2– mavzu: HUKM (MULOHAZA) VA XULOSA CHIQARISH 1.
Hukm (mulohaza). Oddiy hukm, uning tarkibi va turlari
2.
Murakkab hukmlar, ularning tarkibi va turlari
3.
Xulosa chiqarish haqida umumiy tushuncha. Deduktiv xulosa chiqarish
4.
Induktiv xulosa chiqarish
Tayanch tushunchalar: Hukm, oddiy hukm, murakkab hukm, hukm va
gap, subyekt, predikat, tasdiq hukmlar, inkor hukmlar, yakka hukmlar,
juz‟iy hukmlar, umumiy hukmlar, xulosa, deduktiv xulosa, induktiv
xulosa, sillogizm, entimema, analogiya.
1. Hukm (mulohaza), uning mohiyati va tarkibi Hukm biron narsa yoki hodisa va uning belgisi to„g„risida tasdiqlab
yoki inkor qilib bildirilgan fikrdir. Hukmlar tuzilishiga ko„ra oddiy va
murakkab bo„ladi. Oddiy hukm deb tarkibidan yana bir hukmni ajratib
bo„lmaydigan hukmga aytiladi.
Hukmlar grammatik gap orqali ifodalanadi, lekin har qanday gap
hukm bo„la olmaydi, ya‟ni ular aynan bir xil emas. Shunday gaplar borki,
(masalan, so„roq va undov shaklidagi gaplar) ularda tasdiqlash ham, inkor
qilish ham bo„lmaydi: “Bugun kutubxonaga borasanmi?”, “Sportning
qaysi turiga qiziqasiz?”, “Imillamasdan tezroq bo„lsang-chi!”, “Yashasin
o„zbek xalqining millatparvar, fidoiy insonlari!”. Bunday gaplar hukm
bo„la olmaydi.
Hukm tarkibida mantiqiy ega va mantiqiy kesimni ajratib ko„rsatish
mumkin. Mantiqiy ega – subyekt (S) fikr qilinayotgan predmet va hodisani
bildiradi. Mantiqiy kesim – predikat (P) predmetga xos xususiyatni,
munosabatni bildiradi. Predikatda ifodalangan bilimlar hisobiga subyekt
haqidagi tasavvur boyitiladi. Hukmning sub‟ekt va predikati uning
terminlari deb ataladi. Hukmning uchinchi zaruriy elementi mantiqiy
bog„lamadir. U subyekt va predikatni bir-biri bilan bog„laydi, natijada
hukm hosil bo„ladi. Oddiy qat‟iy hukmning formulasi quyidagicha
yoziladi: S – P.
Oddiy hukmlar sifati va miqdoriga ko„ra turlarga bo„linadi.
Sifatiga ko‘ra tasdiq va inkor hukmlar farqlanadi.