V. XALQ HARAKATLI O’YINLARINI TASHKILLASHTIRISH VA O’TKAZISHDA
QO’YILADIGAN PEDAGOGIK TALABLAR
O’qituvchining harakatli o’yinlarning tashkilotchisi va
rahbari sifatidagi asosiy vazifalari
Jismoniy tarbiya o’qituvchisi harakatli o’yinlarni tashkil qilish va o’tkazishda quyidagi
asosiy vazifalarni nazarda tutishi lozim:
1. O’qituvchilarning
jismoniy jihatdan normal o’sishlariga, salomatliklarining
yaxshilanishiga, chiniqishlariga, organizmlarining va umumiy ish qobiliyatlarining o’sishiga
yordam berish.
2. O’quvchilarga harakar faoliyatining xilma-xil sharoitlarida erkin harakat qila olish
imkonini beradigan zaruriy bilimlar berish va ularda kerakli harakat malakalari hosil qilish.
3. O’quvchilarda turmush faoliyatiga yordam beradigan aqliy va irodaviy xislatlar
tarbiyalash.
4. O’quvchilarda turli o’yinlarga, jismoniy mashqlarga, shuningdek, rejimga rioya
qilishga qiziqish uyg’otish.
5. O’quvchilarda harakatli o’yinlarni mustaqil ravishda tashkil qilish va o’tkazish uchun
zaruriy bilim va malakalar hosil qilish.
O’qitish jarayonida bunday vazifalarni amalgam oshirish bilan bir qatorda o’quvchilarda
ahloq normalarining tarkib topishi, shuningdek, estetik va mehnat tarbiyasi vazifalarining ham
bajarilishiga erishish lozim.
Harakatli o’yinlarni o’tkazishda o’qituvchining tashkilotchi va tarbiyachi sifatidagi roli
juda mas’uliyatlidir.
O’yinni o’rgatish jarayoni shunday uyushtirilishi kerakki, unda bolalarga o’zaro
o’rtoqlarcha munosabatda bo’lish, vatanparvarlik, ijtimoiy foydali mehnatga to’gri munosabatda
bo’lish tuyg’ulari singdirilsin.
O’yinni to’g’ri tanlash va o’quvchilar bilan uni to’g’ri o’tkazish juda muhim ahamiyatga
egadir. Ammo o’yinni tanlash va o’tkazishning o’zi hamma vaqt ham tarbiyaviy vazifalarni hal
qilavermaydi. Tarbiyaviy ish sohasida yaxshi natijaga erishish uchun o’qitish jarayonini to’g’ri
yo’lga qo’yish zarur.
Bunda harakatli o’yinlar tashkil qilinishi va o’tkazilishining doimo tarbiyaviy xarakterga
ega bo’lishi juda muhimdir. O’yin rahbari bolalar jamoasini yaxshi bilgan, har o’tkaziladigan
o’yinning mazmun va qoidalari bilan mufassal tanishgan, o’qitish jarayonida esa yuksak pedagoglik
33
mahoratni namoyish qila olgan taqdirdagina har bir o’yinni ta’lim-tarbiya nuqtai nazaridan to’g’ri
yo’lga qo’yishi mumkin.
Bolalar o’yin jarayonida o’z xarakterlari va shaxsiy xususiyatlarini namoyish qiladilar. Bu
o’qituvchi uchun bolalarning turli xislatlari bilan tanishish hamda ularning uyushqoqsizlik, o’ta
ta’sirchanlik, o’yin qoidalarini buzish kabi salbiy xislatlarining o’z vaqtida oldini olish imkonini
beradi. Bu bilan o’qituvchi o’yinni muayyan yo’lga solib, o’quvchilarda sofdillik, mardlik, o’zaro
o’rtoqlik munosabatida bo’lish hamda jamoa oldida o’z burchini sezish tuyg’ularini tarbiyalaydi.
Shu bilan birga, o’qituvchi bolalarning o’yin qoidalarini buzmagan holda ijodiy tashabbus
ko’rsatishlariga har jihatdan yordam beradi. Ba’zan o’qituvchi o’z oldiga hal qilinishi qiyinroq
bo’lgan vazifani, masalan, o’quvchilarga basketbol va boshqa o’yinlardagidek to’pni uzatish va ilib
olish, savatga tashlash, yerga urib-urib to’gridan va yo’nalishni o’zgartirib olib yurishni o’rgatish
vazifasini qo’yishi mumkin.
Demak, bolalar uchun harakatli o’yinlarni tashkil qilish va o’tkazish jarayoni tarbiyaviy
xarakterga ega bo’lishi kerak.
Harakatli o’yinlarni o’rgatish metodikasi qanday bo’lishi lozim? Bunda o’yin rahbari
nimalarga e’tibor berishi kerak?
O’qituvchi o’yinlarni o’rgatish jarayonida didaktik prinsiplardan fotdalanishi va ularning
doimo amalgam oshirilishiga erishishi lozim. O’qituvchi o’quvchilarga har bir o’yinni o’rgatish
paytida o’yinning mazmuni, vazifalari va qoidalarini tushuntirib beradi. O’yinga ongli munosabatda
bo’lish, uni to’g’ri o’rganib olish, o’z xatolari va muvaffaqiyatlarini to’g’ri tushunish va o’zining
harakatlarini o’rtoqlarining harakatlariga bog’lab tahlil qilish imkonini beradi. O’yin yoki ayrim
mashqlarni o’rganishda o’qituvchiga ko’r-ko’rona taqlid qilaverish yaramaydi. O’qituvchi
tomonidan o’rgatiladigan va o’quvchilar tomonidan tushunib qilinadigan harakatlar bolalarda
tashkilotchilik ko’nikmalarini tarbiyalashga yordam berishi kerak. Bunga o’yinni o’tkazish uchun
o’quvchilardan hakamlar va hakam yordamchilari tayinlash yo’li bilan erishiladi. O’qituvchi
bolalarga o’ynatiladigan o’yinlar biror maqsadga erishishda muayyan qiyinchiliklarni yengish bilan
bog’liq bo’lishi uchun o’yin jarayonida bajariladigan har bir vazifaning amalgam oshirilishiga
erishishi va to’siqlarning qanday yengilayotganiga qarab, ularni murakkablashtirib borishi zarur. Bu
bolalarni mehnatsevarlikka o’rgatadi, ularning irodasini mustahkamlaydi.
O’qituvchi o’yinni o’tkazishga tayyorgarlik ko’rish jarayonida o’yinning konkret
vazifalarini belgilab chiqadi. Bu vazifalar bolalarning yoshiga to’g’ri keladigan, ya’ni ular bajara
oladigan bo’lishi kerak.
O’yinni tashkil qilish va o’tkazishda o’quvchilarni imkon boricha tashabbus ko’rsatib
o’ynaydigan o’yinlarda tashkilotchilik qobiliyatlariga ega bo’lgan aktiv kishilar tarbiyalanadi.
Belgilangan maqsadga erishish uchun o’rtog’iga yordam berish, mustaqil ravishda yoki o’rtoqlari
34
bilan birgalikda darhol qaror qabul qilish – ijodiy tashabbuskorlikdir. Agar bolalar o’yinni ilgariroq
o’zlashtirib olgan bo’lsalar, o’yin paytida ularning aktivligi yanada ortishi mumkin. O’yin paytida
bolalarning aktivlik ko’rsatishi o’qituvchining bu o’yinni o’tkazishga qanchalik tayyorlanganligiga
ham bog’liq bo’ladi. O’qituvchi o’yinni aniq va ravshan tasavvur qilishi, o’yin paytida o’ynovchilar
o’rtasida bo’ladigan o’zaro munosabatni tushunishi lozim.
O’yin rahbari keyinchalik bolalarning o’yinni o’zlashtirishlariga qarab, ularga sardorlik,
hakamlik qilish ishlarini topshirishi va bolalar o’yinga uyushqoqlik bilan qatnashadigan
bo’lganlaridan keyin ular orasidan o’ziga yordamchilar tayinlashi kerak. Shunda ham bolalar
o’yinini rahbarning o’zi kuzatib turmog’i lozim. O’yinni obrazli qilib tushuntirish eng muhim
momentlardan biridir. Bu ayniqsa syujetli o’yinlarni gapirib berishda muhim ahamiyatga ega bo’lib,
o’yin qatnashchilarining o’z rollarini to’g’ri bajarishlariga yordam beradi. O’yin rahbari o’yin
mazmunining yaxshi o’zlashtirilishi uchun og’zaki tushuntirishni ko’rsatish bilan, ya’ni o’yindagi
ayrim harakatlarni o’zi bajarib ko’rsatishi bilan mustahkamlanishi lozim. Shuni unutmaslik kerakki,
o’qituvchi o’yinni tushuntirishida va harakatlarni bajarib ko’rsatishida, ko’rsatma qo’llanmalardan
foydalanishida o’yinning konkret vazifalarini nazarda tutishi zarur. Masalan, bolalarga yangi o’yin
o’rgatish, shu o’yin texnikasining ayrim elementlarini majbriy ravishda qayta ko’rsatish vaqtlarida
o’yinning konkret vazifalarini nazarda tutish kerak. O’yinlarni rejalashtirishda ularning mazmuni va
ular o’rtasida bir-biriga bog’liqlikni nazarda tutish, muayyan yoshdagi o’quvchilar jismoniy
tarbiyasining asosiy vazifalariga asoslanish kerak. Masalan, yangi orttirilayotgan bilim va malakalar
ilgarigilari bilan bog’lab borilishi, ilgari orttirilgan bilim va malakalar esa yangilari bilan
mustahkamlanib borilishi lozim. Oldingi mashg’ulotlarda to’pni uzatish, ilib olish, o’ynatib olib
yurish va savatga tashlash texnikasining asosiy elemenlari o’rganilgan deylik. Mana shu bilim va
malakalarni mustahkamlash maqsadida “To’p kapitanga” o’yinini yoki uch variantli “To’p
o’yinlari”ni tavsiya etish mumkin. Qatnashuvchilarning o’sish va jismoniy tayyorgarlik darajasiga
mos keladigan o’yinlarni tanlash va o’tkazish lozim. Har bir o’yinning o’ziga xos xususiyatlari va
qiyinchiliklari bo’ladi. Ammo shunday o’yinni tanlab olish kerakki, undagi qiyinchiliklarni
o’quvchilar muayyan darajada kuch sarflab yenga olsinlar.
To’siq yoki qiyinchiliklarni yengish bilan bog’liq bo’lmagan, ya’ni yetarli ravishda kuch
sarflashni talab qilmaydigan o’yin bolalarda hech qanday qiziqish uyg’otmaydi. Tanlangan o’yin
bolalarning qo’lidan keladigan bo’lishi kerak. Bu bolalarni o’z kuchlariga ishonadigan qilib
tarbiyalashda juda muhim ahamiyatga egadir.
Juda yengil yoki, aksuncha, haddan tashqari og’ir o’uinlar qiziqarli o’tmaydi. O’qituvchi
o’yinlarni o’rgatishda oddiylaridan boshlab, asta-sekin murakkablariga o’tishi lozim. Tashkil
qilinishi jihatidan soda bo’lgan va komandalarga bo’linmay o’ynaladigan o’yinlar oddiy o’yinlar
qatoriga kiritiladi. Bunday o’yinlarning Qoidalari juda oson bo’ladi. Bab-baravar jamoalarga
35
bo’linib o’ynaladigan o’yinlar bir oz murakkab va eng murakkab o’yinlar jumlasiga kiritiladi.
Bunday o’yinlarning qoidalari boshqa o’yinlarning qoidalariga qaraganda qiyinroq bo’ladi.
O’qituvchi hamma vaqt yengil o’yinlardan murakkab o’yinlarga, tanish o’yinlardan notanish
o’yinlarga o’tishni nazarda tutishi kerak. Bunday qilish bolalarni o’yinga qiziqtirishga yordam
beradi. Yangidan o’rganiladigan o’yinlar harakatlarining turi jihatidan tanish o’yinlarga o’xshash
bo’lishi lozim. Ammo bunday o’yinlarga hali bolalarga noma’lum bo’lgan qoidalar va ba’zi bir
harakatlar kiritiladi. Masalan, aytaylik, o’quvchilar “Epchil bolalar” o’yinini biladilar, demak, endi
ularga “Ikki yaxob” o’yinini o’rgatish mumkin. Bu har ikkala o’yin o’zining strukturasi jihatidan
ham, harakatlari jihatidan ham bir-biriga ancha o’xshashdir, lekin ikkinchi o’yinning qoidalari
birinchisinikiga qaraganda birmuncha murakkablashtirilgandir.
Shunday qilib, o’yinlar asta-sekin murakkablashib boradi, yangi-yangi o’yinlar
o’rganiladi. Bu esa bolalarda yangi harakat ko’nikmalarini hosil qilishga va ilgari o’rganilgan
texnika elementlarini takomillashtirishga yordam beradi, harakat ko’nikmalarining, shuningdek,
o’yinda ilgari orttirilgan bilimlarning puxta o’zlashtirilishiga erishmoq uchun materiallarni
muntazam ravishda takrorolab va mustahkamlab boorish zarur. Ammo bundan bir xil o’yinlarni
muntazam ravishda takrorlab boorish lozim, degan ma’no kelib chiqmaydi. Bunda rahbar mazmuni
jihatidan har xil bo’lgan o’yinlarning ma’lum bir qismini qaytarishni nazarda tutishi va
o’quvchilarning o’yinlarni yaxshilab o’zlashtirib olishlariga erishuvi kerak. O’qituvchi bolalar
o’yinini muntazam ravishda tekshirib borishi lozim. Bunday qilish o’yin qatnashchilarining
kamchiliklari va yo’l qo’ygan xatolarini aniqlashga hamda bu kamchilik va xatolarni puxta
o’zlashtirib olishlari, ularga bu o’yinlardan lagerlarda va boshqa yerlarda mustaqil ravishda
foydalanish imkonini beradi.
Dostları ilə paylaş: |