2-mavzu. Moliyaviy siyosat


Demak, takror ishlab chiqarishning alohida ehtiyojlarini qondirish va uzluksiz



Yüklə 71,79 Kb.
Pdf görüntüsü
səhifə2/2
tarix14.12.2023
ölçüsü71,79 Kb.
#177162
1   2
Moliyaviy siyosat2

Demak, takror ishlab chiqarishning alohida ehtiyojlarini qondirish va uzluksiz 
takror ishlab chiqarish jarayonini moliyaviy resurslar bilan ta’minlash uchun ijtimoiy 
boylikni shakllantirish, taqsimlash va qayta taqsimlash jarayonlariga yo‘naltiriladigan 
maqsad va vazifalarning yechilishini aniqlash moliyaviy siyosat deyiladi. 
Moliyaviy siyosatga 
quyidagicha boshqa ta’rif berish ham mumkin: 
moliyadan foydalanishning metodlari, uni 
tashkil qilishning amaliy shakllari va metodologik prinsiplarining majmui (yig‘indisi) 
moliyaviy siyosat deyiladi. 
Ayrim hollarda moliyaviy siyosat davlatning o‘z funksiyalarini bajarishi uchun moliyaviy 
munosabatlardan foydalanish bilan bog‘liq bo‘lgan davlat organlarining ma’lum bir faoliyati 
sifatida talqin qilinadi. Bunday talqin o‘zida bir necha xavfni mujassam etadi. Buning boisi 
shundaki, iqtisodiyot taraqqiyotida davlatning roli to‘g‘risidagi jamiyatda hukmron bo‘lgan 
tasavvurlarga muvofiq ravishda davlatning vazifalari va funksiyalari ham o‘zgaradi, 
takomillashadi. Masalan, mamlakat iqtisodiyotiga davlatning aralashuvi, aholi turmush darajasi 
ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlarini tenglashtirish va shunga o‘xshash davlatning funksiyalari va 
vazifalarini aniqlaydigan boshqa bir qancha masalalar hamon munozaraligicha qolmoqda. Buning 
ustiga, moliyaviy siyosatdan faqat davlatning funksiyalarini bajarish vositasi (instrumenti) sifatida 
foydalanish davlat hokimiyat organlari, mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan moliyaviy 
tizimning boshqa subyektlari, ya’ni aynan mamlakatning aholisi va xo‘jalik yurituvchi subyektlari 
manfaatlari o‘rtasida qarama-qarshiliklarni keltirib chiqaradi.
Masalan, ko‘plab mutaxassislar, shu jumladan, davlat hokimiyat organlarining vakillari 
tomonidan amaldagi soliq mexanizmining kamchiliklari mavjudligi, biznesning ayrim sohalari 
uchun esa uning oqibati juda yomon natijalarga olib kelishi mumkinligi ilmiy va amaliy jihatdan 


asoslansa-yu, moliyaviy siyosat uzoq vaqt davomida o‘zgarmasdan qolaversa, amalga 
oshiriladigan soliq islohotlari uning mohiyatini o‘zgartirmasa, bunday holda davlatning moliyaviy 
siyosati davlat hokimiyatining tegishli organlari tomonidan faol ravishda hayotga tatbiq 
etilayotgan alohida shaxslar guruhining moliyaviy siyosatiga aylanib 
qolishi mumkin.
Yuqorida bayon qilingan fikrlardan quyidagi uch mantiqiy xulosa kelib chiqadi: 
• birinchidan, moliyaviy siyosat faqat o‘z manfaatlarini ko‘zda tutadigan hokimiyat organlarining 
u yoki bu maqsadlarga erishishining vositasi emas, balki jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy 
vazifalarini yechish vositasi bo‘lishi kerak; 
• ikkinchidan, davlatning moliyaviy siyosati faqat davlat hokimiyat organlarining emas, balki 
moliyaviy tizim barcha subyektlarining manfaatlarini hisobga olishi lozim; 
• uchinchidan, davlat moliyaviy siyosati va davlat hokimiyat organlarining moliyaviy siyosati 
aynan bir xil narsa emas, ularni bir-biridan farq qilishini tushunish kerak. 
Shunday qilib, davlat moliyaviy siyosatini mamlakat moliyaviy tizimning barcha 
bo‘g‘inlarida moliyaviy resurslarning o‘sishini mutanosiblashtirilgan (balanslashtirilgan) holda 
ta’minlash bo‘yicha davlat ijtimoiy-iqtisodiy siyosatining bir qismi sifatida e’tirof etish kerak. 
Xorijiy tajribalarning ko‘rsatishicha, moliyaviy resurslarning mutanosiblashtirilgan holda 
o‘sishining zarurligini inkor etish mamlakat moliyaviy tizimning o‘zini degradatsiyalashuviga, 
iqtisodiyotning yemirilishi va vayron bo‘lishiga olib kelishi mumkin. 
Moliyaviy siyosatning o‘ziga xos bo‘lgan eng asosiy xususiyati shundan iboratki, bu siyosat 
mamlakat ishlab chiqaruvchi kuchlarining rivojlanishiga va iqtisodiy muvaffaqiyatlarga uzluksiz 
ravishda ta’sir ko‘rsatib turishga yo‘naltirilgan bo‘lishi kerak. Bunday siyosat aholining turmush 
darajasi oshishini ta’minlab va davlat daromadlarining miqdorini ko‘paytirib, moliyaviy 
xo‘jalikka nisbatan eng yuqori natijalarni berishi mumkin. 
Moliyaviy siyosatning ana shunga yo‘naltirilganligi orqali uning quyidagi eng asosiy 
maqsadini aniqlash mumkin: jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti, aholi turmushining 
darajasi va sifatini oshirish uchun moliyaviy sharoitlarni yaratish moliyaviy siyosatning eng asosiy 
maqsadidir. Agar gap korxonalarning moliyaviy siyosati xususida ketadigan bo‘lsa, bu narsa 
korxona moliyaviy menejerlarining biznesni yuritish maqsadlariga erishish borasidagi maqsadga 
yo‘naltirilgan faoliyatini anglatadi. Korxona moliyaviy siyosatining 
maqsadi quyidagilardan iborat bo‘lishi mumkin: 
• raqobat kurashi sharoitida korxonaning sog‘lom faoliyat ko‘rsatishiga erishish; 
• yirik moliyaviy muvaffaqiyatsizliklardan va kasodga (bankrotga) uchrashdan himoyalanganlik; 
• raqiblar bilan kurashda yetakchilikka (lider bo‘lishga) erishish; 
• korxonaning bozor qiymatini ko‘paytirish; 
• korxona iqtisodiy salohiyatining barqaror o‘sish sur’atlarini ta’minlash; 
• mahsulot ishlab chiqarish va sotish hajmini oshirish; 
• foydani maksimallashtirish; 
• xarajatlarni minimallashtirish; 
• rentabelli faoliyatni ta’minlash 
• va boshqalar. 
Korxona moliyaviy siyosatining u yoki bu maqsadlaridagi ustuvorlik, eng avvalo, biznesni 
yuritishning maqsadlariga muvofiq ravishda aniqlanadi. Qo‘yilgan maqsadlarga erishish uchun 
tegishli moliyaviy mexanizmdan foydalaniladi. Moliyaviy siyosat moliyaning o‘zida (boshqaruv 
obyektlarida) bevosita mujassam bo‘lgan boshqaruvning salohiyatli imkoniyatlarini, ishning 
konkret metodlari, moliyaviy tizimning (boshqaruv subyektlari) organlarini tashkil qilish bilan 
yagona maqsadga birlashtirishga imkon beradi. Amaliyotda moliyaviy siyosat moliyaviy tizim 
orqali amalga oshirilib, uning faoliyati quyidagi tamoyillar asosida tashkil etiladi: 
• moliyaviy tizim bo‘g‘inlarining o‘ziga xos bo‘lgan xususiyatlarini inobatga olib moliyaviy 
boshqaruvni amalga oshirish; 
• barcha moliyaviy muassasalar funksiyalarining umumiyligi; 
• barcha quyi boshqaruv organlarining faol ishtirokida markazdan umumiy boshqarish. 


Moliyaviy siyosatni amalga oshirishning asosiy metodologik tamoyillari quyidagilardan iborat: 
• pirovard maqsadga bog‘liqlik; 
• xo‘jalik barcha tarmoqlarining makroiqtisodiy balanslashtirilganligi (muvozanatliligi, 
mutanosibligi); 
• jamiyat barcha a’zolarining manfaatlariga mos kelishi; 
• real imkoniyatlar asosida ichki va tashqi iqtisodiy sharoitlarni hisobga olish. 
Moliyaviy siyosatning amalga oshirilishini davlat tomonidan o‘z funksiyalari va dasturlarini 
(uzoq, o‘rta va qisqa muddatli) bajarish uchun moliyaviy resurslarni jalb qilish, ularni taqsimlash 
va qayta taqsimlashga yo‘naltirilgan davlat tadbirlarining majmui ta’minlaydi. Bu tadbirlarning 
orasida moliyaviy munosabatlarning shakllari va normalarini huquqiy tartibga solish 
(reglamentatsiya 
qilish) muhim o‘rin egallaydi. 
Moliyaviy siyosat o‘z-o‘zidan yaxshi yoki yomon bo‘lishi mumkin emas. Uning yaxshi yoki 
yomon ekanligi jamiyatning yoki uning ma’lum bir qismining manfaatlariga qanchalik 
muvofiqligi va qo‘yilgan maqsadlarga erishish hamda aniq vazifalarning yechilishiga qanchalik 
ta’sir ko‘rsatganligi bilan belgilanadi. 
Hukumatning moliyaviy siyosatiga baho berish va uni o‘zgartirish bo‘yicha tavsiya berish uchun, 
birinchi navbatda, butun jamiyat manfaatlari va aholining alohida guruhlari manfaatlarini ajratgan 
holda jamiyat taraqqiyotining aniq dasturiga, yechilishi lozim bo‘lgan masalalarning muddatlari 
va metodlarini aniqlagan holda istiqboldagi va yaqin yillardagi vazifalarning tavsifiga ega bo‘lmoq 
lozim. Faqat ana shunday sharoitdagina moliyaviy siyosatni amalga oshirishning konkret 
mexanizmini ishlab chiqish va unga xolisona baho berish mumkin. 
Agar moliyaviy siyosat ijtimoiy taraqqiyotning ehtiyojlarini, jamiyat butun qatlamlarining va 
alohida guruhlarining manfaatlarini, aniq tarixiy sharoitni va hayotning o‘ziga xos xususiyatlarini 
qanchalik aniq darajada hisobga oladigan bo‘lsa, uning natijaliligi shunchalik yuqori bo‘ladi. 
Bir vaqtning o‘zida, moliyaviy siyosatning muvaffaqiyatliligi muvofiqlashtirish mexanizmining 
sifatli ishlab chiqarilishiga va jamiyat turli qatlamlari manfaatlarining amalga oshirilishiga hamda 
davlatning ixtiyorida bo‘lgan real imkoniyatlarning mavjudligiga, ya’ni jamiyat ijtimoiy 
tuzilmasidagi hamda ijtimoiy ong va ruhiy (psixologik) holatidagi o‘zgarishlarni hisobga olgan 
holda moliyaviy siyosatning amalga oshirilishiga, ayrim hollarda, birbiriga qarama-qarshi ta’sir 
ko‘rsatuvchi omillarning ta’siridan har tomonlama foydalanish mexanizmining ishlab chiqilishiga 
bevosita bog‘liq. 
Moliyaviy siyosat, eng avvalo, moliyaviy resurslarning maksimal hajmini shakllantirishga 
yo‘naltirilgan bo‘lishi kerak. Chunki aynan moliyaviy resurslar har qanday o‘zgarishlarning 
moddiy asosini tashkil etadi. Shunga muvofiq ravishda moliyaviy siyosatni aniqlash va uni 
shakllantirish uchun davlatning moliyaviy 
ahvoli to‘g‘risida ishonchli ma’lumotlar zarurdir. Huquqiy demokratik davlatda moliyaviy 
statistikaning ko‘rsatkichlari keng jamoatchilikka ham tegishli bo‘lishi kerak. Moliyaviy 
hisobotlar esa doimiy, o‘z vaqtida beriladigan, hamma olishi mumkin bo‘lgan va eng asosiysi 
ishonchli bo‘lmog‘i lozim. Moliyaviy siyosatning mazmuni u qamrab olishi mumkin bo‘lgan 
moliyaviy munosabatlar rivojlanishi yo‘nalishlarining umumiy kompleksi bilan belgilanadi. 
Ularning tarkibiga quyidagilar kirishi mumkin: 
• moliyaviy siyosatning umumiy konsepsiyasini (uning maqsadlarini, prinsiplarini, vazifalarini, 
amalga oshirish bosqichlarini va eng samarali metodlarini) ishlab chiqish; 
• makrodarajada va bozor iqtisodiyotining subyektlari darajasida iqtisodiy o‘sishni 
rag‘batlantiradigan bozor iqtisodiyotining rivojlanishiga mos bo‘lgan dinamik holdagi moliya 
mexanizmini shakllantirish; 
• markazlashtirilgan va markazlashtirilmagan resurslar va moliyaviy oqimlarning samarali 
boshqarilishini oshirish bo‘yicha choralar tizimini ishlab chiqish va amalga oshirish; 


• ijtimoiy takror ishlab chiqarish va iqtisodiyotni istiqbolli restrukturizatsiya qilishdagi roliga 
muvofiq ravishda ijtimoiyiqtisodiy tizimning barcha darajalari va sohalari bo‘yicha moliyaviy 
resurslarni oqilona (optimal) taqsimlashni tashkil qilish; 
• iqtisodiy o‘sishning joriy va istiqboldagi moliyaviy salohiyatini shakllantirish. 
Shuningdek, moliyaviy siyosatning mazmuni, uning asosiy yo‘nalishlari jamiyat taraqqiyotida 
davlatning roli to‘g‘risidagi fanning rivojlanish darajasiga va iqtisodiyotni boshqarishda davlat 
ishtirokining darajasini aniqlaydigan tegishli nazariy konsepsiyalarga, moliyaviy siyosatni amalga 
oshirishning alohida vositalaridan foydalanishda, ya’ni moliyaviy munosabatlarni tashkil 
etishning aniq shakllarida namoyon bo‘ladi. Shunga asosan ta’kidlash joizki, yigirmanchi asrda 
jamiyatning taraqqiyotida davlatning roli to‘g‘risidagi masala bo‘yicha moliya nazariyasining 
asosiy yo‘nalishlari mumtoz burjuaziya siyosiy iqtisodchilari A.Smit (1723-1780) va D.Rikardo 
(1772-1823) hamda ingliz iqtisodchisi J.Keyns (1883-1946) va ularning izdoshlari tomonidan 
aniqlangan. Mumtoz siyosiy iqtisod asoschilari bo‘lgan A.Smit va D.Rikardolar 
konsepsiyalarining mohiyati shundan iboratki, davlat iqtisodiyotga aralashmasdan erkin raqobatni 
saqlamog‘i lozim va 
jamiyat xo‘jalik hayotini tartibga solishda asosiy rol bozor mexanizmlariga berilishi kerak. Ana 
shu prinsiplarni inobatga olgan holda yigirmanchi asrning 20-yillari oxiriga qadar moliyaviy 
siyosat davlat xarajatlari va soliqlarni cheklashga, davlatning muvozanatli (balanslashtirilgan) 
byudjetini ta’minlashga qaratildi. Shu maqsadlarga muvofiq ravishda moliyaviy munosabatlarni 
tashkil etish, asosan, harbiy, boshqaruv va davlat qarzini qaytarish hamda unga xizmat qilish 
xarajatlarini byudjetdan moliyala shtirish orqali davlat funksiyalarining amalga oshirilishini 
ta’minladi. Byudjet daromadlari esa, asosan, egri (bilvosita) soliqlar yordamida shakllantirildi. 
XX asrning 20-yillari oxirlaridan boshlab keynschilik nazariy konsepsiyasi ustunlik qila 
boshlab, unga ko‘ra iqtisodiyot taraqqiyotida davlatning rolini takror ishlab chiqarish jarayonining 
siklik rivojlanishiga aralashish va uni tartibga solish orqali kuchaytirish zarurligi asoslandi. 
Bunday moliyaviy siyosatni amalga oshirishning asosiy vositasi sifatida yangi ish joylarini 
yaratishga yo‘naltirilgan davlat xarajatlari maydonga chiqdiki, bu narsa bir vaqtning o‘zida bir 
necha iqtisodiy va ijtimoiy vazifalarning yechilishiga imkon berdi: aholining bandlik darajasi ortdi 
va aksincha, ishsizlik kamaydi; tadbirkorlik faoliyati o‘sdi; qo‘shimcha talab shakllantirildi; MD 
miqdori ko‘paydi; ijtimoiy ehtiyojlarni moliyalashtirishda katta imkoniyatlar paydo bo‘ldi va h.k. 
Davlatning iqtisodiyotga aralashuvi Davlat byudjeti xarajatlari hajmining oshishiga olib keldi va 
shunga muvofiq ravishda bir vaqtning o‘zida davlat daromadlari miqdorining oshirilishini 
ta’minlashga qaratilgan moliyaviy choralar ko‘rildi. Daromad solig‘i davlat daromadlarini 
oshirishning asosiy manbaiga aylandi. Uni 
hisoblashda soliqqa tortishning progressiv stavkalari qo‘llanildi. Soliqlarning bunday tizimi MDni 
taqsimlashda davlatning rolini oshirishga olib keldi. 
Moliyaviy yo‘nalishda har ikkala nazariy konsepsiyalar o‘rtasidagi farq mohiyatan byudjet 
defitsitini turli tarzda baholanishi bilan belgilanadi. Agar birinchi konsepsiya defitsitsiz byudjetni 
shakllantirish va undan foydalanishning zarurligidan kelib chiqqan bo‘lsa, ikkinchi konsepsiya esa 
byudjet defitsitining bo‘lishi mumkinligiga yo‘l qo‘ygan va buning ustiga iqtisodiy o‘sishni 
rag‘batlantirishda byudjet defitsitiga faol rol ajratgan. Haqiqatan ham XX asrning 30-60-yillarida 
keynscha moliyaviy siyosat deb nom olgan siyosat g‘arb mamlakatlarida o‘zining samaradorligini 
isbotladi. Davlat iqtisodiyotga aralashuvining kengayishi va davlat tartibga soluvchi 
funksiyasining kuchayishi oqibatida moliyaviy munosabatlarni tashkil qilish murakkablashdi. 
Davlat xarajatlarini defitsitli moliyalashtirish siyosati davlat kreditining rivojlanishini belgilab 
berdi. Uzoq va o‘rta muddatli qarzlarni jalb etish ssuda kapitallari bozorining rivojlanishiga olib 
keldi va o‘zining ahamiyati bo‘yicha davlat moliyaviy resurslarini shakllantirishning ikkinchi 
manbaiga aylandi. Buning natijasida MDni qayta taqsimlashda moliyaning roli yanada kuchaydi. 
XX asrning 70-yillarida iqtisodiy nazariyaning neo-klassik yo‘nalishi moliyaviy 
siyosatning o‘ziga xos bo‘lgan xususiyatlarini belgilab berdi. Bu konsepsiya davlatning tartibga 
soluvchi rolidan voz kechmasa-da, lekin uning iqtisodiyotga va ijtimoiy sohaga aralashuvi 
darajasini biroz chekladi. Amalda esa davlatning aralashuvi kamaymadi va aksincha biroz 


kuchaydi. Chunki bunday aralashuv endilikda faqat Davlat byudjetining daromadlari va xarajatlari 
orqali amalga oshirilib qolinmasdan, balki pul muomalasini, valyuta kursini, ssuda kapitallari va 
qimmatli qog‘ozlar bozorini ham tartibga solish orqali sodir etildi. Buning natijasida davlatning 
ta’sir doirasi kengaydi va kapitallar oqimida uning roli kuchaydi. Bularning barchasi 
taraqqiyotning qayta qurilish tuzilmasiga va ijtimoiy omillariga o‘zining ta’sirini ko‘rsatdi. Ayni 
davrda rivojlangan mamlakatlarning moliyaviy siyosati boshqa zamonaviy nazariyalar yordamida 
amalga oshirilib, bu nazariyalar amalda tartibga solish ikki tizimining qo‘shilib ketganligidan 
iborat. Shunga muvofiq ravishda ayrim davlatlar davlat tomonidan tartibga solishning ham 
keynschilik va ham neokeynschilik tizimining turli-tuman elementlaridan foydalanishyapti. 
Sovet davlatida va sotsialistik orientatsiyada (yo‘nalishda) bo‘lgan barcha mamlakatlarda 
moliyaviy siyosat K.Marks (1818-1881) va V.I.Leninning (1870-1924) nazariy konsepsiyalari 
ta’sirida shakllandi. Sotsialistik davlatning mohiyati va funksiyalari haqidagi markscha-lenincha 
nazariya sovet davlati moliyaviy siyosatining asosiy prinsipini – moliyaviy markazlashtirishni –
belgilab berdi. Faqat davlatning ixtiyorida moliyaviy resurslar kata qismining to‘planishinigina 
emas, balki moliyaviy munosabatlarni tashkil etishda davlatning yakka hokimligini ko‘zda 
tutuvchi moliyaviy markazlashtirish zaruriyatga aylandi. Chunki davlatning 
funksiyalari shu qadar kengaytirildiki, ularning eng asosiylari xo‘jalik-tashkilotchilik va madaniy-
tarbiyaviy funksiyalar bo‘lib qoldi. 
Sovet davlati iqtisodiyot va ijtimoiy sohaning ehtiyojlarini byudjetdan to‘liq 
moliyalashtirdi. Jamiyat taraqqiyotini ta’minlashda davlatning roli keskin oshdi. Chunki iqtisodiy 
va ijtimoiy rivojlanishning barcha sohalariga davlat rejalari yordamida bevosita rahbarlik qildi. 
Bu, albatta, xususiy mulk shakllarining davlat (umumxalq) mulkiga aylanishi bilan belgilanadi. 
Shunga muvofiq ravishda davlat MDni qayta taqsimlashning soliq shakllaridan ishlab chiqarish 
sohasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri taqsimlashga va Davlat byudjeti orqali qayta taqsimlashga o‘tdi. 
Moliyaviy markazlashtirish yana shunda namoyon bo‘ldiki, davlat bevosita va monopol ravishda 
baholarni shakllantirish, pul muomalasi, hisob-kitoblar tizimi va kredit munosabatlarini ham 
tartibga soldi. Shunday qilib, boshqaruv tizimining barcha qiymat elementlari butun ishlab 
chiqarish jarayonlarini boshqarib turuvchi yagona ma’muriy-buyruqbozlik tizimiga amalda 
birlashtirildi. Bunday moliyaviy siyosat bir ijtimoiy munosabatlar tizimidan insoniyat tarixi uchun 
mutlaqo yangi bo‘lgan ikkinchi ijtimoiy munosabatlar tizimiga o‘tilishini, sovet davlati oldida 
turgan va 
faoliyatining turli bosqichlarida vujudga kelgan sotsial-iqtisodiy muammolarning yechilishini 
kafolatladi. Bu moliyaviy siyosatni yetarli darajada samarali bo‘lgan moliyaviy siyosat deyish 
mumkin. Chunki chor Rossiyasidan, fuqarolar urushidan, chet el harbiy intervensiyasidan meros 
bo‘lib qolgan favqulodda murakkab moliyaviy vaziyatga qaramasdan fashistlar Germaniyasi bilan 
urush arafasida Sovet davlati yyetarli darajada kuchli iqtisodiy salohiyatni yaratishga muvaffaq 
bo‘ldi, urushda g‘alaba qozondi va qiyosiy qisqa muddatlarda urushdan vayron bo‘lgan xalq 
xo‘jaligini tikladi. 
II jahon urushidan keyingi yillarda Sovet davlatining moliyaviy siyosati g‘arb 
mamlakatlari va eng avvalo, AQSh bilan qurollanish poygasi va kosmosni rivojlantirishdagi 
musobaqani (raqobatni) moliyaviy jihatdan ta’minlashga qaratildi. 
Bir vaqtning o‘zida sotsialistik lager mamlakatlariga juda katta miqdorda moliyaviy yordamlar 
ko‘rsatildi: 
• ularning taraqqiyotida sotsialistik orientatsiyani (yo‘nalishni) ta’minlash uchun; 
• sotsialistik mamlakatlarni sanoati rivojlangan mamlakatlarga aylantirish uchun; 
• kuchli harbiy ittifoqchilarni shakllantirish va umuman mudofaa qobiliyatini mustahkamlash 
uchun. 
Bu maqsadlarga erishish uchun xomashyo bazasini va eng avvalo, neft va gaz qazib chiqarishni 
o‘ta yuqori sur’atlarda amalga oshirish talab etildi. Yangi qazilma boyliklarini o‘zlashtirish 
(ularning geografiyasi shimoli-sharq tomonga qarab kengaya boshladi) juda katta miqdordagi 
moliya resurslarning bo‘lishini taqozo etdi. Chunki bu narsalar faqatgina yangi hududlarni 
o‘zlashtirish, o‘sha hududlarga katta miqdorlarda ishchi kuchini ko‘chirish (mehnatga haq 


to‘lashning oshirilgan normalari bilan birgalikda) bilan bir qatorda yangidan neft va gaz 
quvurlarini qurish yordamida amalga oshirildi. Xalqaro bozorda neft va gazning bahosi yuqori 
bo‘lib turgan paytlarda ularni eksport qilish xarajatlarni ma’lum darajada qoplagan edi. Shunday 
bo‘lishiga qaramasdan, bunday moliyaviy siyosatni amalga oshirish MDni tegishli tarzda qayta 
taqsimlanishini talab qildi. Buning natijasida mamlakatda harbiy-sanoat kompleksi taraqqiy etgan 
bir tomonlamali iqtisodiyot yaratildi. 
Davlat tomonidan belgilangan maqsadlar nuqtayi-nazaridan urushdan keyingi davrning moliyaviy 
siyosat va uni amalga oshirish choralarini nosamarali deb aytish unchalik to‘g‘ri bo‘lmaydi. 
Hukumat rasmiy hujjatlarida aholi turmush darajasi oshayotganligini bayon etish, albatta, bu 
boshqa narsa. Shunday 
bo‘lishiga qaramasdan aholining turmush darajasi mehnatga haq to‘lashning darajasiga va qishloq 
xo‘jaligi, oziq-ovqat va yyengil sanoat, fuqarolik qurilishi va iste’mol predmetlari ishlab 
chiqaruvchi tarmoqlarning rivojlanish darajasiga bog‘liq. Agar harbiy-sanoat kompleksida 
(mamlakat aholisining kattagina qismi 
shu sohada band edi) mehnatga haq to‘lashning darajasi qiyosiy jihatdan yuqoriroq bo‘lishiga 
qaramasdan, hatto unda ishlayotgan aholi ham o‘zining iste’mol talablarini qondirish imkoniyatiga 
ega emas edi. Shuning uchun ham iste’mol bozorining rivojlanishida ortda qolish urushdan keyingi 
davrda sovet davlati moliyaviy siyosatning samaradorligini salbiy baholashning sababidir. 
Moliyaviy siyosatni ishlab chiqishda moliyaviy resurslarni taqsimlash va qayta 
taqsimlashning negizida quyidagilarning yotishi prinsipial ahamiyatga egadir: 
• taqsimlash munosabatlarining subyektlarini, ya’ni moliyaviy resurslarning egalari va 
taqsimlovchilarini tanlash; 
• yuridik shaxslar va aholining o‘z ehtiyojlarini qondirishdagi mustaqillik darajasi va davlatning 
funksiyalariga bog‘liq ravishda davlat ixtiyoridagi moliyaviy resurslarning markazlashtirilish 
darajasini aniqlash; 
• birinchi darajali ijtimoiy ehtiyojlar va ularni qondirish choralarini aniqlash va shularga mos 
ravishda moliyaviy resurslardan foydalanishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash; 
• moliyaviy resurslarni shakllantirishning manbalari va metodlarini tanlash. 
Moliyaviy siyosat o‘ta nozik va ko‘p qirrali tushuncha hisoblanadi. Agar umumiy holda 
uning sohasi jamiyat taraqqiyotining alohida bosqichlarida hukmronlik qilgan nazariy 
konsepsiyalardan kelib chiqqan holda iqtisodiy va sotsial sohalarni boshqarishda davlatning 
ishtirok etish parametrlari bilan aniqlansa, uning qiymat munosabatlarining elementlari bo‘yicha 
tabaqalanishi moliyaviy tizimning rivojlanganligiga va uning ayrim bo‘g‘inlarining mustaqilligiga 
bog‘liq bo‘ladi. 
Mamlakatimizning mustaqillikka erishishi bizga mustaqil moliyaviy siyosatni yuritishga 
imkon berdi. Qisqa fursatlarda O‘zbekiston moliyaviy siyosatning tamoyillari ishlab chiqildi va u 
izchillik bilan amaliyotga joriy etila boshlandi. Yangi moliyaviy siyosatning asosiy mazmuni 
shundaki, u davlatning iqtisodiyot tarmoqlarini har taraflama rivojlantirish orqali xalqning yuqori 
turmush darajasini ta’minlash vazifasiga xizmat qilishga yo‘naltirilgan. 
Nazorat savollari 
1. Bozor isloxotlari sharoitida davlat moliya siyosatining vazifalari va xususiyatlari? 
2. Moliya mexanizmining xujalik mexanizmida tutgan urni? 
3. Moliyaviy dastaklar samarali faoliyatini ta’minlash muammolari? 
4. Moliya mexanizmining ynstitucional tarkibi? 
5. Davlat ijtimoiy siyosatidagi moliya siyosatini kelib chikishi. 
6. Moliya siyosatini olib borishdagi funkciyasi. 
7. Soliq siyosati. 

Yüklə 71,79 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin