www.ziyouz.com kutubxonasi
208
ularga ikki-uch dona pichoq ham keltirib berdi. Alar ishdan qaytgach, Xaybar
tashqarisiga chiqib yonroq joyda Mithar ibn Nofe’ga hujum qildilar. Quroli qo‘lida
bo‘lmagach, yolg‘iz o‘zini mudofaa qilolmadi. Besh-o‘n joyiga pichoq urishib, ani shahid
qilishdilar. Mundan boshqa Rasululloh zamonlarida ham bir necha martaba bu
yahudlardan yashirincha xiyonatlar bo‘lgan edi. Mana shu sabablar bo‘lib, Hazrati Umar
xalifalik davrlarida bari yahudlarni arab tuprog‘idan chiqarmoqqa qaror qildi.
Barcha Ansor, Muhojir sahobalarning fikrlari ham shul edi. Xaybar yahudlari bu xabarni
eshitdilar ersa, raislaridan biri Hazrati Umar oldiga kelib:
— YO amiral mo‘minin, bizlarni Xaybar tuprog‘idan qandoq chiqara olursiz?
Payg‘ambaringiz Muhammad alayhissalom Xaybar yerining yarmi hosilotini berish sharti
bilan bu yerni bizga topshirgan edi. Endi siz bu joydan bizlarni chiqarur bo‘lsangiz,
Payg‘ambaringiz Muhammad yo‘lini buzg‘on bo‘lursiz, — dedi.
Anda Hazrati Umar:
— Agar senlarni arab tuprog‘idan chiqarur ersam, Rasululloh amrini bajargan bo‘lurman.
Sening haqingda aytgan so‘zlari hali menim yodimdan chiqqani yo‘q. U so‘z ersa, sening
ham yodingda bor bo‘lg‘ay. Rasululloh senga: «Ey faloniy, bir kun kelur, Xaybardan
chiqarilg‘aysan, yuklik tuyangni yetaklab Shom sahrosida kunlab-tunlab yurgan
chog‘ingda holing nechuk bo‘lg‘ay?» degan edilar. Mana Rasululloh aytgan o‘shal
so‘zning vaqti endi keldi, — deb butun yahudlarni Xaybardan haydab chiqarishga
buyurdi.
Alardan qolgan mol-dunyolarni bo‘lsa, xolis baholab qiymatini berdilar. Alarning ba’zilari
Taymoga, qolganlari Shom tuprog‘idagi Ariho degan yerga ketdilar.
Yana Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yahudlar haqida aytgan edilar: «Arab
tuprog‘ida ikki din birgalashib turolmaydi». Bundin maqsad, yolg‘iz Islom dini yashaydi,
demakdir.
Mana bu hadis mazmunicha arab tuprog‘ida borliq yahud va nasorolarni qolgan
joylardan ham chiqarmoqqa hukm qildi. U zamondan boshlab arab o‘lkasida Islom
dinidan o‘zga din qolmadi. Bu Xaybar g‘azotida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan
sahobalar bir necha mo‘jiza ko‘rdilar. Shu urushda sahoba bahodirlaridan Salama ibn
Akva’ga kattiq zarba yetdi. Uning hayotidan barchalari umid uzdilar. Ul ersa jon achchig‘i
bilan o‘zini Rasulullohga yetkazdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aning jarohatiga
uch qayta tupurdilar. Muborak nafaslari tegishi bilan jarohat ko‘rmagandek bo‘lib, u
sog‘lom bo‘lib ketdi.