Sizni kuylayman (she'rlar to'plami). Iqbol Mirzo
Dilga kulrang soya tushar zog'lardan,
Yo tosh ko'char, yo sel kelar tog'lardan.
G'amli she'rlar
yozmas edim, na qilay -
Hanuz sado kelmas Qo'qon yoqlardan.
2001
AFSUSKI
Nima qildim koyib, taqdirdan nolib,
Bu savdolar qondan o'tgan, afsuski.
Do'stlar ohang to'la yuragim qolib
Eshigimga quloq tutgan, afsuski.
Afsuski, halvoga do'nmas g'o'ralar,
Toychoqqa yo'l bermas qari yo'rg'alar.
Bedilning ko'zlarin ko'rgan qarg'alar
Chorbog'imda tuproq titgan, afsuski.
Afsuski, tushmadim men ham osmondan,
Yaxshidan yomonman, yaxshi yomondan.
Jon deb kechib ketar edim-ku jondan
Onamning kutgani kutgan, afsuski.
Afsuski, shabboda sudragan xasman,
Kuyim o'zimga tan, o'zim sarmastman,
Ko'changizdan qaytib kuylab o'tmasman,
Azal menga shuni bitgan, afsuski.
Afsuski, sharhi yo'q jimligingizning,
Siz ham o'ylarmisiz kimligingizni.
Bilaman-ku makkor shumligingizni -
Shayton bel olishmay yutgan, afsuski.
Afsuski, oldinda ko'ngil yo'q, dil yo'q,
Karvon so'ngidaman giyohu gul yo'q.
Fojiam shundaki, orqaga yo'l yo'q,
Imkon qo'ldan ketgan... ketgan... afsuski.
2001
BORGAN SARI
Borgan sari bahor tansiq tuyilar,
Borgan sari atirgullar xushbo'yroq.
Borgan sari ko'z yosh ravon quyilar,
Borgan sari oy tiniq va xushro'yroq.
Sizni kuylayman (she'rlar to'plami). Iqbol Mirzo
Sharob ichsam, tomchisini qoldirmay,
Seni quchsam, o'psam charchoq bilmasam.
Labim qayiq kabi senda etsa sayr,
Ko'zlarimni yashirmasdan yig'lasam.
Borgan sari bo'salaring totliroq,
Borgan sari qirmiziroq lablaring.
Borgan sari sokin-sokin qaltiroq,
Borgan sari shirin-shirin gaplaring.
Shudring misol izsiz ketyapti kunlar,
Visol tuni kechayotir chaqinday.
Boshimdan qor sochayotir uchqunlar,
Sezyapsanmi, so'nggi manzil yaqinday...
Borgan sari yorug' tortar shamchiroq,
Borgan sari yashil va durkun yalpiz.
Borgan sari quchmoqdaman qattiqroq,
Borgan sari uzoqlashib ketyapmiz.
2001
Dostları ilə paylaş: