2. Rahmdil oilalar . Ota-onalar va farzandlar o’rtasidagi munosabatlar o’rtacha
darajada ijobiylik kasb etadi. Biroq, oila a’zolari o’rtasida ota-onalar ham, bolalar
ham o’tmaydigan aniq masofa mavjud. Bolalar oilada o’z o’rnilarni bilishadi, ota-
onasiga itoat etishadi. Bolalarga nima zarurligini ota-onalarning o’zlari hal qiladi.
Farzandlar gapga quloq soladigan, g’amxo’r, ahil, inoq bo’lib voyaga etishadi,
biroq, kamdan kam holatda tashabbuskor bo’lishadi. Ular ba’zan o’z fikriga ega
bo’lmaydi, boshqalarga tobe bo’lib qoladi. Ota-onalar farzandlarning qiziqish va
ehtiyojlaridan xabardor bo’lishadi. Shu bilan birga farzandlar o’zlarining
muammolarini ota-onalari bilan muhokama qilishadi. Bu turdagi oilalarda
namoyon bo’ladigan salbiy holat – ota-onalar tomonidan farzandlar rivojlanish
dinamikasining hisobga olmaganligi sanaladi. Shu sababli ota-onalarning o’z
farzandlariga yanada ko’proq g’amxo’rlik ko’rsatishlari talab etiladi.
3. Iqtisodiy yo’nalgan oilalar . Bu kabi oilalarda asosiy e’tibor oilaning
iqtisodiy ta’minlanganligiga qaratiladi. Bolalar yoshligidanoq hayotga amaliy
(pragmatik) yondashishga, barcha narsadan o’zlari uchun qulaylik yaratishga
o’rgatiladi. Farzandlar yaxshi o’qishga da’vat etiladi, biroq, asosiy maqsad – oliy
ta’lim muassasasiga kirishdangina iborat bo’lib qoladi. Ota-ona va bolalarning
ma’naviy dunyosi qashshoq. Oilaviy munosabatlarda bolalarning qiziqishlari
hisobga olinmaydi, faqat “foydali” tashabbuslari qo’llab-quvvatlanadi. Buni garchi
to’liq ma’noda ijtimoiylashish deb atab bo’lmasa-da, bolalar tengdoshlariga
nisbatan ertaroq “voyaga etadilar”.
Ota-onalar bolalarning qiziqish va ehtiyojlarini anglashga intiladi. Farzandlar
ham buni tushunishsa-da, biroq, ba’zan ota-onalarning bu boradagi harakatlarini
qabul qilisha olmaydi. Buning asosiy sababi – ota-onalarning pedagogik
madaniyati nihoyatda past ekanligi bilan belgilanadi.