J.M.Keyns nazariyasi . Ingliz iqtisodchisi J.M.Keynsning
(1883-1946-yillar) iqtisodiy nazariyasi davlat tomonidan tartibga
solishda kapitalistik ishlab chiqarishning ehtiyoji sifatida vujudga
keldi hamda u moliyaviy konsepsiyani shakllantirishga va
moliyaviy siyosatni ishlab chiqishga juda katta ta’sir ko‘rsatdi.
Keynscha tavsiyalar, uning turli xildagi modifikatsiyalari bilan
birgalikda, uzoq yillar davomida turli davlatlarning amaliyotida
foydalanildi. J.M.Keyns moliyaviy konsepsiyasining asosida
“samarali talab” g‘oyasi yotadi.
Iqtisodiyot 1929-1933-yillardagi og‘ir siklik inqirozni boshdan
kechirayotgan bir paytda J.M.Keyns o‘zining nazariyasini
“Bandlik, foiz va pulning umumiy nazariyasi” nomli asarida (1936-
yil) bayon etdi. Unda beqaror rivojlanish sharoitida davlat
iqtisodiyotga aralashuvining zarurligi asoslab berildi. Moliyaviy
kategoriyalar va birinchi navbatda, davlat xarajatlari ana shunday
aralashuvning vositalari bo‘lishi kerak. Ularning shakllanishi,
tarkibiy tuzilmasi va o‘sishi “samarali talab”ga erishishning muhim
omillari bo‘lmog‘i lozim. Soliqlar va qarzlar hisobidan davlat
xarajatlarining o‘sishi tadbirkorlik faoliyatini jonlantirishi va milliy
daromadning ko‘payishini ta’minlashi hamda ishsizlikka barham
berishi mumkin. Bu maqsadga erishish uchun, muallifning
fikricha, davlat faqat o‘z xarajatlarining darajasini oshiribgina
qolmasdan, balki shaxsiy va investitsion iste’molga ham ta’sir
ko‘rsatishi kerak.
J.M.Keyns soliqlar va ularning asosiy “psixologik qonun”ga
ta’siri masalalariga alohida ahamiyat bergan. Ana shu “qonun”ga
muvofiq, insonlar o‘z iste’mollarini oshirib borishga moyildir. Lekin
bu moyillik ular daromadlarining oshganchalik darajasida emas.
Bu narsa, o‘z navbatida, tovarlarga bo‘lgan talabning pasayib
ketishiga va ishlab chiqarishning qisqarishiga olib keladi. Davlat
ana shunday “qonun”ning paydo bo‘lishiga to‘sqinlik qilishi hamda
soliq tushumlari, qarzlar hisobidan o‘z xarajatlarini oshirish yoki
turli usullar orqali xususiy investitsiyalarni rag‘batlantirish yo‘li
bilan yetmayotgan talabni to‘ldirishi kerak. Uning formulasi
quyidagicha: