www.ziyouz.com kutubxonasi
54
surishtirib uyni topib bordim. Darvoza qoraga bo‘yalgan, hovlidan go‘yandalaru
azadorlarning yig‘isi eshitilib turardi. Darvozani qoqqan edim, bir kampir chiqib: «Sizga
kim kerak?» deb so‘radi. «O‘lgan yigitning onasi kerak edi», dedim. «Unda nima
yumushingiz bor, u o‘z qayg‘usi bilan mashg‘ul?» dedi u. «Uni menga chaqirib bering,
o‘g‘lidan unga xabar olib keldim», dedim. Kampir hovliga kirib ketdi. Bir ozdan keyin
qop-qora kiyim kiygan, yig‘layvergani va shapatilayvergani sababli yuzi ham qorayib
ketgan bir ayol chiqdi. «Siz kimsiz?» so‘radi u. «Men Solih Mirriyman. Kecha kechqurun
qabristonda shunday-shunday voqealar ro‘y berdi. O‘g‘lingizni ko‘rdim. U azobda
qolgan», deb tushimda ko‘rganlarimni aytib berdim. Ayol gapimni eshitgach, yerga
yiqilib hushidan ketdi. O‘ziga kelgach: «Ey o‘g‘lim, meni kechir. Agar bu ahvolda
ekaningni bilganimda edi, bu ishlarni qilmas edim. Men qilgan ishlarimdan Alloh taologa
tavba qildim», deya qattiq yig‘ladi. So‘ng ichkariga kirib go‘yandalarni tarqatib yubordi
va boshqa kiyim kiydi. Bir hamyon dirham uzatib: «Ey Solih, buni o‘g‘lim nomidan ehson
qil», dedi. Duo qilib pullarni oldim va o‘g‘li nomidan sadaqa qildim. Keyingi juma tunida,
odatdagidek qabristonga borib tunadim. Tushimda mayyitlarni ko‘rdim. Ular qabrlaridan
chiqib halqa-halqa bo‘lib o‘tirdilar. Ularga tovoqlar tushdi. Haligi yigit shod-xurram,
xushchaqchaq edi. Unga ham tovoq keldi. Meni ko‘rib oldimga keldi va: «Ey Solih, Alloh
seni mukofotlasin. Onam qilayotgan noma’qul ishlarini tark etgani uchun Alloh azobni
yengillatdi. Mening nomimdan qilgan sadaqang ham yetib keldi», dedi. «Bular qanaqa
tovoqlar?» deb so‘ragan edim «Bular tiriklarning o‘liklarga xayr-ehson, xatmi Qur’on va
duolardan iborat hadyalaridir. Har juma kechasi ularga olib kelishadi-da, bu senga
falonchining hadyasi deyishadi. Endi onamning oldiga qaytib borganingda, ularga
salomimni va ushbu gaplarimni yetkaz. Onajon, Alloh sizni mukofotlasin, mening
nomimdan qilgan sadaqangiz yetib keldi. Siz menga yaqinsiz, tayyorgarligingizni
ko‘ring», dedi. Keyin uyg‘onib ketdim. Bir necha kun o‘tgach, ayolning uyiga bordim.
Eshik oldida tobut turgan edi. Kim qazo qildi, deb so‘ragan edim, yigitning onasi,
deyishdi. Unga janoza o‘qib, o‘g‘lining yoniga dafn qildik. Uning haqiga duo qilib, o‘z
yo‘limga ravona bo‘ldim».
Alloh taolo bizni musulmon holimizda vafot etdirishini, solihlar safiga qo‘shishini va
do‘zaxdan saqlashini so‘raymiz. Albatta, U saxovatli, marhamatli, rahmli va mehribon
zotdir.