www.ziyouz.com kutubxonasi
116
Bu xotin olti oydan beri yolg‘iz uyda, yolg‘iz yotib, bu rahmsiz toshyurak qora
ko‘ngillar qo‘lida tortgan jabr jafolarini onglagach, buning oldida bizning ishimiz holva
bo‘lib qoldi. Yana bir kuni qarasam, o‘rtamizdagi devor tangadek teshilib, bir narsa
qimirlagandek bo‘ldi. Tortib olsam cho‘ka yog‘ochi ekan. U bilan oramiz ochilib, telefon
qurgandek bemalol gaplashgani turdik. Eri dubbegi bo‘lgani uchun qanchadur oltin solib,
shuni to‘latmoqchi ekan. Bundan boshqa ham turma sirlaridan birmuncha ishlarini bizga
tushuntirib turdi. Keyin eshitsam, bu xotin turmadan qutilgach, o‘z odatlaricha dindorlik
bilan masturalikda yurib, umri qisqa ekan, dunyodan o‘tibdur. Xudo rahmat qilsin!
Yigirma kunga yaqin bu uyning qiyinchiliklarini ko‘rganimizdan so‘ngra, bizni bu
yerdan ko‘ra kengroq, yorug‘roq bo‘lgan yonimizdagi uyga chiqazdi. Bunda esa Kuchar
oqsoqoli Muhammadali oxun yo‘ldoshi bilan, men To‘roxun bilan to‘rt kishi o‘n kuncha
o‘ltirganimizdan keyin, ikki askar kelib bizni haydaganicha bir maydonga chiqardi.
Qarasak, oldi orqasi o‘ralgan, ikki ot qo‘shilgan ko‘tak (yog‘och arava) arava tayyor
turibdi. Qurollik uch askar boshchisi qirg‘iz, qolgan ikkovi uyg‘ur, birovi oldimizda, ikkovi
yonimizda xitoy odatlaricha miltiqlari tiklangan holda turardi. «Nari tur», deb qichqirib
yo‘lovchilarni qo‘rqitgach, ko‘z qo‘rqitish, yurak cho‘chitish uchun bo‘lsa kerak, oldi-
orqamizni o‘ragan askar, xalq ko‘p bozor o‘rtasidan yurib, aravani qattiq
haydaganlaricha shahardan chiqardilar. Yo‘ldoshlarimizdan Muhammadali oqsoqol sodda
ko‘ngil, eski odamlardan ekan. O’limga ketayotgan kishi duo qilgandek, turgan xalqqa
qarab uzun o‘sgan soqolini silab boshini egdi. Buni ko‘rgan bechora musulmonlar ham
soqollarini silashib, bizga qarab duo qilgan bo‘ldilar.
Shu ahvol bilan Kuchardan chiqqanimizcha yurib, birinchi qo‘nalg‘uga yetdik. Yo‘lda
ketayotganimizda beshlab, o‘nlab ot eshak mingan bozorchi, yo‘lovchi kishilar uchrar
edi. «Chetga tort!», degan baqiriqni eshitishlari bilan biz o‘tib ketguncha ko‘cha chetida
uloqlarining boshini burib, teskari qarab turardilar. Yirtqichlar oldida boshqa jonivorlar
qandoq qo‘rqib turishsa, bu bechoralar ham shu ahvolda qo‘rqib turganlarini ko‘rdik.
Birinchi qo‘nalg‘uga kelgan kechada askar boshlig‘i meni chaqirib: «Siz yaxshi kishi
ko‘rinasiz, bizning qoidamiz bo‘yicha gunohkorlarni kechasi uyga qamab, qo‘loyoqlariga
zanjir solishimiz kerak edi, sizni ko‘rib bunday qilishga botinolmay qoldik. Xukumat
buyrug‘i bo‘lgach, biz buni bajarishdan boshqa erkimiz yo‘qdir. Sizlar tinch bo‘lsanglar
hech ish yo‘q, biz ham tinch bo‘lamiz», dedi.
To‘xtagan joyimiz, Boy degan otiga yarasha bog‘u bo‘stonlik, qalin daraxtzor bilan
o‘ralgan, oqar suvlik, havosi kelishgan bir qishloq ekan. Shu kecha soqchilarimiz bizni
yerlik Go‘nangjuzaga topshirib, o‘zlari ko‘rinishmadi. Bu yerdagi xizmatchi uyg‘ur
bolalariga qarasam, oldi 30 ga yetmagan, 18 20 yosh oralarida bo‘lib, ikki so‘zning birida
«bizning sinfiy dushmanlarimiz» deyishni o‘rganmish ekanlar. Shunga ko‘ra bizni ham
dushman hisobida ko‘rib, biz kabi asirlar haqqiga xiyonat qildilar.
Hayot olamida tarbiyat-sahobat kabi ta’sirlik narsa yo‘qligi shubhasizdur. Yolgiz insonga emas, barcha jonlik mavjudotlarda ta’lim-tarbiya ta’siri ko‘z oldimizda ko‘rilib, buning natijalari butun dunyoga tarqalib turmoqda. O’qitish o‘rgatish buyon tursin, suhbat o‘zi ham, suhbatdoshlarga o‘t bilan suvdek tez o‘tadi. Shuning uchun ham har kimga, suhbat yo‘ldoshlariga qarab baho beriladi. Nuh payg‘ambarimizning o‘gli yomon yo‘ldoshlarga qo‘shilib edi, payg‘ambarzodalik fay-zidan ajradi. Ashobi Kahfning iti yaxshilarga ergashib, Kur’onda qissasi aytilib, haq yo‘ldagi odamlar qatoriga kirdi. Ayniqsa, islomning otidan, Qur’onning xatidan boshqa hech narsaga ega bo‘lmagan bir mil-lat bolalari, ularning ko‘ngil ko‘zlariga yaxshi-yomon hech bir narsaning aksi tushmaganlikdan, nima bo‘lsa ham birinchi aksni darrov qabul qiladilar. Shunga ko‘ra sovet siyosatchilari, Shing Duban hukumati qurilgan kundan boshlaboq, bu o‘lkani qizil Ushuriston qilish uchun qalam ko‘rmagan, xat tushmagan daftar kabi top toza ko‘ngillik