Aylanma ishlab chiqarish fondlari
korxona ishlab chiqarish fondlarining
bir qismi bo‘lib, bitta ishlab chiqarish sikli davomida sarflanadi hamda natural
shaklini o‘zgartirib, o‘z qiymatini to‘lig‘icha tayyor mahsulot tannarxiga o‘tkazadi.
Muomala fondlari korxonaning tayyor mahsulot zahirasini yaratish uchun
mo‘ljallangan pul mablag‘lari, shuningdek, chek va veksellar, aksiyadorlarning
qarzlari, turli xil debitorlik qarzlari, bank va kassalarning hisob raqamlaridagi
mablag‘lardan iborat bo‘ladi. Shakllanish manbaiga ko‘ra, aylanma mablag‘lar
xususiy va qarzga olingan turlarga bo‘linadi.
Xususiy aylanma mablag‘lar doimo korxona ixtiyorida bo‘lib, xususiy resurslar,
asosan foyda hisobiga shakllanadi. Korxonaning xususiy aylanma mablag‘lari
qatoriga ish haqi bo‘yicha qarzlar, ta'minotchilar yoki hamkorlar qarzlari,
buyurtmachilarning tayyorlangan mahsulot uchun to‘lagan pullari kabilarni kiritish
mumkin.
Qarzga olingan aylanma mablag‘lar doimo harakatda bo‘lmaydi hamda
korxonaning mahsulotlarni sotishdagi qiyinchiliklar, moddiy-tovar boyliklar bilan
ta'minlash, mahsulot ishlab chiqarish dasturini oshirib bajarish va boshqa
vaqtinchalik ehtiyojlarni qoplash uchun foydalaniladi. Ular qatoriga bank
kreditlari, kreditorlik qarzlari (tijorat kreditlari) va boshqa passivlarni kiritish
mumkin.
Aylanma mablag‘larni normalashtirish korxonaning uzluksiz ishlashi
ta'minlaydigan moddiy boylik va boshqa resurslarning minimal, lekin yetarli
zahiralarini shakllantirish uchun zarur bo‘lgan pul mablag‘larini aniqlashda
ifodalanadi. U ichki zahiralarni aniqlash, ishlab chiqarish sikli davomiyligini
qisqartirish va tayyor mahsulotni tezroq sotish imkon yaratadi.
Korxona aylanma mablag‘laridan samarali foydalanish uchta asosiy ko‘rsatkichni
tavsiflaydi:
1)aylanishkoeffitsiyenti;
2)aylanma mablag‘larning yuklanish koeffitsiyenti;
3)vositalarning bir marta aylanishi davomiyligi.