229
Debon bergan kishi erdur va lekin
Demay berganga erlik bil musallam.
Ne deb, ne bersa bilgil ani xotun,
Debon bermasni xotundin dag‘i kam.
Pahlavon Mahmud faoliyatini Ozarbayjonga, aniqrog‘i Nizomiy Ganjaviy
faoliyatiga bog‘lovchi bir jihat ularning axiylik,
javonmardlik tariqatida
yakkash bo‘lganligidadir. Taniqli adabiyotshunos olim Ergash Ochilov
tomonidan internet saytiga berilgan maqolada o‘qiymiz: Nizomiy Ganjaviy
(taxallusi; asl ism-sharifi Abumuhammad Ilyos ibn Yusuf ibn Zakiy Muayyad
— Nizami Gəncəvi) (1141 — Ganja shahri, Ozarbayjon — 1209.12.3) —
ozarbayjon shoiri va ma’rifatparvari. Ota-bobolari Eronning Qum shahridan
bo‘lib, onasi (Ganja atrofidagi qishloqlardagi) kurd
sarkardalaridan birining
qizi bo‘lgan. Qur’onni yod olgan. Fiqh, tarix, geografiya, falsafa, mantiq va
adabdan ta’lim olib, ularning har birida ustod darajasiga yetishgan. 12-asrda
Xuroson va Movarounnahrning ko‘plab shaharlari, jumladan,
Ganjada ham
javonmardlik yoki axiylik bilan mashhur harakat keng yoyilgan. Harakat
a’zolari, asosan, kosib va hunarmandlardan iborat bo‘lib, ular zolim hukmdor
va amaldorlarga qarshi kurashgan, keng xalq ommasining manfaatlarini
himoya qilgan. Ezgulik, adolat, insof, muruvvat,
lutfu karamni shior qilib
olgan bu toifa ilmu ma’rifatga katta ahamiyat bergan. Nizomiy Ganjaviy bu
harakat qoidalarini hurmat qilgan va ularga moyil bo‘lgan. Nizomiy Ganjaviy
shaxsiyati, dunyoqarashi va ijtimoiy aqidalari shu tashkilot g‘oyalari, kosib va
hunarmandlar ta’sirida kamol topgan.
Pokistonlik olim Dok.Muhammad Riyozning mulohazalarida o‘qiymiz:
“Shunday axiylardan biri Axiy Faraj Zanjoniy (vaf. 457 h.q.) bo‘lib ko‘pgina
xabarlarda uni Nizomiy Ganjaviyning piri murshidi deb zikr qilingan. Lekin
tashqi tomondan (zohiran) olganda Nizomiy uning muridi bo‘lmagan, faqat
uning ta’limotiga juda qiziqqan. Uni (Axiy Zanjoniyga) murid deb talqin
qilish Davlatshoh Samarqandiyning xatosidir. Nizomiy th.q. 530
yillar
atrofida tavallud topgan, Axiy Faraj esa undan bir qancha muddat oldin vafot
etgan”.
Bizningcha ham Nizomiy Ganjaviyning axiylikka daxldorligi to‘g‘ri fikr.
Chunki, aynan Nizomiy Ganjaviy yashagan davrda futuvvat bosqichining ikkinchi
davri, ya’ni axiylik davri boshlangan va bu ko‘proq Ozarbayjon va Turkiy
hududlarida keng yoyilgan. Pahlavon Mahmud Puryorvaliy ham Shayx Najmiddin
Kubroning ma’naviy shogirdi sifatida futuvvat bosqichining ikkinchi davrida
yashagan avliyolardan edi. Navoiy uni “yoshurun suluk va riyozati ham bor
ermish, andoqki fayz olamidin choshni yetgan ermish», deya qayd etganida aynan
futuvvatning ikkinchi bosqichida rivojlangan axiylik vakili bo‘lganiga ishora
230
qilgan. Zero axiylar o‘zlarini xalqqa namoyon qilishmagan va ko‘proq kasb-
hunarni keng yoyish bilan shug‘ullanganlar. Shu o‘rinda Sa’dulla Siyoyevning
“Avaz O‘tar” romanidagi keltirilgan quyidagi epizod fikrimizni quvvatlaydi: “-
Pahlavon ota o‘z
davrida bir uyushma ham tuzgan, -dedi Avaz, ruboiyning
sehridan hamon bahra olib, - uni futuvvat deganlar. Ya’ni kim juvonmardlik.
Mazkur uyushmaga temirchilar, yo‘nuvchilar, miskarlar, mo‘ynado‘zlar,
do‘zandalar, xullas,
hunarmand ahli borki, barchasi jamlangan. Ular xuddi...sizu
bizga o‘xshab maxfiy bir tashkilot bo‘lgan. Avom xalq og‘irini yengil qilamiz deb
uringan ”.
Navoiy “Mahbub ul-qulub”da yozadi: “Bitta o‘tmakni ikki bo‘lub, yarmin bir
ochg‘a berganni saxiy de; o‘zi yemay barin muhtojga berganni axiy de”... Qit’a:
Kishida barcha axloqi hamida,
Chu jam’ o‘ldi qo‘yarlar otin ehson.
Biri andin saxodur, bir muruvvat,
Bular gar yo‘qtur, inson ermas inson.
Pahlavon Mahmud ruboiylaridan birida yozadi:
Marde, ki bamarde hunari sher kunad,
Sad qala’i sangin zabaru zer kunad.
Sad sol baro‘z ro‘zavu, shab banamoz,
Chandon nabvad gurisna ro sir kunad.
(Botir kuchini ko‘rsatadi har kishiga,
Yuz qal’a ushalgay tob bermay kuchiga.
Yuz yil tunu kun namozu ro‘za qilsang,
Yetmaydi bir ochni to‘yg‘azishlik ishiga).
Dostları ilə paylaş: