3.38. Tovar-moddiy qiymatliklar inventarizatsiyasi ro‘yxatiga nomenklatura raqami, turi,
guruhi, artikuli, navi va miqdori ko‘rsatilib har bir nom bo‘yicha kiritiladi.
3.39. Ishchi inventarizatsiya komissiyasi raisi yoki uning topshirig‘iga ko‘ra komissiya a’zolari
ombor (omborxona) mudiri va boshqa moddiy javobgar shaxslar
ishtirokida tovar-moddiy
qiymatliklarning haqiqatda mavjudligini ularni majburiy sanash, tarozida tortish yoki qayta
o‘lchash yo‘li bilan tekshiradilar. Ro‘yxatlarga qiymatliklar qoldig‘i haqidagi ma’lumotlarni
moddiy javobgar shaxslar og‘zidan yoki haqiqatda mavjudligini tekshirmasdan turib hisob
ma’lumotlari bo‘yicha qayd etish qat’iyan taqiqlanadi.
3.40. Inventarizatsiya vaqtida kelib tushadigan tovar-moddiy qiymatliklar moddiy javobgar
shaxslar tomonidan inventarizatsiya komissiyasi a’zolari ishtirokida qabul qilinadi va
inventarizatsiyadan so‘ng reyestr yoki tovar hisoboti bo‘yicha kirim qilinadi. Ushbu tovar-moddiy
qiymatliklar “Inventarizatsiya vaqtida kelib tushgan tovar-moddiy qiymatliklar” nomi bilan
alohida ro‘yxatga kiritiladi. Ro‘yxatda ular qachon, kimdan kelib tushgani, kirim hujjatining sanasi
va raqami, nomi, miqdori, narxi va summasi ko‘rsatiladi. Bir vaqtning o‘zida
kirim hujjatida
inventarizatsiya komissiyasi raisining imzosi bilan ana shu qiymatliklar qayd etilgan ro‘yxat
sanasiga havola qilgan holda “inventarizatsiyadan keyin” belgisi qo‘yiladi.
3.41. Inventarizatsiya uzoq vaqt o‘tkazilganda alohida hollarda va faqat xo‘jalik yurituvchi
subyekt rahbari va bosh buxgalterining yozma ruxsati bilan inventarizatsiya jarayonida tovar-
moddiy qiymatliklar moddiy javobgar shaxslar tomonidan inventarizatsiya komissiyasi a’zolari
ishtirokida berilishi mumkin.
Ushbu qiymatliklar “Inventarizatsiya vaqtida berilgan tovar-moddiy qiymatliklar” deb
nomlangan alohida inventar ro‘yxatiga kiritiladi. Bu ro‘yxat inventarizatsiya vaqtida kelib tushgan
tovar-moddiy qiymatliklarga oid hujjatlarga o‘xshab rasmiylashtirilishi kerak. Chiqim hujjatlarida
inventarizatsiya komissiyasi raisining imzosi bilan belgi qo‘yiladi.
3.42. Boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlarga tegishli bo‘lgan va mas’ul saqlashda bo‘lgan
tovar-moddiy qiymatliklar o‘zining tovar-moddiy qiymatliklari bilan bir vaqtda inventarizatsiya
qilinadi. Ushbu qiymatliklarga alohida inventarizatsiya ro‘yxati tuziladi va unda ushbu
qiymatliklarni mas’ul saqlashga qabul qilingani tasdiqlanadigan tegishli hujjatlarga havola
beriladi.
3.43. Yo‘lda bo‘lgan, yuklab jo‘natilgan, xaridorlar tomonidan haqi muddatida to‘lanmagan,
boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlar omborlarida bo‘lgan
tovar-moddiy qiymatliklarni
inventarizatsiyasi tegishli schyotlarda ko‘rsatilgan summalarning asosliligini sinchiklab
tekshirishni o‘z ichiga oladi.
Ushbu tovar-moddiy qiymatliklarni (yo‘ldagi, yuklab jo‘natilgan va hokazo tovarlar) hisobga
oluvchi schyotlarda tegishlicha rasmiylashtirilgan hujjatlar bilan tasdiqlangan summalargina
qolishi mumkin: yo‘lda bo‘lganlari bo‘yicha — mol yetkazib beruvchilarning schyot — to‘lov
talabnomalari yoki ularning o‘rnini bosadigan hujjatlar bilan; yuklab jo‘natilganlari bo‘yicha —
xaridorlarga taqdim etgan schyot-fakturalar nusxalari va to‘lov talabnomalari nusxalari bilan;
to‘lash muddati o‘tganlar bo‘yicha — bank muassasasining kartotekalarda to‘lov talabnomalari
mavjudligini
albatta tasdiqlashi bilan; boshqa tashkilotlarning omborlarida joylashganlari
bo‘yicha — inventarizatsiya sanasiga yaqin bo‘lgan sanaga qayta rasmiylashtirilgan saqlangan
tilxatlar bilan; bitta shahardagi mol yetkazib beruvchilarning omborlarida bo‘lganlari bo‘yicha —
inventarizatsiyani o‘tkazish sanasida qayta rasmiylashtirilgan saqlangan tilxatlar bilan.
Ushbu schyotlar boshqa korrespondensiyalanuvchi schyotlar bilan oldindan solishtirilishi
kerak.
Xaridorlar yoki buyurtmachilarga realizatsiya qilingan tovarlar, mahsulot (ish, xizmat) lar
uchun haq to‘lashda uzoq vaqt kechikish yuz berganda ushbu kechikishning sabablari
aniqlanadi va inventarizatsiya komissiyasining bayonnomasida qayd etiladi.
Kelib tushgan tovar-moddiy qiymatliklar kirim qilinmaganligi faktlari aniqlanganda ularni
olgan shaxslarning tushuntirishlari
talab qilinishi, suiiste’mollik holatida esa materiallar tergov
organlariga oshirilishi kerak.
3.44. Yo‘lda bo‘lgan, yuklab jo‘natilgan, xaridorlar tomonidan muddatida to‘lanmagan va
boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlarning omborlarida bo‘lgan tovar-moddiy qiymatliklarga
alohida inventarizatsiya ro‘yxatlari (dalolatnomalari) tuziladi.
Yo‘lda bo‘lgan tovar-moddiy qiymatliklarga doir ro‘yxatlarda har bir jo‘natma bo‘yicha
quyidagi ma’lumotlar keltiriladi: nomi (hujjatga muvofiq), miqdori va qiymati (hisob
ma’lumotlariga binoan), yuklab jo‘natish sanasi, shuningdek, ushbu qiymatliklar tegishli
schyotlarda hisobga olinishiga asos bo‘lgan hujjatlarning ro‘yxati va raqamlari. Bunda
belgilangan muddatda kelib tushmagan hamda hisobda yo‘ldagi materiallar va tovarlar sifatida
qayd etilgan yuklar bo‘yicha ularni qidirib topish uchun qanday choralar ko‘rilganligini tekshirish
zarur.
3.45. Yuklab jo‘natilgan va xaridorlar haqini muddatida to‘lamagan tovar-moddiy
qiymatliklarga doir ro‘yxatlarda har bir alohida jo‘natma bo‘yicha xaridorning nomi, tovar-moddiy
qiymatliklarning nomi, yuklab jo‘natish sanasi, schyot-faktura yozilgan sana, schyot-fakturaning
raqami va schyot-fakturaga doir summa keltiriladi.
3.46. Boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlarning omborlarida
saqlanayotgan tovar-moddiy
qiymatliklar ro‘yxatlarga ushbu qiymatliklarni mas’ul saqlashga topshirilganligini tasdiqlaydigan
hujjatlar asosida kiritiladi. Ushbu qiymatliklarga doir ro‘yxatlarda ularning nomi, miqdori, navi,
haqiqatdagi qiymati (hisob hujjatlari bo‘yicha), yukni saqlashga qabul qilish sanasi, saqlash joyi,
hujjatlarning raqamlari va sanasi ko‘rsatiladi.
Ushbu qiymatliklar mas’ul saqlashida bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi subyektlardan
inventarizatsiya ro‘yxatlarining nusxalari olinganda komissiya qiymatliklarning haqiqatdagi
mavjudligini (inventarizatsiya ro‘yxatlari nusxalarining ma’lumotlari asosida) hujjatlarga binoan
belgilangan miqdor bilan taqqoslaydi.
3.47. Boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlarda qayta ishlashda bo‘lgan tovar-moddiy
qiymatliklarga doir ro‘yxatlarda qayta
ishlovchi korxonaning nomi, qiymatliklar nomi, miqdori,
hisob ma’lumotlari bo‘yicha haqiqatdagi qiymati, qiymatliklarni qayta ishlashga berish sanasi,
hujjatlarning raqamlari va sanasi ko‘rsatiladi.
3.48. Foydalanishda bo‘lgan inventar va xo‘jalik jihozlari ular joylashgan joyi va mas’ul
saqlashda bo‘lgan shaxslar bo‘yicha inventarizatsiya qilinadi.
Inventarizatsiya har bir buyumni ko‘zdan kechirish yo‘li bilan o‘tkaziladi. Inventarizatsiya
ro‘yxatlariga inventar va xo‘jalik jihozlari buxgalteriya hisobida qabul qilingan nomenklaturaga
muvofiq nomlari bo‘yicha kiritiladi.
Xodimlarga yakka tartibda foydalanish uchun berilgan inventar va xo‘jalik
jihozlari
inventarizatsiya qilinganda guruhiy inventarizatsiya ro‘yxatlarini tuzishga yo‘l qo‘yiladi, ularda ana
shu jihozlar uchun mas’ul bo‘lgan, ularga shaxsiy kartochkalar ochilgan shaxslar ko‘rsatilib,
inventraizatsiya yozuv ro‘yxatlarida tilxatga imzo chektiriladi.
Ro‘yxatlarda inventar va xo‘jalik jihozlarining boshlang‘ich qiymati ko‘rsatiladi.
Yuvish va tuzatishga yuborilgan maxsus kiyim (korjoma) va sochiq-dasturxonlar
inventarizatsiya ro‘yxatiga maishiy xizmat ko‘rsatish korxonalarining qaydnoma-yukxatlari yoki
kvitansiyalari asosida yozilishi kerak.
Yaroqsiz holga kelgan va hisobdan chiqarilmagan inventar va xo‘jalik jihozlarga ishchi
inventarizatsiya komissiyasi tomonidan foydalanish vaqti, yaroqsiz bo‘lish sabablari, ushbu
buyumlardan xo‘jalik maqsadlarida foydalanish imkoniyatlari ko‘rsatilib dalolatnomalar tuziladi.
3.49. Idish ro‘yxatlarga turlari, maqsadli vazifasi va sifat holatiga (yangi,
ishlatilgan,
tuzatishni taqozo etadigan va h.k.) binoan kiritiladi.
Tekshirish oldidan bo‘sh idish (tara) turlari bo‘yicha tanlanishi kerak, ya’ni:
yog‘och idishlar (yashiklar, bochkalar);
karton idishlar;
metall idishlar (flyagalar, barabanlar);
to‘qimachilik idishlari (qoplari).
Yaroqsiz holga kelgan idishlarga ishchi inventarizatsiya komissiyasi tomonidan sabablari va
idish uchun mas’ul shaxslar ko‘rsatilib dalolatnoma tuziladi.