2-MAVZU: FALSAFIY TAFAKKUR TARAQQIYOTI BOSQICHLARI: SHARQ FALSAFASI 23
sunniylik, shialik va xorijiylik. Ular diniy ta’limot, marosimchilik, axloqiy-huquqiy me’yorlarga
oid masalalarda o‘zaro farqlanib turadi. Sunniylik va shialik hokimiyat masalasida (sunniylik
xalifalik hokimiyati, shialik esa imomat hokimiyati tarafdori), ayrim diniy marosim va an’analarda
bir-biridan farq qiladi.
Islomda hanafiylik, ash’ariylar, jabariylar, qadariylar, sifatiylar, murji’iylar, mu’taziliylar
kabi mazhablar mavjud. Qadariylar inson iroda erkinligini yoqlab chiqib, uni tan olmagan
jabariylarga qarshi chiqqan. Mutakallimlar aristotelchilik falsafasi usul va vositalaridan foydalanib,
islomning diniy-aqidaviy ta’limotini asoslab berishga uringan.
Tasavvuf va uning tariqatlari. Tasavvuf falsafiy oqim va diniy-ma’naviy hodisa sifatida
islom dini doirasida (ko‘pgina ichki sabablar va ba’zi tashqi unsurlar — buddaviylik va
hindiylikning ilk diniy tasavvurlari, sharqiy xristian tarkidunyochiligi, neoplatonizm kabilarning
ta’siri ostida) paydo bo‘ldi. Tasavvuf uchun vahdoniyat — Ollohning birligi, Olloh va olamning
porlab turishi, fano bo‘lish, orif shaxsining tangri taolo bilan ruhan birlashib ketishi kabi
mushohadalar muhim ahamiyat kasb etadi. Bu oqim namoyandalari va tarafdorlarini so‘fiylar,
deb ataganlar va «so‘fizm» atamasi shundan paydo bo‘lgan. Ilk so‘fiylar aholining kambag‘al
toifasi orasida shakllangan. Ularning qarashlari istilochilar zulmi, adolatsizlik, ijtimoiy
tengsizlikka qarshi norozilik belgisi sifatida ham yuzaga kelgan.
Tasavvufning muhim jihatlari yirik musulmon ilohiyotchisi Abu Homid Muhammad ibn
Muhammad al-Fazzoliyning (1059-1111) «Diniy ilmlarning tiriltirilishi» asarida bayon etilgan. Ul
zot dunyo qonuniyatlarini aql orqali bilishni e’tirof etgan, lekin Ollohni aql bilan anglash mumkin
emasligini ta’kidlaganlar. U faqat qalb, maxsus ruhiy harakatlar — iltijo-ibodatlar ko‘magida bilib
boriladi. Mantiq, tabiatni bilish Ollohni tanishga xalal bermasa, ular ahamiyatlidir, agar aksincha
bo‘lsa, ularning maqomi chegaralanadi.
Rasmiyatchilik, aqidachilikni tasavvuf ahli qabul qilmagan. Ularning fikricha, iymon-
e’tiqodning mohiyati Ollohdan boshqa narsaga muhtoj bo‘lmaslik, hech qanday mulkning quliga
aylanmaslik, boriga sabr-qanoat qilib yashashdir. Ollohga etishish uchun qalbni poklash, nafs
balosidan ozod bo‘lish darkor. Ana shundagina inson dili nur bilan to‘ladi, nuqsonlarni
boshqalardan emas, o‘zidan izlaydigan darajaga ko‘tariladi, Haq sari yaqinlashadi, bema’ni
qarash va tushunchalarning qullik kishanidan o‘zini ozod qiladi, chunki inson qalbi hurdir.
Tasavvufda