Narxning mazmuni va uning vazifalari Tovarlar qiymati va ularning nafliligi o‘zlarining namoyon bo‘lishini narxda
topadi. Amaliy hayotda qiymat tovar ishlab chiqaruvchilarni, naflilik esa
iste’molchilarni rag‘batlantiruvchi, ularni harakatga keltiruvchi kuch sifatida amal
qiladi.
Tovarning bir-biriga qarama-qarshi bo‘lgan, lekin doimo bir-birini taqozo
etadigan, birisiz ikkinchisi bo‘lmaydigan ikki xususiyatga, ya’ni ma’lum bir
naflilikka (iste’mol qiymatiga) va qiymatga ega ekanligi, tovar yoki xizmat shu
ikki xususiyat birligidan iborat ekanligi o‘quvchiga oldingi boblardan ma’lum.
Oldingi o‘rinlarda biz tovarning qiymati har qanday sarflarni emas, balki mavjud
sharoitda shu tovarni ijtimoiy zaruriy miqdorda va sifatda ishlab chiqarish, ya’ni
ijtimoiy-zaruriy naflilikni yaratish uchun zarur bo‘lgan ijtimoiy zaruriy sarflarni
ifoda etishini aytib o‘tgan edik. Narxlar mazmunini aniqlashda tovardagi mana shu
ikki xil xususiyatning, ya’ni ijtimoiy qiymat va ijtimoiy naflilik birligini, bunda
iste’mol qiymati (naflilik) qiymatni o‘zida olib yuruvchi moddiy asos ekanligini
to‘g‘ri hisobga olmaslik natijasida narx mazmuni turli olimlar va oqimlar
tomonidan turlicha aniqlanmoqda va unga turlicha ta’rif berilmoqda. Buning ustiga
narxning darajasiga (yuqori yoki past bo‘lishiga), uning o‘zgarishiga turli xil
omillar ta’sir qiladiki, bu ham masalani to‘g‘ri tushunishni biroz chigallashtiradi.
Masalan, ingliz klassik siyosiy iqtisod maktabi vakillari g‘oyalarida hamda oldingi
siyosiy iqtisod darsliklarida narxning asosini qiymat tashkil qiladi deyilgan bo‘lsa,
marjinalizm yo‘nalishidagi va hozirgi davrdagi P.Samuelson, K.Makkonnell va
S.Bryularning «Ekonomiks» darsliklarida, shuningdek, yaqinda chop etilgan ayrim
iqtisodiyot nazariyasi darsliklari va o‘quv qo‘llanmalarida tovar narxining asosini
uning nafliligi, aniqroq aytganda, qo‘shilgan miqdor nafliligi tashkil qiladi
deyiladi. Bunda so‘nggi qo‘shilgan miqdor nafliligiga alohida e’tibor beriladi.
Uchinchi guruh olimlar esa narx talab va taklif asosida tashkil topadi deyishadi.
Ularning har biri o‘zlaricha turli dalillar topib, o‘z g‘oyalarini isbotlashga harakat
qiladilar
6
.
Rosiyada chop etilgan bir qator «Iqtisodiyot
nazariyasi» darsliklarida tovarning ikki xil xususiyati
va binobarin, har ikki nazariyaning mohiyati,
mazmuni va ularning narxni to‘g‘ri aniqlashdagi roli
beriladi, lekin narxning asosida nima yotishi haqida
aniq fikr berilmaydi.
Bundan ko‘rinib turibdiki, bozordagi mavjud
narxlarga mehnat sarflari yoki qiymatning aynan o‘zi
deb qarash noto‘g‘ridir. Chunki unga mehnat sarfidan
6
Campbell R. McConnell, Stanley L. Brue Economics p. 436-437