RAQAMLI TEXNOLOGIYALAR DAVRIDA TILLARNI INTENSIV OʻQITISHNING PSIXOLOGIK- PEDAGOGIK JIHATLARI RESPUBLIKA ILMIY-AMALIY ANJUMANI 2023-yil 2-iyun 379
xarakteriga ega. Insonparvarlik prinsipiga asoslangan shaxsga yo‘naltirilgan ta’limning maqsadi
o‘quvchilarga muayyan sohada bilim, ko‘nikma, malakalar majmuini taqdim etishdangina iborat
emas, balki ularning dunyoqarashi, layoqati, kreativ faoliyati, mustaqil bilim olish
ko‘nikmalarini rivojlantirishni ham nazarda tutadi. Shu bilan bir qatorda ular ongiga insoniy
qadriyatlarni singdirishga xizmat qiladi. Bularning barchasi kompetentli yondashuvning o‘ziga
xos xususiyatlarini ifodalaydi.
Kompetentli yondashuvning tayanch darajalari ta’limning bevosita maqsadga
yo‘naltirilganligida namoyon bo‘ladi. Kompetensiyada o‘quvchilarning yuqori darajada
umumlashgan ko‘nikma va malakalari mujassamlashadi. Ta’lim mazmuni esa to‘rt komponentli
model orqali oydinlashadi. Ular: bilimlar, ko‘nikmalar, ijodiy faoliyat tajribasi va qadriyatli
munosabat tajribasidan iborat.
Mutaxassislar kompetentli yondashuv doirasida ikkita tayanch tushunchani alohida
ajratib ko‘rsatganlar. Ular: kompetensiya va kompetentlilik tushunchalari. Pedagogik nazariyada
ularning mavjud jihatlarini aniqlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Kompetensiyalarning
shakllanishi va ular orasidagi o‘zaro munosabatlar bunga misol bo‘la oladi. Olimlar orasida
kompetensiyalarning tavsifiga doir yagona yondashuv mavjud emas. Bir qator mutaxassislar
“kompetensiya” va “kompetentlilik” tushunchalari orasida o‘zaro chegara mavjud emas, deb
hisoblaydilar. Shunday olimlar sirasiga В.С.Леднев, Н.Д.Никандров, М.В.Рыжаковlarni
kiritish mumkin. Aksariyat mutaxassislar esa ular orasidagi farqli jihatlarni ko‘rsatib o‘tganlar.
А.В.Хуторской o‘z tadqiqotlarida bunday farqlarni alohida ajratib ko‘rsatgan. Uning
ta’biricha, kompetensiya ta’limiy tayyorgarlikka qo‘yilgan ijtimoiy talab sifatida baholanadi.
Kompetentlilik esa, muayyan kompetensiyani o‘zlashtirish, egallashdan iborat faoliyat bo‘lib,
faoliyat predmetiga nisbatan shaxsiy munosabatni mujassamlashtiradi. А.В.Хуторскойning
fikriga ko‘ra, kompetentlilik shaxsning sifati hisoblanadi. U insonning muayyan kompetensiyani
egallashini taqozo etadi. Shu tariqa, kompetensiya bilimlar, ko‘nikmalar, malakalar, faoliyat
usullari majmui bo‘lib, ta’lim mazmunining tarkibiy qismini tashkil etadi. Kompetensiya
muayyan narsalar, jarayonlarga nisbatan faoliyatni amalga oshirish uchun zarur hisoblanadi.
Kompetensiya - insonning muayyan sohada sifatli faoliyat ko‘rsatishi uchun nihoyatda zarur [7].
И.А.Зимняя kompetensiyani muayyan ichki potensial, yangidan shakllangan yashirin
ruhiy holat sifatida talqin etadi. U insonning kompetentliligi doirasiga bilimlar, tasavvurlar,
algoritmlarni kiritib, faoliyat ifodasi sifatida namoyon bo‘lishini ta’kidlaydi [5].
“Kompetensiya” va “kompetentlilik” tushunchalarini o‘zaro qiyoslab, ularni O‘zbekiston
ta’lim tizimiga xos bo‘lgan “ta’lim jarayoniga qo‘yilgan talablar”, “ta’lim natijalarini baholash
mezonlari va ta’lim darajalari” tushunchalari bilan tenglashtirish mumkinligini izohlashga
harakat qilamiz. Shuni ta’kidlash kerakki, o‘zida bitiruvchi sinf o‘quvchilarining bilim, ko‘nikma
va malakalariga qo‘yiladigan talablarni mujassamlashtirgan umumiy o‘rta ta’limning davlat
ta’lim standartlari kompetensiyalarni ifodalaydi. O‘quvchilarning o‘zlari shaxsan erishgan aniq
ko‘rsatkichlari esa ularning kompetentlilik darajasini aks ettiradi.[8]
Kompetentli yondashuvning insonparvarlikka xos jihatlarini tasdiqlagan holda shuni
aytish mumkinki, zamonaviy pedagogik paradigma doirasida shaxsga yo‘naltirilgan pedagogik
jarayonda o‘quvchilarda tayanch va fanga oid kompetensiyalarni shakllantirishni tadqiq etishga
yo‘naltirilgan tadqiqotlar pedagogika fani va ta’lim amaliyoti uchun alohida ahamiyatga ega.