Siydikdagi ba‘zi patologik o‗zgarishlar. Tibbiy amaliyotda sog‗lom
odamlarning siydigida mavjud bo‗lmagan moddalarni aniqlash juda muhimdir. Bu
xil moddalar jumlasiga oqsil, shakar, o‗t va qon pigmentlari va boshqalar kiradi.
Quyida ayrim patologik holatlarda siydik tarkibining o‗zgarishiga oid ba‘zi
ma‘lumotlar keltiriladi.
Proteinuriya. Buyrakning o‗tkir shikastlanishi, yurak faoliyatining izdan
chiqishi kasalliklarida, homiladorlik paytida siydik tarkibida oqsil, xususan, qon
zardobi oqsillari 0,2-0,5 % va undan yuqori konsentratsiyada paydo bo‗lishi
mumkin. Suyaklarning shikastlanganida ham siydikda oqsil paydo bo‗lishi
mumkin, bu oqsilli siydikni 60-70° C haroratgacha qizdirganda cho‗kadi va harorat
80° C da yetkazilganda yana erigan holatga keladi. Bu oqsilni shifokor nomi bilan
Bens-Djons oqsili deb yuritiladi, chunki u kishi birinchi marta bu oqsilni
ta‘riflagan edi. Bu oqsilning kashf etilishi suyaklarning organik moddalariga oid
jarohatlarni aniqlashda muhim diagnostik ahamiyatga ega.
Gematuriya va gemoglobinuriya. Siydik tarkibida qon hujayralarining
paydo bo‗lishini
gematuriya deb ataladi. Bu holat siydik yo‗llari shikastlanganda,
jinsiy-tanosil yo‗llari jarohatlanganda paydo bo‗ladi. Gematuriyada siydik to‗q-
qizil rangga kiradi. Eritrotsitlar parchalanganda siydikda gemoglobin paydo
bo‗ladi, uni
gemoglobinuriya deyiladi. Bu og‗ir simptom kompleksi, og‗ir
yuqumli kasalliklarda, kuyish va zaharlanish holatlarida paydo bo‗ladi.
Glukozuriya. Jiddiy ruhiy kasallikda, qandli diabetda va ko‗p miqdorda
shakar iste‘mol qilganda siydikda shakar paydo bo‗ladi, uning miqdori bunday
holatlarda hatto 100-200 mg % ga yetishi mumkin.
Ketonuriya (atsetonuriya). Bu holat siydikda ko‗p miqdordagi atseton
tanachalari (atseton, atseto-sirka kislotasi va β-oksimoy kislota) mavjudligi bilan
tavsiflanadi. Sog‗lom odamda, odatda, siydik tarkibidagi keton tanachalari kuniga
20-30 mg atrofida ajratib chiqariladi. Qandli diabet kasalligida bu miqdor 60 g
gacha ko‗payb ketishi mumkin.