Abdulla Oripov. Tanlangan asarlar. 2-jild. She'rlar
E’TIQOD (Shu kunning rivoyati) Mahshar yaqin qoldi,
Qiyomat yaqin,
Ota bilan o‘g‘il bir-biriga yov.
Samovot boshida chaqsa ham chaqin,
Hech kimsa hayiqmas, qo‘rqmaydi birov.
Og‘izda bol kabi turgan bu til ham
Zaharga aylangan, nishga aylangan.
Dilbarlar chashmini kuylagan qalam
Ko‘zlarni o‘yishga endi shaylangan.
O’g‘lim libosimni burdalab ketgan,
Tavba, deb ushlashga qolmagan yoqa.
Malomat pichog‘i suyakka yetgan,
Qalqonlar teshilgan, otlar betaqa..
O’t bosgan qabrning tepasida chol
G’arq bo‘lib turardi shundoq o‘ylarga.
Dam-badam o‘tmishga eltardi xayol,
Eltardi kurashlar, aza, to‘ylarga.
Qabrdan bir ovoz chiqdi-ku, shu choq,
Hazin va g‘azabnok, dardli, shiddatkor:
Mahshar yaqin emas, qiyomat uzoq,
Hamma balolarga o‘zingsan aybdor.