RUSTAM SOBIT HIKOYASI Bu qiz boshqacha ekan,
To'satdan sezib qoldim.
Bilmadim, nima bo'ldi,
Shu qizni sevib qoldim.
Kecha-kunduz xayolim
Uchadi gulruh sari.
Bir lahza ko'z o'ngimdan
Ketmaydi gul ruxsori.
Bir kun to'sdim yo'lini,
Shartta quchdim, qo'ymadim.
Bitta o'ptim, to'ymadim,
O'nta o'ptim, to'ymadim.
Sezdim - qizning ko'ngli bor,
Ammo bosh garang edi.
Bu bog'da tikan bisyor,
Oyog'im - yalang edi.
Na qilarsan, sevganing
Zargarning qizi bo'lsa.
Zargar esa, nonemas,
Zang'arning o'zi bo'lsa.
Zar qadriga etmagan
Zargar sotdi qizini.
Bir puldorning qo'yniga
Shartta otdi qizini.
Kuldi do'stu dushmanim,
Bir pul bo'ldi qiymatim.
Bir kun yotib yig'ladim,
O'n kun yotib yig'ladim.
Bilmasdim - netmak kerak,
Qanday talashar edim?
Men o'shanda yosh edim,
O'n etti yashar edim...
O'n yoz o'tdi, o'n bahor,
Bir kuni uni ko'rdim.
Hurkak kiyikcha emas,
Go'zal ohuni ko'rdim.
Bedapoya. Hech kim yo'q.
Ketqizgani qo'ymadim.
Sizni kuylayman (she'rlar to'plami). Iqbol Mirzo
O'nta o'ptim to'ymadim,
Yuzta o'ptim, to'ymadim.
Kuldi, sevaman, dedi,
Xayolimda - siz, dedi.
Mendan or qilmang, dedi,
Men - bokira qiz, dedi...
Tuf-e! Bari xom xayol,
Qo'ldan ketgan hammasi.
U endi oddiy ayol,
Bir etak churvaqasi!
Menmi? Nima ishing bor?
O'sha-o'sha sayoqman.
To'rt tarafim tikonzor,
Hamon yalangoyoqman.
1994