Elektr motorning mexanik tavsifi - elektr motor vali tezligining elektr motor
hosil qiladigan elektromagnit momentiga bog‘liq o‘zgarish tavsifi elektr motorning
mexanik tavsifi deyiladi. Mexanik tavsiflar tabiiy va sun’iy turlarga bo‘linadi.
Elektr motorning pasportida keltirilgan nominal ko‘rsatkichlari asosida qurilgan
mexanik tavsifi uning tabiiy mexanik tavsifi deyiladi.
Elektr motorning mexanik tavsifi kuchlanishi yoki boshqa ko‘rsatkichlari
pasportida keltirilgan nominaldan farqli bo‘lgan hol uchun qurilgan bo‘lsa, u holda
bu tavsif motorning sun’iy mexanik tavsifi deyiladi.
Mexanik tavsifning bikirligi qanday ko‘rsatkich? Elektr motorlarning mexanik tavsiflaridagi ma’lum moment kichik orttirma
qiymatining tezligini kichik orttirma qiymatiga nisbati shu tavsiflarning bikirligini
ifodalaydi. Bu nisbatning cheksiz qiymatda bo‘lishi tavsifning mutlaq bikirligini,
ya’ni moment o‘zgarishining tezlikka ta’sir etmasligini bildiradi. Bu nisbatning
nol qiymatda bo‘lishi tavsifning nol bikirligini, ya’ni moment qiymati
o‘zgarmasligini, ammo tezlikning o‘zgarishini bildiradi.
Bir massali va ko‘p massali mexanik tizimlar - bir massali mexanik tizim-
larning o‘zaro mexanik bog‘langan elementlari orasidagi mavjud juda kichik
tirqishlar va elementlarning elastiklik xususiyatlaridan kelib chiqqan holda yuzaga
keladigan sirpanishlarni hisobga olmaslik bunday tizimlarni bir massali mexanik
tizimlar deb qarashga olib keladi. Masalan, agar mexanik tizimni tashkil etuvchi
elementlar ichida biror elementning elastikligi hisobga olinib, ikkinchi element
bilan o‘zaro mexanik bog‘lanishidagi juda kichik tirqish hisobga olinmasa, u holda
bu tizim ikki massali mexanik tizim deyiladi, tirqish ham hisobga olinsa, u holda
bu mexanik tizim uch massali mexanik tizim deb ataladi.