Islom
Ensiklopediyasi
www.ziyouz.com kutubxonasi
62
BURHONIDDIN BUXORIY, to‘liq nomi Mahmud ibn Sadrus Said Tojuddin Ahmad ibn
Sadrulkabir Burhoniddin Abdulaziz ibn Umar ibn Moza (16-a.) - buxorolik faqih. Ilmni o‘z
davrining "sudurul ulamo"si (ulamolar peshqadami) hisoblangan ota-bobolaridan olgan.
B.B. "Muhitul Burhoniy" ("Hujjatli muhit"), "Zahira"("To‘planma"), "Tajrid" ("Ajratish"),
"Tatimmatul fatavo" ("Fatvolarni to‘ldirish"), "Tariqatul Burhoniya"("Xujjatlash yo‘li")
kabi kitoblar, ko‘pgana asarlarga sharhlar yozgan. U o‘z asarlarida fiqhning muammoli
masalalarini hal qilib berish bilan islom huquqi turli tarmoqlari rivojiga hissa qo‘shgan.
Chunonchi, 62 ta mustaqil kitobni o‘zida jamlagan "Muhitul Burhoniy"da
ibodat va
muomalot masalalari alohida-alohida yoritilgan, vaqf, zakot va h.k. bo‘yicha mukammal
ko‘rsatmalar bor. Bu kitob O’zbekiston FA Sharqshunoslik in-tida saqlanadi.
BURHONIDDIN MARG’INONIY (to‘liq ismi - Abu-l-Hasan Ali ibn Abu Bakr ibn Abdu-l-
Jalil al-Fargoniy al-Rishtoniy al-Marg‘inoniy) (1123. 23. 9, Marg‘ilon - 1197. 29. 10,
Samarqand)
- fiqh olimi, islom huquqshunosi, imom. Dastavval otasi Abu Bakr ibn
Abduljalil, imom Bahouddin Ali ibn Muhammad Asbijobiy qo‘lida tahsil ko‘rdi. Rishton,
Marg‘ilon, Buxoro, Samarqand va Movarounnahrning boshqa shaharlarida islomiy ta’lim
olib, hanafiy mazhabining buyuk faqihi sifatida nom qozondi. Shariat ilmini muftiy
Najmiddin Abu Xafs
Umar ibn Muhammad an-Nasafiy, Xusomiddin Umar ibn Abdulloh
ibn Umar ibn Maoz, as-Saraxsiy Abu Umar Usmon ibn Ali Poykandiy,
Tojiddin Ahmad ibn
al-Xusayn al-Banandinjiy, Ahmad ibn Abu Rashid al-Buxoriy kabi mashhur faqihlardan,
hadis ilmini Abu Iso at-Termiziy Ziyo-ud-din Abu Muhammad Say’id ibn As’ad, al Hasan
ibn al-Marg‘inoniy singari allomalardan o‘rgandi. B. M. fiqh bo‘yicha asosiy asari ("Fiqh
o‘rganishni boshlovchilar uchun qo‘llanma")ni
hanafiylik nazariyotchisi, shariat
asoschilaridan Abul Hasan al-Kuduriy (1029 y. v. e.) va Muhammad ash-Shayboniy (884
y. v. e.) asarlariga tayanib yozgan. B. M.ning "Bidoyot-al-mubtadiy" ("Qonunni
o‘rganishga kirish") kitobi nazariy, asar edi. Undan amaliy jihatdan foydalanish qiyin
bo‘lgan. Shu sababli B. M.ning o‘zi 8 jildli sharh - "Kifoyat ul-Muntahiy" ("Yakunlovchilar
uchun tugal ta’limot")ni yozishga qaror qilgan. Keyinchalik bu kitobi asosida "Kitob al-
Hidoya" ("Hidoya")ni yaratadi (1178 y.). Mazkur
kitob nafaqat Movarounnahrda, balki
butun islom Sharqida bir necha tillarga tarjima etilib, ma’lum va mashhur bo‘lib ketdi.
Undan asrlar davomida islom huquqshunosligi bo‘yicha qo‘llanma sifatida foydalanilgan
(q. "Hidoya").
B. M. yana bir qancha asarlar yozgan: "Nashr al-mazhab" ("Mazhabning tarqalishi"),
"Kitob-at-tajnis val-Mazid" ("Fuqarolik huquqini taqtsim etish"), "Kitob ul-faroiz" ("Meros
haqida kitob"), "Mazid fi-furu’-ul-hanafiy" ("Hanafiy mazhabiga qo‘shimchalar") va b. U
o‘z asarlarida ijtimoiy-iqtisodiy
munosabatlar, mulkchilik turli shakllari (davlat va xususiy
mulkchilik), moliyaviy faoliyat, jinoyat va jazoning huquqiy asoslarini,
fuqarolik huquqi
nazariyasi va amaliyoti, qozilik muassasalari tarkibi, tartibi va jinoiy ishni ko‘rish
masalalarini batafsil yoritib berdi.
B. M.ning ilmiy merosi o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Jahondagi ko‘p oliy o‘quv yurtlarida
musulmon huquqshunosligi fani B. M.ning fiqh ta’limoti asosida o‘rganiladi. 1997 y.
dek.da O’zbekistonda B. M. vafotining 800 y.ligi nishonlandi. B. M.
Samarqanddagi
Chokardiza qabristoniga dafn etilgan.
Dostları ilə paylaş: