Microsoft Word Economic theory lecture 8



Yüklə 134,65 Kb.
Pdf görüntüsü
səhifə1/5
tarix24.12.2023
ölçüsü134,65 Kb.
#191385
  1   2   3   4   5
Economic theory - lecture 8



8-mavzu. RAQOBAT VA MONOPOLIYA 
Bozor iqtisodiyoti rivojlanib borishi bilan raqobatchilik munosabatlari ham takomillashib, 
o‘z shakllarini o‘zgartirib boradi.
Ushbu mavzuda raqobatning mohiyati ва ob’yektiv asoslari, turlari va shakllari hamda 
raqobatlashish usullarini, monopoliyaning mohiyati, turlari, shakllari hamda uning afzalliklari 
va ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarini ochib beramiz. 
O‘zbekistonda milliy iqtisodiyot raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar 
va monopoliyaga qarshi qonunchilik kabi masalalar ko‘rib chiqiladi. 
 
8.1. Raqobatning mohiyati, shakllari, turlari va usullari. 
Raqobat ko‘p qirrali iqtisodiy hodisa bo‘lib, u bozorning barcha sub’yektlari o‘rtasidagi 
murakkab munosabatlarni ifodalaydi. Raqobat-bozor sub’yektlari iqtisodiy manfaatlarining 
to‘qnashuvidan iborat bo‘lib, ular o‘rtasidagi yuqori foyda va ko‘proq naflilikka ega bo‘lish 
uchun kurashni anglatadi.
Resurslarni yetkazib beruvchilar o‘zlarining iqtisodiy resurslarini, ya’ni kapital, tabiiy 
resurslar, ishchi kuchini yuqori narxlarda sotish uchun raqobatlashadilar. Raqobat iste’molchilar 
o‘rtasida ham yuz beradi: ular tovarlarni qulay va arzon narxlarda sotib olishga harakat 
qiladilar, ya’ni xaridorlar har bir sarflangan pul birligi evaziga ko‘proq naflilikka ega bo‘lishga 
harakat qiladilar. 
Hozirgi bozor iqtisodiyotida raqobatning quyidagi asosiy vazifalarini ajratib ko‘rsatish 
mumkin: 
-
tartibga solish vazifasi-ishlab chiqarishni talab, ya’ni iste’molga muvofiqlashtirish 
maqsadida taklifga ta’sir o‘tkazishdan iborat. Aynan shu vazifa yordamida iqtisodiyotda 
taklifning talab orqali, ishlab chiqarish tarkibi va hajmining yakka tartibdagi va ijtimoiy 
ehtiyojlar orqali belgilanishiga erishiladi, ya’ni iqtisodiyot bozor qonunlari asosida tartibga 
solinadi; 
-
resurslarni joylashtirish vazifasi-ishlab chiqarish omillarini ular eng ko‘p samara beradigan 
korxona, hudud va mintaqalarga oqilona joylashtirish imkonini beradi; 
-
innovatsion vazifasi-fan-texnika taraqqiyoti yutuqlariga asoslanuvchi hamda bozor 
iqtisodiyoti sub’yektlarining rivojlanishini taqozo etuvchi turli ko‘rinishdagi yangiliklarning joriy 
etilishini anglatadi; 
-
moslashtirish vazifasi-korxonalarning ichki va tashqi muhit sharoitlariga ratsional tarzda 
moslashishiga yo‘naltirilgan bo‘lib, ularning shunchaki o‘zini-o‘zi saqlab, iqtisodiy jihatdan 
yashab qolishidan xo‘jalik faoliyati sohalarining kengayishiga o‘tishini bildiradi; 
-
taqsimlash vazifasi-ishlab chiqarilgan ne’matlar yalpi hajmi yalpi ichki mahsulotning 
iste’molchilar o‘rtasida taqsimlanishiga bevosita va bilvosita ta’sir o‘tkazadi; 
-
nazorat qilish vazifasi-bozordagi ba’zi ishtirokchilarning boshqa bir ishtirokchilar ustidan 
monopolistik hukmronlik o‘rnatishiga yo‘l qo‘ymaslikka yo‘naltiriladi. 
