Iogann Genrix Pestalotstsi (1746-1827
yy.)ning nomi alohida qayd etiladi. Zero, shveytsariyalik bu pedagog-demokrat
o’zining butun hayotini xalq bolalarini tarbiyalash va o’qitish ishiga bag’ishlagan.
Uning “Lingard va Gertruda” (1781-1787 yy.), “Gertruda o’z bolalarini qanday
qilib o’qitadi”, “Onalar kitobi yoki onalar uchun o’z bolalariga kuzatish va
gapirishni qanday o’rgatish haqida qo’llanma” kabi asarlarida oilaning bola
tarbiyasidagi o’rni, onaning bu boradagi namunasi bayon etilgan.
Iogann Genrix Pestalotstsining fikricha, tarbiyaning maqsadi odamning barcha
tabiiy kuchlarini va qobiliyatlarini o’stirish, o’stirganda ham bir-biriga uyg’un
ravishda o’stirishdir. Tarbiyaviy omilning bolaga ko’rsatayotgan ta’siri uning
tabiatiga uyg’un bo’lishi lozim.
Pedagog tarbiyaning mohiyati to’g’risidagi o’z tasavvurlariga asoslangan holda
tarbiyaning yangi, ya’ni, shaxsning tabiatiga muvofiq holda uning kuchi,
imkoniyatlarini rivojlantirib borishga yordam beruvchi metodlarni yaratishga
intiladi. Iogann Genrix Pestalotstsi ham boshqa pedagoglar kabi bolani
tarbiyalashni uning tug’ilgan kunidanoq boshlash lozimligini uqtirib o’tadi: “Bola
tug’ilgan soat unga ta’lim berishning birinchi soatidir”. Shu sababli pedagog
chinakam pedagogika onani to’g’ri tarbiyalash metodlari bilan qurollantirishi
lozim, deb hisoblaydi. Pedagogika san’ati esa tarbiya metodikasini har bir ona, shu
jumladan, oddiy dehqon ayoli ham egallab oladigan darajada soddalashtirib bera
olishi lozim. Tabiatga muvofiq tarbiya oilada boshlanib, maktabda davom
ettirilishi kerak.
Iogann Genrix Pestalotstsi tarbiyaning asosiy vazifasini kelgusida ijtimoiy
jihatdan foyda keltira oladigan hamda har jihatdan uyg’un kamol topgan insonni
tarbiyalab voyaga etkazishdir, deb hisobladi. Bolalar boshqalarga foyda
keltiradigan ishlarga jalb etilib, bu borada izchil mashq qildirish yo’li bilan axloqiy
jihatdan kamolotga etkaziladi. Pedagogning fikricha, organizmning tabiiy
ehtiyojlarini qondirish asosida bolada onaga nisbatan tug’iladigan mehr-muhabbat
axloqiy tarbiyaning eng oddiy ko’rinishi (elementi)dir. Bolaning axloqiy etuk
bo’lishi uchun oila muhitida asos solinadi. Bolaning o’z onasiga bo’lgan
muhabbati asta-sekin oilaning boshqa a’zolariga nisbatan ham namoyon bo’la
boshlaydi.
Qisqa qilib aytganda, Iogann Genrix Pestalotstsi oilada shaxsning barcha tabiiy
kuchi va qobiliyatlarini uyg’un qilib o’stirishni tarbiyaning asosiy vazifasi deb
hisoblaydi. Pedagogning bolani jismoniy, axloqiy va aqliy jihatdan etuk qilib
tarbiyalashga oid fikrlari bugungi kun uchun ham ahamiyatlidir.