NAVRO'ZGULI
Navro'zguli, boychechagim, bormisan,
Men senga zor, sen ham menga zormisan?
Muz ichida asradim men ko'nglimni,
Sen o'zingni asrab, baxtiyormisan?
Omonliqsan, to'tiyosan ko'zlarga,
Sevgi maktubisan ma'sum qizlarga.
Suykalasan dudoqlarga, yuzlarga,
Bitta o'zing bir butun gulzormisan?
Ninachining qanotidek barging bor,
Asal va sut bo'yi kelar atring bor.
Qadrim bilib yo'qladingmi, qadring bor,
Yolg'izginam, yolg'izlarga yormisan?
Ay, ko'ngilni qitiqlagan erka gul!
Ay, olamni ko'mgan orzu-sirga, gul!
Qayga desang, men ketaman birga, gul!
Sen ham mendek dardga xaridormisan?
Oy ham kulcha ko'rinarmish ochlarga,
Bulut ko'rpa bo'lib zor-muhtojlarga.
Tashna dilu ruhi yalang'ochlarga -
Birdek tansiqmisan, madadkormisan?
Jonim gulim, o'tinaman, so'lmay tur,
Dunyo yashnaganda hazon bo'lmay tur.
Meni etim qilma, ketma, o'lmay tur,
Sen ham mendek dunyodan bezormisan?
2003
BUG'DOYSO'Z
Bug'doy - bu jannatiy ne'mat deydilar,
Shundan manglayingda kavsar jilosi.
Kelganda azaliy mehnatdan kelar
Jannat farog'ati, jannat safosi.
Sizni kuylayman (she'rlar to'plami). Iqbol Mirzo
Tuproqdek hokisor, saxiy, tanti zot,
Ushbu kun valiylar alqab turibdi.
Oriyat, hamiyat, lafz va e'tiqod
Sening timsolingda yashab yuribdi.
Dengiz tubidan dur izlagan g'avvos,
Zuhroni ko'zlagan shunqor fazogir
Sening qo'lingdan rizq terganligi rost,
Ilmu amalida himmating zohir.
Mushtdek jips bo'lsin deb qizu o'g'loni,
Onalar hamirni mushtlab ko'ptirgan.
Omonlik, qut tilab Sohibqironing
Ot ustida turib bug'doy septirgan.
Bir bog'lam nur o'ynar oy o'rog'ida,
Yulduzlar qayroqi donga o'xshaydi.
Quyosh oltin boshoq sahar chog'ida,
Oqshomda mag'zi to'q nonga o'xshaydi.
Qaydadir kimningdir so'nggi libosin,
Yirtmoqni hunar deb bilguvchi kaslar.
Yo'qlik va ochlikning tavqini osib,
Dunyoga jar solib kulguvchi kaslar -
Nokas, nonko'rlarga gapim yo'q mening,
Kuylasam sendayin qorako'zim bor.
Sen borsan, ko'zim to'q, ko'nglim to'q mening,
Bug'doy nonim bordir, bug'doy so'zim bor.
2006
QIZLARXON
Ayriliqni o'ylasam,
Tomirimda muzlarqon.
Ko'zlaring haqqi qasam,
Sensiz kun yo'q, Qizlarxon.
Ichganim qasam ekan,
Quchganim tizzam ekan.
Qizlarxonning ko'nglini
Koshki, bilmasam ekan.
Sovg'a qilgan ro'molin
O'ramayman, debdi u.
Ko'rishganda ahvolin
Sizni kuylayman (she'rlar to'plami). Iqbol Mirzo
So'ramayman, debdi u.
Qizim hali yosh-ku, deb
Otasi qo'ymas ekan.
Balog'atni, yaxshilar,
Yashirib bo'lmas ekan.
Har bir bosgan iziga
Ta'na qilib o'tadi.
Ro'molini yuziga
Pana qilib o'tadi.
Ayriliqni o'ylasam,
Tomirimda muzlar qon.
Ko'zlaring haqqi qasam,
Sensiz kun yo'q, Qizlarxon.
Holvasidan totganman,
Sumalak yalamayman.
Qizlarxonni topganman,
Boshqaga qaramayman.
Birga bog' kezsak ekan,
Nok uzib esak ekan.
Sevgi yo'q, deb aytganning
Og'ziga kesak ekan!
2003
Dostları ilə paylaş: |