiz — xalq dono, xalq ulug‘, xalq bag‘ri keng, xalq yaratuvchi, xalq ijodkor va qokazo…
Ammo xalqning tafakkuri cheklangan, madaniy saviyasi chatoqroq, xalq o‘zining asl farzandlarini uncha e’zozlamaydigan ekanini aytib bo‘lmasdi yoki aytilmasdi. Bunaqa gaplar haqmi, nohaqmi ekanidan qat’i nazar — xalqqa hurmatsizlik, uning sha’niga tuhmat, deb hisoblanardi. Holbuki, Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy, Fitrat, Usmon Nosir, Habib Abdulla… (yana qanchadan qancha umri fojialar ichida kechgan buyuklar nomini eslash mumkin) ularning hayoti, fojiasi xalqning ko‘z o‘ngida kechdi-ku! Biroq xalq og‘ziga talqon solib olgandek churq etmay sukut saqlardi, oddiy tomoshabin bo‘lib turardi, turardigina emas, kezi kelganda, masalaning mohiyatiga yetmay, bilib-bilmay, chapaklar chalib, «millatchilarga o‘lim!» deya bo‘g‘ila-bo‘g‘ila hayqirib qo‘yardi. Ha-ha, ko‘zlari g‘azabdan qonga to‘lib, og‘izlaridan tupuklar sachratib, jazavaga tushib hayqirardi. Afsuski, shunda «Hay, birodarlar! Nima qilyapsizlar? Bular, axir, millatning guli-ku! Bular millat yo‘lida jon fido qiluvchi qaxramonlar-ku!» deya ovozini ko‘targan bironta azamat chiqmadi. Ha, bu — fakt, bu ko‘z yumib bo‘lmaydigan haqiqat.
Biroq, ana shu achchiq haqiqatga qaramay, «etmish yil davomida xalqimiz ichidan Cho‘lponni anglashga qurbi yetadigan odamlar mutlaqo chiqmadi» degan gapni aytishga ham til bormaydi. Negaki, juda kam bo‘lsa-da, bunday azamatlar bor edi. Yuqorida maqolasidan parcha keltirganimiz Boymirza Hayit bilan bir qatorda tatar-boshqird madaniyatining yirik arbobi Zakiy Validiy, o‘zbek muhojirlarining rahnamolaridan biri Vali Qayumxon, 20 yillarda Berlinga o‘qishga borib, o‘sha yoqlarda qolib ketgan doktor Ibrohim Yorqin va boshqalar Cho‘lpon haqida juda yuqori fikr bildirishgan. Uni XX asrning eng iste’dodli san’atkorlaridan biri deb atashgan. Ammo shunisi borki, ularning hammasi o‘z fikrlarini xorijda turib aytishgan va bizning sotsialistik Vatan bilan xorij o‘rtasidagi g‘oyat baland, g‘oyat yuksak temir devor tufayli ularningfikrlari bizgacha yetib kelgan emas. Xo‘sh, bizda-chi? O‘zimizda Cho‘lpon to‘g‘risida biron-bir xolis fikr, biron-bir iliq gan aytilganmi? Ha, o‘zimizda ham aytilgan bunday fikrlar. Shunday zamonlar bo‘lganki, Cho‘lpon asarlari tanqidchilik tomonidan iliq kutib olingan, ularga ijobiy munosabat bildirilgan.
Cho‘lpon xaqida matbuotda birinchi bo‘lib iliq fikr bildirgan olim Zarif Bashariy bo‘lgan edi. Bu odam asli Tataristondan bo‘lib, 20 yillarda O‘zbekistonda yashagan, o‘zbek tilida ko‘plab maqolalar yozgan, hikoyalar e’lon qilgan, tabdillar qilgan, o‘sha davr munozaralarida faol qatnashtan, hatto zamonaviy o‘zbek adabiyotidan majmua tuzib, uni 1929 yilda Qozonda bostirib ham chiqargan edi. Zarif Bashariy 1923 yilning 4 may kuni «Turkiston» gazetasida Cho‘lponning birinchi to‘plami «Uyg‘onish»ga taqriz e’lon qiladi. U taqrizning boshidayoq «Cho‘lpon o‘rtoq keyingi davrdagi o‘zbek shoirlaridan eng oldingisi va chin ma’nosi bilan shoir deb atalishga loyiq bo‘lganidan uning she’rlarini chin adabiyot va she’r ko‘zi bilan ko‘rib, tekshirish va tanqid qilishga yaraydir» deydi va shundan so‘ng «Cho‘lpon o‘rtoqning chin yurak va his shoiri», ya’ni hassos lirikligini aytib, bu fikrni tasdiqlovchi misollar keltiradi. Munaqqid tahlil yordamida Cho‘lpon she’rlaridagi tasviriylikni, tuyg‘ular teranligini, so‘z qo‘llash maqoratining yuksakligini ko‘rsatadi.
Boshqa bir munaqqid Vadud Mahmud ham «Buloqlar» to‘plamiga yozgan taqrizida «bugungi o‘zbek adabiyotiga yangi bir to‘n kiygizildi» deydi va bu «to‘nni kiygizgan» odam Cho‘lpon ekanini ma’lum qilib, «Buloqlar» to‘plamining badiiy sifatlari haqida mulohaza yuritadi. Munaqqid «Amalning o‘limi» degan she’rdan parcha keltirib, unda «qancha she’riyat, qancha ohang uyg‘oq» ekanini tasdiqlaydi-da, shu bilan birga yurtning dardini, qullarning ingragan jonlar bo‘lishini, ko‘nglida yig‘lagan malaklarning sharq onalari, juvonlaridan iborat ekanini qancha ochiq, muassir ijod bilan tasvir etadir» degan fikrni bildiradi. Bu parchada Vadud Maxmud jinday bayonchilikka yo‘l qo‘yayotgan esa-da, u Cho‘lpon she’riyatining mohiyatiga ancha kirib borgan deyish mumkin.
1924 yilda «Zarafshon» gazetasining ikki sonida «O‘zbek yosh shoirlari», «Cho‘lpon» degan maqola bosildi. Uning muallifi Abdurahmon Sa’diy Cho‘lpon ijodini ancha batafsil tekshiradi va shoirni juda «qisqa bir ta’rif bilan» «u yonadur ham yondiradur» deb ta’riflaydi. Maqolada Cho‘lponning «chin ma’nosi bilan romantik bir yurak shoiri (lirik)» ekani ham dalillar bilan ochib berilgan.
Xuddi shuningdek, juda ixcham shaklda bo‘lsa ham Abdulla Qodiriy Cho‘lponning «Tong sirlari» kitobiga yozgan shapaloqdekkina so‘zboshisida matbuotda Cho‘lpon sha’niga aytilgan «Cho‘lpon yig‘loqi shoirdir» degan ta’na-dashnomlarni rad etadi, shoir she’rlarida ko‘z yoshi ko‘p uchrasa-da, Cho‘lpon «ulardan chechaklar undirmoqchi ekanini» aytadi.
Cho‘lpon haqidagi ilk maqolalarning yana bir mushtarak xususiyatlari shundaki, ularning mualliflari shoir she’riyati xaqida batamom holis fikr yuritishga intiladilar. Shuning uchun taqrizlarda Cho‘lponning kuchli tomonlari bilan birga nuqsonlari, zaifliklari haqida ham fikr yuritiladi. Bu vazifalar har xil, ammo ikki maqolada bir nuqson ta’kidlanadiki, keyinchalik ayni shu «nuqson» Cho‘lpon she’riyatini butunlay qoralash uchun asosiy dalillardan bo‘ldi.
Zarif Bashiriy yozadi: «Cho‘lpon o‘rtoq «el» va «xalq» so‘zlarini qancha ko‘p yozsa va so‘zlasa ham, ul xalq shoiri emas. Xalqqa yaqin bo‘lgan ziyolilar shoiridir. Uning uslub va ruhida xalqchillik juda oz».
Oradan bir yil o‘tkazib maqola e’lon qilgan Abdurahmon Sa’diy yozadi: «Cho‘lpon ommaxalq shoiri emas, o‘qimishlilar, ziyolilar shoiridir. Uni ommajalpi xalq tez anglaydi. Lekin shuning barobarinda, u xalq qayg‘usi bilan (faqat hech bir sinfga ayirmasdan) yozg‘uvchi «xalqchi» (narodnik) bir shoirdir. Cho‘lponda asl ko‘zga qattig‘ berilib turg‘on tub xususiyat ham shundadir».
Bu o‘rinda shuni aytmoq joizki, bu gaplar yozilgan vaqtda, ya’ni 1923 va 1924 yillarda hali «xalq shoiri emas, ziyolilar shoiri» degan tasdiq siyosiy aybday qabul qilinmas edi. Shuning uchun bu «ayblar» uncha katta aks sado bermay o‘tib ketgan U keyinchalik esa «xalq shoiri emas, ziyolilar shoiri» bo‘lish shoirni gapso‘zsiz o‘lim chohining labiga olib boradigan dahshatli siyosiy aybga aylangan. Bu to‘g‘rida o‘z o‘rnida batafsil gaplashamiz.
Hozir esa, Cho‘lpon haqidagi ilk taqrizlar munosabati bilan yuritgan mulohazalarimizga yakun yasaylik — bu taqrizlar qancha xolisona yozilgan bo‘lmasin, ularning hammasidan ham yangi chiqqan yosh shoirga nisbatan mehr va e’tibor har qancha barq urib turmasin, ularni biz Cho‘lponni anglash yo‘lidagi biron-bir jiddiy yutuqlar deb atay olmaymiz. Ular Cho‘lpon yuksakligiga olib boruvchi ulkan zinaning birinchi pillapoyalari edi, xolos.
Ehtimol, muayyan sharoit bo‘lsa, jamiyatning manfaatdorligi sezilib tursa, balki bu pillapoyalardan ko‘tarilib borib, Cho‘lpon yaratgan olamning ba’zi bir jiddiy qirralarini kashf etish ham mumkin bo‘lardi. Ammo bunday bo‘lmadi, aksincha bo‘ldi. Cho‘lponni anglash yo‘lida qo‘yilgan ilk qadamlar qo‘yib ulgirilmay, shu on bo‘g‘ildi. Cho‘lponni anglash uchun uning yuksakligiga ko‘tarila olgan she’riyat shaydosi, yuragi tom ma’noda go‘zallik va nafosat ishtiyoqida yongan otashin orif odam yana topilmadi. Nega? Yo‘limizda yana ko‘ndalang bo‘layotgan bu qonuniy savolga javobni keyinga qoldiraylik-da, Cho‘lpon tevaragida o‘sha kezlarda yuz bergan ajoyib voqealarga yuz o‘giraylik.
«Tong sirlari»da Abdulla Qodiriyning muqaddimasi e’lon qilingandan keyin bir yil o‘tar-o‘tmas 1927 yilning 14 fevral kuni «Qizil O‘zbekiston» gazetasida Ayn imzosi bilan «O‘zbek shoirlari Cho‘lpon» degan maqola bosildi. Maqola so‘nggida ilova tarzida bosilgan izohda tahririyat shu maqola bilan Cho‘lpon xaqida bahs boshlaganini ma’lum qilgan va «barcha qiziqqan o‘rtoqlar»ning bahsda ishtirok etiib da’vat etgan edi. Bunday «o‘rtoqlar» ko‘p zoriqtirmay, topila qoldi — oradan ko‘p o‘tmay, gazeta saxifalarida 22 yoshli Oybek «Cho‘lpon. Shoirni qanday tekshirish kerak?!» degan maqola bilan chiqdi. Undan keyin esa Usmonxon bahsga aralashdi — u «Munaqqidning munaqqidi» degan maqolasida Oybekning qarashlarini keskin tanqid ostiga oldi. Oybek munozarada yana bir marta so‘z olishga majbur bo‘ladi — u gazetaning 1927 yil 29 avgust sonida «Munaqqidning munaqqidi» maqolasining egasiga» degan maqola bilan chiqib, o‘z qarashlarini himoya qildi. Shu maqola bilan bahs to‘xtaydi — unga yakunni o‘sha yili oktyabr oyining 4—5 kunlarida Samarqandda o‘tgan O‘zbekiston madaniyat xodimlarining qurultoyida ma’ruza qilgan O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining Birinchi kotibi Akmal Ikromov yasaydi.
Men qat’iy aminmanki, faqat Cho‘lpon taqdiridagina emas, balki butun yosh o‘zbek adabiyotining keyingi rivojini belgilashda, shuningdek, adabiyotshunoslik va adabiy tanqidchilikdagi yo‘nalishlarni ma’lum izlarga solib yuborishda bu bahsning roli benihoya katta bo‘ladi. Shuning uchun uning mazmuni haqida, qanday masalalar atrofida bahs ketgani to‘g‘risida, qanday xulosalarga kelingani va adabiyotga kirib kelayotgan yosh ijodkorlarga qanday yo‘l-yo‘riqlar berilgani borasida batafsilroq mulohaza yuritsak foydadan xoli bo‘lmas. Chunki o‘zbek adabiyotining sotsialistik realizm adabiyoti sifatida orttirgan ancha-muncha «fazilatlari»ning tomiri xuddi shu munozaraga borib taqaladi.
Yuqorida aytganimizdek, gazeta sahifalaridagi munozara Aynning maqolasi bilan boshlandi. «Ayn» — adabiyotshunos va munaqqid Olim Sharafiddinovning taxallusi edi. Shunisi muhimki, Olim Sharafiddinov adabiyot olamiga shaxsiy manfaatlarini o‘ylab kirib qolgan tasodifiy odam emas edi. Keyinchalik u o‘zining ko‘pgina tadqiqotlarida adabiyot tarixini chuqur bilishini, adabiyotning mohiyati haqida ancha ma’nodor va ibratli mulohazalar yurita olishini isbot qilgan. Ayniqsa, uning 1940 yilda nashr qilingan va keyinchalik bir necha marta chop etilgan «Alisher Navoiy» degan tanqidiy biografik ocherki o‘sha davr adabiyotida katta voqea bo‘ldi. Bu kitob hozir samarali ijod qilayotgan ko‘pgina adabiyotshunoslar uchun juda yaxshi qo‘llanma bo‘lgan edi. Shuning uchun 1943 yilda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi tuzilganda, adabiyotshunoslar ichida birinchilardan bo‘lib, Olim Sharafiddinovning muxbir a’zolikka saylanishi hech kimni ajablantirgani yo‘q. Bu odam ko‘ngilli ravishda frontga ketadi va jang maydonlarida halok bo‘ladi. Bu fakt ham Olim Sharafiddinovning shaxsiyatiga beixtiyor ehtirom uyg‘otadi. Lekin «Aflotun, sen mening do‘stimsan, biroq haqiqat men uchun qadrliroq» degan gap bor. Fakt faktligicha qoladi — uni turlicha sharhlasa bo‘ladi, biroq o‘zgartirib bo‘lmaydi. Fakt esa shundan iboratki, olis 1927 yilda Olim Sharafiddinov adabiyotni hukmron mafkuraning xizmatkoriga aylantirishdek nomunosib ishni boshlab bergan edi.
Olim Sharafiddinov mazkur maqolasida o‘zbek adabiyotshunosligida birinchilardan bo‘lib markscha metodologiya prinsiplariga amal qilgan, ya’ni u adabiyotga to‘laligicha sinfiylik nazariyasi nuqtai nazaridan yondashib, uning proletar ideologiyasining quroli bo‘lishi zarurligi haqidagi qarashni olg‘a suradi: «Yosh shoirlarimiz yo‘qsullarning sinfiy tilaklarini, manfaatlarini, mafkurasini jozibador bir yo‘sinda tasvirlashga, jonlantirishga boshladi», deb yozadi Olim Sharafiddinov mamnuniyat bilan.
Albatta, Olim Sharafiddinov maqolada iloji boricha o‘zini xolis qilib ko‘rsatishga urinadi, shuning uchun u shoirning ba’zi bir ijobiy sifatlaridan ko‘z yummaydi. U Cho‘lponning «eng ko‘p yozuvchi», «adabiyotda ayrim o‘rin tutguvchi shoir» ekanini e’tirof etadi. Olim bu faktni ta’kidlash bilan cheklanmay, bu «ayrim o‘rin»ning mohiyatini ham ochadi: «eski klassitsizmning tor ramkasini buzib, parchalab, uning (klassitsizmning) ifoda yo‘sinini, ommaga anglashilmaydirgan tilini soddalashtirib, ommaga yaqin qo‘yish uchun urinadir. Ham yana shul sodda ifoda yo‘sinda sodda tilda amaliy namunalar bilan bizni ta’min etadir».
Cho‘lponning tili haqida gap ketganda, ayniqsa, Olim Sharafiddinov o‘zini to‘xtatolmaydi, u shoirni yoyilib-yoyilib maqtaydi, unga juda yuksak ta’riflar beradi: «Bu kungi o‘zbek adabiy tili, shubhasiz, Cho‘lpon tilidir. Butun adabiy yoshlik uning tilini o‘rnak taniydir. Unga taqlid qiladi».
Biroq Olim Sharafiddinov sinfiylik ko‘zoynagini tutib olishi bilanoq hamma narsa ayqash-uyqash bo‘lib ketadi — endi Cho‘lponning she’rlaridagi quyushqondan jinday chiqib ketgan joylar juda xavfli aybday, sovet hokimiyatining tagiga suv quyadigan gunohday ko‘rina boshlaydi.