Raqobat kurashining mazmuni to‘g‘risida to‘laroq tushunchaga ega bo‘lish uchun uning 
asosiy shakllari va belgilarini ko‘rib chiqish zarur.
Iqtisodiy adabiyotlarda bir tarmoq ichidagi raqobatning to‘rtta shakli alohida ajratilib 
ko‘rsatiladi. Bular erkin raqobat, monopolistik raqobat, monopoliya va oligopoliyadir. 
Erkin raqobat sharoitida bir xil mahsulot ishlab chiqaruvchi tarmoqda juda ko‘p sonli 
korxonalar mavjud bo‘ladi. Yuqori darajada tashkil qilingan bozorda ko‘plab sotuvchilar 
o‘zlarining mahsulotlarini taklif qiladilar. 
Erkin raqobatli bozorda alohida korxonalar mahsulot narxi ustidan sezilarsiz nazoratni 
amalga oshiradi. Chunki har bir korxonada umumiy ishlab chiqarish hajmi uncha katta 


bo‘lmaydi. Shu sababli alohida korxonada ishlab chiqarishning ko‘payishi yoki kamayishi 
umumiy taklifga, demak mahsulot narxiga sezilarli ta’sir ko‘rsatmaydi. 
Erkin raqobat sharoitida yangi korxonalar tarmoqqa erkin kirishi, tarmoqda mavjud 
bo‘lgan korxonalar esa uni erkin tashlab chiqishi mumkin. Xususan yangi korxonalarning 
paydo bo‘lishi va ularning raqobatli bozorda mahsulotlarini sotishga huquqiy, texnologik, 
moliyaviy va boshqa jiddiy iqtisodiy to‘siqlar bo‘lmaydi. 
Sof monopoliyada tarmoq bitta korxonadan iborat bo‘lishi sababli, u mavjud mahsulot va 
xizmatning yagona ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi va yakkahukmronlik shakllanadi.
Monopoliya sharoitida firma narx ustidan sezilarli nazoratni amalga oshiradi. Buning 
sababi oddiy. U mahsulot va xizmatning yagona ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi va taklifning 
umumiy hajmi ustidan nazorat qiladi. 
Monopolistik raqobat o‘z ichiga ham monopoliya, ham raqobat unsurlarini oladi. Bunda 
tarmoqdagi bir turdagi mahsulotning o‘nlab ishlab chiqaruvchilari bir-birlari bilan qulay narx 
hamda ishlab chiqarish hajmiga erishish borasida raqobatlashadilar. Biroq, ayni vaqtda, har bir 
ishlab chiqaruvchi o‘z mahsulotini tabaqalashtirish, ya’ni shu turdagi boshqa mahsulotlardan 
qaysi bir jihati, sifat darajasi, shakli, qadoqlanishi, sotish sharoitlari va h.k. bo‘yicha 
farqlantirish orqali uning monopol ishlab chiqaruvchisiga aylanadi.
Oligopoliya-tarmoqda u qadar ko‘p bo‘lmagan korxonalarning mavjud bo‘lishi va 
hukmronlik qilishidir. Bu oligopoliyaning eng muhim belgisidir. Qaysi tovarlar va xizmatlar 
bozorida nisbatan kam sonli ishlab chiqaruvchilar hukmronlik qilsa, shu tarmoq oligopolistik 
tarmoq hisoblanadi.
Oligopolistik tarmoq bir xil yoki tabaqalashgan mahsulot ishlab chiqarishi mumkin. 
Ko‘pchilik sanoat mahsulotlari: po‘lat, mis, alyuminiy, qo‘rg‘oshin, temir va shu kabilar-fizik 
ma’noda bir turdagi mahsulotlar hisoblanadi va oligopoliya sharoitida ishlab chiqariladi. 
Iste’molchilik tovarlari: avtomobillar, yuvish vositalari, sigaretlar, maishiy elektr buyumlari va 
shu kabilarni ishlab chiqaruvchi tarmoqlar tabaqalashagan oligopoliya hisoblanadi. 
Oligopoliya sharoitida korxonalar o‘rtasidagi raqobat o‘zaro bog‘liq bo‘ladi. Oligopolistik 
tarmoqda hech qaysi korxona o‘zining narx siyosatini mustaqil o‘zgartirishga botina 
olmaydilar.
Hozirda turli darajadagi monopolistik tuzilmalar rivojlanib borishi bilan ular o‘rtasidagi 
raqobatning shakllari ham turli ko‘rinishlarda namoyon bo‘lib bormoqda. Jumladan, turli 
monopollashuv darajasidagi tuzilmalar o‘rtasida mavjud bo‘lishiga ko‘ra quyidagi raqobat 
turlarini ajratib ko‘rsatish mumkin: 
-
monopollashmagan korxonalar o‘rtasidagi raqobat; 
-
monopoliyalar hamda monopolistik birlashmalarga kirmagan ishlab chiqaruvchilar 
o‘rtasidagi raqobat; 
-
turli monopoliyalar o‘rtasidagi raqobat; 
-
monopolistik birlashmalar ichidagi raqobat.
O‘z miqyosiga ko‘ra raqobat ikki turga - tarmoq ichidagi va tarmoqlararo raqobatga 
bo‘linadi. 
Tarmoqlar ichidagi raqobat ishlab chiqarish va sotishning qulayroq sharoitiga ega bo‘lish, 
qo‘shimcha foyda olish uchun bir tarmoq korxonalari o‘rtasida boradi. Har bir tarmoqda 
texnika bilan ta’minlanish darajasi va mehnat unumdorligi darajasi turlicha bo‘lgan korxonalar 
borligi sababli shu korxonalarda ishlab chiqarilgan tovarlarning individual qiymati bir xil 
bo‘lmaydi. 
Tarmoq ichidagi raqobat tovarlarning ijtimoiy qiymatini, boshqacha aytganda, bozor 
qiymatini aniqlaydi va belgilaydi. Bu qiymat, odatda, o‘rtacha sharoitda ishlab chiqarilgan va 


muayyan tarmoq tovarlarining anchagina qismini tashkil etadigan tovarlarning qiymatiga mos 
keladi. 
Tarmoqlar ichidagi raqobat natijasida texnikaviy darajasi va mehnat unumdorligi yuqori 
bo‘lgan korxonalar qo‘shimcha foyda oladilar va aksincha, texnika jihatdan nochor korxonalar 
esa, o‘zlarida ishlab chiqarilgan tovar qiymatining bir qismini yo‘qotadilar va zarar ko‘radilar. 
Tarmoqlararo raqobat turli tarmoqlar korxonalari o‘rtasida eng yuqori foyda normasi olish 
uchun olib boriladigan kurashdan iborat. Bunday raqobat foyda normasi kam bo‘lgan 
tarmoqlardan foyda normasi yuqori tarmoqlarga kapitallarning oqib o‘tishiga sabab bo‘ladi. 
Yangi kapitallar ko‘proq foyda keltiruvchi sohalarga intilib, ishlab chiqarishning kengayishiga, 
taklif ko‘payishiga olib keladi. Shu asosda, narxlar pasaya boshlaydi. Shuningdek, foyda 
normasi ham pasayadi. Kam foyda keltiruvchi tarmoqlardan kapitalning chiqib ketishi teskari 
natijaga olib keladi: bu yerda ishlab chiqarish hajmi o‘zgaradi, tovarlarga bo‘lgan talab ular 
taklif qilishidan oshib ketadi, buning oqibatida narxlar ko‘tariladi, shu bilan birga foyda 
normasi oshadi. Natijada tarmoqlararo raqobat ob’yektiv ravishda qandaydir dinamik 
muvozanatni keltirib chiqaradi. Bu muvozanat kapital qaerga sarflanganligidan qat’iy nazar, 
teng kapital uchun teng foyda olinishiga intilishni ta’minlaydi. Demak, tarmoqlararo raqobat 
kapital qaysi tarmoqqa kiritilmasin, xuddi shu tarmoq foyda normalarini o‘rtacha foyda 
normasiga tenglashtiradi. 
Shuningdek, iqtisodiy adabiyotlarda g‘irrom va halol raqobatlashuv usullari ham ajratib 
ko‘rsatiladi. Raqobatlashuvning noan’anaviy, jamiyat tomonidan e’tirof etilmagan, ijtimoiy 
ahloq qoidalari doirasidan chetga chiquvchi, noiqtisodiy ya’ni, jismoniy kuch ishlatish, 
majburlash, raqiblarning obro‘siga putur yetkazish va h.k. usullaridan foydalanish g‘irrom 
raqobat deb yuritiladi. G‘irrom raqobat orqali firmalar o‘z raqiblarining tarmoqqa kirib 
kelishini tajovuzkorona va shafqatsiz bartaraf qilishi mumkin. Bank va resurslarni yetkazib 
beruvchilarni material va kredit berishdan voz kechirish, yetakchi mutaxassislarni og‘dirib 
olish, narxni keskin pasaytirish g‘irrom raqobatning oddiy usullaridir.
Halol raqobat-raqobat kurashida jamiyat tomonidan tan olingan, iqtisodiy usullarni 
qo‘llash, o‘zining maqsad va manfaatlariga erishishda umumjamiyat manfaatlariga zid keluvchi 
holatlarni qo‘llamaslik kabi qoidalarga asoslanadi.
Raqobat kurashining ikki usuli farqlanadi: narx vositasidagi raqobat va narxsiz raqobat. 
Narx vositasida raqobatlashuvda kurashning asosiy usuli bo‘lib ishlab chiqaruvchilarning 
o‘z tovarlari narxini boshqa ishlab chiqaruvchilarining shunday mahsulotlari narxiga nisbatan 
pasaytirishi hisoblanadi. 
Uning asosiy va eng ko‘p qo‘llaniladigan ko‘rinishi-narxlar jangi deb ataladi, bunda yirik 
ishlab chiqaruvchilar raqiblarini tarmoqdan siqib chiqarish uchun narxni vaqti-vaqti bilan yoki 
uzoq muddat pasaytirib turadi. Bu usulni qo‘llash uchun ishlab chiqaruvchi boshqa raqiblariga 
qaraganda unumliroq texnologiyani kiritishi, malakaliroq ishchilarni yollashi va ishlab 
chiqarishni yaxshiroq tashkil qilishi keraq bo‘ladi. Faqat shundagina uning tovarining 
individual qiymati bozor qiymatidan past bo‘lib, mazkur tovar narxini tushurish imkoniyatini 
beradi. 
Narx vositasida raqobatlashish usullaridan biri - demping narxlarini qo‘llashdir. Bunda 
milliy ishlab chiqaruvchilar o‘zlarining tovarlarini boshqa mamlakatlarga ichki bozordagi 
narxlardan, ayrim hollarda tannarxidan ham past bo‘lgan narxlarda sotadi. 
Shu orqali ular ichki bozorda narxlarning barqarorligiga erishish, mamlakatdagi ortiqcha 
mahsulotni yo‘qotish, yangi bozorlarga kirib olish va unda o‘zlarining iqtisodiy mavqeini 
mustahkamlashga xaraqat qiladi. 


Ayrim hollarda narx yordamida raqobatlashishning belgilangan narxlardan chegirma 
qilish, asosiy xarid qilingan tovarlarga boshqa tovarlarini qo‘shib berish, muayyan hollarda 
imtiyozli narxlarni belgilash kabi usullaridan ham foydalaniladi. 
Hozirgi davrda bozor iqtisodiyoti rivojlangan mamlakatlarda narx yordamida raqobat 
qilish o‘z o‘rniga ega emas, chunki ishlab chiqaruvchilardan birining o‘z mahsulotiga narxni 
pasaytirishi uning raqobatchilarining ham shunday xaraqat qilishini taqozo qiladi. Bu bozorda 
firmalarning mavqeini o‘zgartirmaydi, faqat tarmoq bo‘yicha foydani kamaytiradi. 
Narxsiz raqobat shu bilan tavsiflanadiki, bunda raqobat kurashining asosiy omili 
tovarlarning narxi emas, balki uning sifati, servis xizmat ko‘rsatish, ishlab chiqaruvchi 
firmaning obro‘-e’tibori hisoblanadi. 
