SAHIYFA VOQEASI Quraysh mushriklari ko‘rdilarkim, iymon keltirgan musulmonlarning soni kundan-kunga
ko‘paygani turdi. Bir munchalari bo‘lsa, Habashistonga hijrat qilishib, Najoshiy
himoyasida qaror topdilar, muhojirlarni qaytarish uchun yuborgan vakillari esa, g‘arazlik
hadyalari o‘zlariga qaytarilib berildi. Alar bu safarlaridin maqsadga yetolmay, beobro‘y
bo‘lishib, noumidlik bilan qaytdilar. Endi Quraysh raislari bu yengilishlariga qarshi o‘zlari
uchun bir foydalik ish chiqarish qasdida butun Quraysh urug‘laridin qo‘shma bir ulug‘
majlis chaqirdilar. Bani Hoshim, Bani Muttalib, bu ikki urug‘din o‘zga, borliq Quraysh
qabila boshliqlari bu majlisga hozir bo‘ldilar. Yuqorigi ikki urug‘ bo‘lsalar, Quraysh
qabilasi ichida nasab jihatdin eng yaqinrog‘i shular edi. Abu Tolibning tashviqoti ila
bularning mo‘min-mushriklari barobar bir jonlari boricha Payg‘ambarimizni himoya
qilishga va’da berishgan edi. Mana shuning uchun bu majlisda qaraladigan masala shular
ustida bo‘ldi. Majlis ochilgandin so‘ngra Islom diniga qarshi har tomondin ko‘p so‘zlar
o‘tib, eng oxirida bu ikki uruqqa qarshi quyidagi moddalar qo‘yilib, bir qattiq ahdnoma
tuzildi:
1. Alar bilan savdo-tijorat qilmaslik.
2. Alarga qiz berib, qiz olmaslik.
3. Ma’raka-majlislarga ulardin hech kimni chaqirmaslik.
4. Bozordin va boshqa joylardin ularga oziq-ovqat jinsidin hech bir narsa oldirmaslik.
5. Atrofdin kelganlarni ularga qo‘shmaslik.
6. Alar bilan qaysi holda bo‘lsin so‘zlashmaslik.
Qisqasi, musulmonlar va ham ularni himoya qilguvchilar haqida har qanday yomonlik
bo‘lsa, ayamasdin qilishlik bu ahdnomada bor edi.
Mana shu mazmunda ahdnoma yozishib, Quraysh raislari tasdiqlashgandin keyin, buni
buzishga hech kim yo‘l topmasin va bu qilgan ahdimiz mustahkam bo‘lsin deb,
«ahdnoma sahiyfasi»ni Baytulloh ichiga osib qo‘ydilar. Shuning bilan majlis tarqaldi va
musulmonlarga hech ko‘rilmagan ulug‘ bir balo boshlandi. Alar bu ahdnoma ta’siridin
oldilarida og‘ir kunlar borligini shu kundan boshlab sezdilar. Makka shahrining turlik
tomonida tarqoq holda o‘ltirishgan ikki urug‘ ahli o‘z ichlaridagi musulmonlari ila
barobar, ehtiyot yuzasidin ne ko‘rgilik bo‘lsa, bir joyda bo‘laylik, deyishib, «Abu Tolib
jilg‘asi» degan o‘ringa ko‘chishib kirdilar. Payg‘ambarimizni o‘rtalarida saqlash uchun,
barchalari bir mahallaga to‘plandilar. Shundog‘ bo‘lib, bu ahdnoma sababidin
musulmonlarga kelgan og‘irchilik, qattiq kunlar, uzilmay, uch yilga cho‘zildi. Bu muddat
o‘tgunchalik jilg‘a ichida qamalgan holda qoldilar. Musulmonlarning turmush-hollari
kundan-kunga og‘irlashib, xalq bilan ichkari-tashqari aloqalari uzildi. Har tomonlama
tirikchilik to‘g‘risida ko‘p qiynaldilar.
Endi ish shu holga yetganda, rahmati ilohiy qo‘zg‘olib, Quraysh raislaridin ushbu nomlari
bilan yozilgan olti kishi: Hishom ibn Amr, Zuhayr ibn Abi Umayya, Mut’im ibn Adiy,