Islom Ensiklopediyasi
www.ziyouz.com kutubxonasi
59
BOTINIYLAR (arab. botin - ichkari, yashirin, sirli) - 1) islomdagi mafkuraviy
oqimlardan birining tarafdorlari. 8-a.da vujudga kelgan. Bu oqim tarafdorlari Qur’on
oyatlari va hadislarni zohiriy va lug‘aviy talqin etishga qarshi chiqqan. Ularning
iddaolaricha, oyat va hadislarning zohiriy ma’nolarini emas, balki yashirin mazmunlarini
olish zarur. Bu aqida bilan ular islom shariatiga qarshi chiqqan bo‘ldilar. Zero, shariat
hukmi bo‘yicha oyat, hadis va b. Zarcha manbalarning iboralari, u qaysi tilda bo‘lmasin,
zohiriy, lug‘aviy va istilohiy ma’nolariga asoslangan holda talqin etiladi. Ba’zi fasohat,
kinoya, tanbeh, istiora, ishora kabi so‘z o‘yinlari, "mutashobih" oyatlar va tasavvufiy
talqinlar bundan mustasnodir. Islomning "Ahli sunna val jamoa" aqidasiga binoan, B.
shariatga xilof e’tiqodda bo‘lgani uchun dinsizlar qatorida sanalgan. 2) Tasavvufda
zohirdan ko‘ra botin islohiga ko‘proq e’tiborni qaratuvchi kishilar (yana q. Zohiriylar).
BOQILLONIY, Abu Bakr Muhammad at-Tayyib al-Boqilloniy (? - 1013) -kalomning yirik
vakili, Basrada tug‘ilgan. Asosan, Bag‘dodda yashab, shu yerda vafot etgan. Fiqh
masalalarida molikiylik mazhabiga suyangan. B. 52 asar yozgan bo‘lib, bizgacha 6 tasi
yetib kelgan. Ilohiy sifatlar va ilohiy mohiyat haqidagi mu’taziliylar oqimiga mansub Abu
Hoshim al-Jubboiy ishlab chiqqan g‘oyaga qo‘shildi. Bir necha mu’taziliylarning bu
masalaga doir g‘oyalarini rivojlantirib, Xudoning sifatlari haqida fikr yuritdi. Iroda
erkinligi muammosini ham B. yuqoridagi fikrga muvofiq ravishda hal qildi: Xudo faqat
"borliq" va "asos"ni yaratgani, inson esa, borliqni shakllantirib, amaliyotni muayyan
yo‘singa solishini uqtirdi. U imomat masalasida shialar va rofiziylar bilan bahsga kirishib,
imom yoki xalifa lavozimi merosiy emas, balki ular saylanishi zarur, deb hisobladi.
Ammo bu lavozimga saylanadigan kishi Alining avlodlaridan bo‘lishi shart bo‘lmasa ham,
qurayshiylardan bo‘lishi lozim. Agar imom o‘ziga topshirilgan vazifani uddalay olmasa
vazifasidan tushirish zarur.
Dostları ilə paylaş: