www.ziyouz.com kutubxonasi
208
482. Abu Hurayra (r.a.) aytadilar: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga uch
xislatni o‘rgatdilar. Ularni o‘lgunimcha tashlamayman. Hamisha tahoratli yurish, har
oyda uch kun ro‘za tutish, choshgoh namozini qoldirmaslik".
483. Hafsa onamizdan (r.a.) rivoyat qilinadi: "Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam to‘rt
narsani tark qilmas edilar. Ashuro kunida, ashr kunlarida va oyda uch kun ro‘za tutishni
hamda bomdoddan oldin ikki rak’at namoz o‘qishni".
484. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytadilar: "Sabr oyida (ya’ni, ramazonda)
ro‘za tutinglar va har oyda uch kun ro‘za tutinglar, u bir dahrlik ro‘za o‘rnidadir. U
qalbdagi adovatni ketqazadi".
Abdulloh ibn Shaqiq Uqayliy aytadilar: "Madinaga kelib, Abu Zarr Fiforiyni (r.a.)
uchratdim. Unga: "Bugun qaysi holda ekaningizni bilayin", dedim. Xullas, undan
"Ro‘zamisiz?" deb so‘radim. "Ha", dedilar u kishi. Umar ibn Xattobning (r.a.) oldilariga
kirishga izn so‘rab kutib turardilar. Huzurlariga kirganimizdan keyin bir tovoq ovqat olib
kelishdi. Abu Zarr ham yeya boshladilar. Men qo‘lim bilan imo qilib, u kishiga eslatdim. U
zot: "Men senga nima deganimni unutganim yo‘q, men ro‘zaman. Har oyda uch kun
ro‘za tutaman, demak, abadiy ro‘zadorman", dedilar".
485. Abdulloh ibn Amr ibn Os (r.a.) aytadilar: "Men mujtahid bir kishi edim. Otam meni
uylantirdi. Bir kuni otam uyimga kelib meni ko‘rmabdi. Xotinimdan: "Ering qanday?" deb
so‘rabdi. Xotinim: "Juda yaxshi odam. Uxlamaydi, og‘iz ochmaydi, doim ro‘za", debdi.
Otam mendan gumon qilib keyin aytdiki: "Men seni musulmon ayolga uylantirdim, uning
haqqini ado et". Men otamning so‘zlariga parvo qilmadim. Quvvatim, ijtihodim bor edi.
Bu gap Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga yetib, u kishi meni chaqirtirdilar. Va
aytdilarki: "Men namoz o‘qiyman, ro‘za tutaman va og‘iz ochaman. Sen ham namoz o‘qi,
uxla, har oyda uch kun ro‘za tut". Men aytdim: "Ey Allohning elchisi, men bundan ko‘ra
quvvatliman". Aytdilar: "Bir kuni ro‘za tutib, bir kuni tutma. Bu Dovudning (a.s.)
ro‘zalari". Keyin so‘radilar: "Qur’onni qanchada o‘qib bo‘lasan?" "Ikki kecha-kunduzda",
dedim. "Har o‘n besh kunda o‘qi", dedilar. "Ey Allohning elchisi, men bundan ko‘ra
quvvatliroqman", dedim. "Yetti kunda o‘qi", deb, so‘ng qo‘shimcha qildilar: "Har bir
amalning ochko‘zligi bor va har bir ochko‘zlikda ozgina vaqt hirs bo‘ladi. Kimning o‘sha
vaqti mening sunnatimda bo‘lsa, u hidoyat topadi. Kimniki boshqa narsada bo‘lsa, halok
bo‘ladi".
Ablulloh ibn Amr (r.a.) aytadilar: "Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning ruxsatlarini
qabul qilganimda edi, ahlim va molimning yana shuncha bo‘lishidan yaxshiroq edi.
Bugun qariganman, kuchim ketdi va Rasululloh sollallohu alayhi vasallam buyurganlarini
tark qilganimni yomon ko‘rib turibman".
Ibn Abbosning (r.a.) huzurlarida bir kishi kelib, ro‘za haqida so‘radi. "Men xazinamda bor
so‘zlarimni senga gapirib beraman, – dedilar u kishi. – Agar Sulaymon alayhissalomning
ro‘zasini xohlasang, u zot oyning avvalida uch kun, o‘rtasida uch kun va oxirida ham uch
kun ro‘za tutardilar. Agar Dovud alayhissalomning ro‘zasini xohlasang, u zot bir kun
ro‘za tutib, bir kun og‘izlari ochiq bo‘lardi. Agar Iso alayhissalomning ro‘zasini xohlasang,
u zot yil bo‘yi ro‘za tutardilar. Arpa yer edilar. Qattiq jundan kiyim kiyardilar. Kechasi
bo‘lsa, oyoqlarini namozga saflar edilar, bomdod namozining alomati kelguncha
turardilar. U kishi qaerda tursalar, ikki rak’at namoz o‘qirdilar. Agar u kishining
Tanbehul g’ofilin. Al-Faqih Abu Lays as-Samarqandiy