Narxsiz raqobat bilan bir vaqtda yashirin narx yordamidagi raqobat ham bo‘lishi mumkin. 
Buning uchun yangi tovarlarning sifati oshishi va iste’mol xususiyatlarining yaxshilanishi ular 
narxlarining oshishiga qaraganda tez ro‘y berishi keraq. Hozirgi davrda bir turdagi 
mahsulotlarning ko‘payishi ularning sotishni rag‘batlantiruvchi reklama, tovar belgilaridan 
foydalanishni keltirib chiqarmoqda. Iste’molchilik bozorida qo‘shimcha xizmat ko‘rsatish 
orqali xaridorlarni o‘ziga jalb qilish keng tarqalmoqda. 
Narxsiz raqobatning tovar sifatini tabaqalashtirish kabi usuli ham mavjudki, bunda 
tovarlar bir xildagi ehtiyojni qondirishi va bir turga mansub bo‘lishi, lekin turli-tuman iste’mol 
xossalariga ega bo‘lishi mumkin. 
Tovarlar talabga nisbatan ortiqcha bo‘lgan sharoitda ishlab chiqaruvchilar tovarlarini 
kreditga sotish usulidan foydalanib raqiblaridan ustun kelishlari mumkin. Bunda dastlab tovar 
narxining faqat bir qismi to‘lanadi, uning qolgan qismi esa shartnomada kelishilgan aniq 
muddatlarda to‘lanadi. 
Fan-texnika taraqqiyoti avj olgan hozirgi sharoitda, texnika va texnologiyaning eng yangi 
yutuqlari ustidan nazorat qilish uchun kurash raqobatning asosiy usullaridan biriga aylanib 
bormoqda. Bundan tashqari, ishlab chiqaruvchi korxonalar xaridorlarni jalb qilish maqsadida 
uzoq muddat foydalaniladigan iste’molchilik tovarlariga kafolatli va kafolatdan keyingi xizmat 
ko‘rsatishni amalga oshirmoqdalar. Masalan, kompyuter ishlab chiqaruvchi korxona, o‘z 
mahsulotini sotibgina qolmasdan, balki uni o‘rnatadi, korxona xodimlarini ulardan 
foydalanishga o‘rgatadi, kafolatlangan muddatda va undan keyingi davrda ta’mir ishlarini 
bajaradi, texnikaviy xizmatni amalga oshiradi; maxsulotlari o‘lchamlarini buyurtmachi 
ehtiyojlariga yaqinlashtiradi. 
Narxsiz raqobat usullari ichida marketing muhim ahamiyatga ega bo‘lib, u mahsulot ishlab 
chiqarish va sotish jarayonini talabga moslashtiruvchi tadbirlar tizimidan iborat. Bozor 
iqtisodiyoti sharoitida talabni yaxshi o‘rgangan va iste’molchilar ehtiyojlarini to‘laroq qondira 
oladigan korxonalar har doim raqobat kurashida yutib chiqadi. 
Yirik ishlab chiqaruvchilar bozordagi vaziyatni o‘zgartirish uchun o‘zlarining ishlab 
chiqarish quvvatlaridan foydalanishni kamaytirib tovar taklifini qisqartiradilar. Shu sababli 
iqtisodiy beqarorlik davrlarida ham narx barqorligicha qolaveradi. 
Shunday qilib, monopoliyalar hukmron bo‘lgan sharoitda narxsiz raqobat muhim o‘rin 
tutadi. Buning sababi shundaki, birinchidan, monopoliyalar tovar sifatini oshirish, 
iste’molchilarga xizmat ko‘rsatishni yaxshilash yo‘li bilan sotiladigan tovar hajmini 
ko‘paytirishi mumkin. Ikkinchidan, ular moliyaviy jihatdan kuchli bo‘lganligi sababli 
masulotini yangilash, ishlab chiqarishni qayta jihozlash va reklamaga zarur bo‘lgan mablag‘ni 
sarflay oladilar. 



Yüklə 134,65 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2   3   4   5




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin