Ta'sis shartnomasi korxonaning tashkil qilinishi va yakka tarzda yoki
hamkorlikdagi faoliyatning boshlanishini tavsiflovchi hujjatdir. U shuningdek,
tashkil etilayotgan korxonaning Nizomini to‘ldiruvchi hujjat ham hisoblanadi.
Ta'sis shartnomasida korxonani tashkil qilish tartibi, daromad va xarajatlarni
qatnashchilar o‘rtasida taqsimlash shartlari, korxona tashkilotchilari (muassislar)
tarkibidan chiqish shartlari belgilab qo‘yiladi.
Korxonani ro‘yxatga olish uchun quyidagi hujjatlar talab qilanadi:
1. Korxonani ro‘yxatga olish to‘g‘risidagi ariza.
2. Ta'sis shartnomasi yoki korxonani tashkil qilish to‘g‘risidagi qaror.
3. Korxona Nizomi.
4. Ta'sis shartnomasi yoki korxonani tashkil qilish to‘g‘risidagi qarorda
ko‘rsatilgan Nizom jamg‘armasining kamida 50% miqdoridagi qismi
to‘langanligini tasdiqlovchi hujjatlar.
5. Davlat bojini to‘laganlik haqida guvohnoma.
6. Monopoliyaga qarshi muassasaning korxonani tashkil qilishga roziligini
tasdiqlovchi hujjat.
7. Davlat mulkini boshqarish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvatlash qo‘mitasi
yoki uning quyi idoralari roziligi haqidagi hujjat.
Korxonani qayta tashkil qilish – bu, uning birlashib ketishi, qo‘shilishi,
bo‘linishi, ajralib chiqish va shaklini o‘zgartirishi degani. Korxonani qayta tashkil
qilish ta'sischi (ta'sischilar) yoki korxona boshqaruvi qaroriga muvofiq amalga
oshiriladi. Qayta tashkil qilish korxonaning ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari,
moliyaviy va iqtisodiy ko‘rsatkichlari avvalgiga nisbatan yaxshilanishiga xizmat
qilishi lozim.
Korxonani tugatish huquqiy xatti-harakat bo‘lib, ishlab chiqarish va xo‘jalik
yuritish faoliyatining to‘xtatilishini anglatadi. Korxona tugatilganda u davlat
ro‘yxatidan chiqariladi, uning bankdagi hisob raqami yopiladi hamda muhr,
shtamp va boshqa rekvizitlari haqiqiy emas deb hisoblanadi. Korxonani tugatishda
tugatish komissiyasi tuzilib, unga kreditorlarga korxona tugatilganini xabar qilish,
kreditorlarni aniqlash va debitorlik qarzini undirish choralarini ko‘rish,
shuningdek, korxonaning tugatilishi sababli ishsiz qolgan xodimlar ish bilan
ta'minlanishiga yordamlashish vazifasi yuklanadi.