AXBOROT JAMIYATI KONSEPSIYASI — industrial va postindustrial jamiyat
nazariyalarining davomi. Unga ko‗ra ijtimoiy tizimlarni o‗zgartirishning yangi omili
sifatida informatika, kompyuterlar va elektronika chiqadi va ular negizida yangi sinflar
va millatlardan yuqori ijtimoiy guruhlar (uyushmalar) vujudga keladi, ijtimoiy rivojlanish
mexanizmlari o‗zgaradi. Nazariyotchilari O.Tofler, J.Neysbit, E.Masuda va b.lar.
«Axborot jamiyati»da insonning barcha muammolari axborotdan global foydalanish
hisobiga hal qilinadi.
AXBOROT RESURSLARI — shaxs, jamiyat va davlatning hayoti va faoliyati
jarayonida olingan biror bir shaklda hujjatlangan ma‘lumot. Davlatga va davlatga oid
bo‗lmagan A.r. bo‗lishi mumkin. Mulk shakliga qarab fuqarolar, davlat hokimligi,
mahalliy o‗zini-o‗zi boshqarish organlari, tashkilotlar va ko‗shma korxonalar tasarrufida
bo‗lishi mumkin.
AXBOROTNING ISHONCHLILIGI — olingan axborotning obyektiv voqelikga
mos kelishi va undagi holisonalik.
AXLOQ — kishilarning bir-birlariga, oilaga, jamiyatga bo‗lgan munosabatlarida
namoyon bo‗ladigan xatti-harakatlari, xulq-atvorlari, odoblari majmui. Huquqdan farqli
ravishda A. talablarini bajarish-bajarmaslik ma‘naviy ta‘sir ko‗rsatish shakllari
(jamoatchilik tomonidan baho berish, qilingan ishni ma‘qullash yoki qoralash) bilan
belgilanadi. Sharqning buyuk mutafakkirlari insonni A.iy kamol toptirish, uni har
tomonlama rivojlantirish, ma‘naviy qiyofasini shakllantirish jamiyat taraqqiyotining
muhim omillaridan biri, deb qarashgan. A. har bir vaziyatni baholash va to‗g‗ri qadamlar
qo‗yish imkonini beradi. Axloq moddiy foyda keltirmaydi, shuning uchun individual
darajada u utilitar emas. Ammo axloq insoniyat darajasida - utilitar, chunki u insoniyatni
saqlab qolish shartidir. Axloq bilan siyosatning bosh ijtimoiy funksiyalari mos tushadi:
har ikkalasi umumiy farovonlik va ijtimoiy adolat himoyachisi bo‗lishga da‘vogarlik
qiladi.