4-modda. Milliy gvardiya faoliyatining asosiy prinsiplari Milliy gvardiya faoliyatining asosiy prinsiplari qonuniylik, fuqarolarning
huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etish hamda ularni
hurmat qilish, yagonalik, mustaqillikdan iboratdir.
5-modda. Qonuniylik prinsipi Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari (xodimlari) o‘z faoliyatida
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, ushbu Qonun va boshqa
qonun hujjatlari talablariga og‘ishmay rioya etishi hamda ularni bajarishi
shart.
Qonunlarni aniq bajarish va ularga rioya etishdan har qanday chetga
chiqish, ularning sabablari qanday bo‘lishidan qat’i nazar, qonuniylikni
buzishdir va u belgilangan javobgarlikka sabab bo‘ladi.
6-modda. Fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etish hamda ularni hurmat qilish prinsipi Milliy gvardiyaning harbiy xizmatchilari (xodimlari) o‘z faoliyatini
fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etish
hamda ularni hurmat qilish asosida amalga oshiradi.
Milliy gvardiya fuqarolarning jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib
chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeyidan qat’i nazar, ularning
huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari himoya qilinishini
ta’minlaydi.
Milliy gvardiyaning harbiy xizmatchilari (xodimlari) fuqaroning shaxsiy
hayotiga taalluqli bo‘lgan, uning sha’ni, qadr-qimmati yoki ishchanlik
obro‘siga putur yetkazadigan ma’lumotlarni, agar qonunda boshqacha qoida
nazarda tutilmagan bo‘lsa, oshkor qilish huquqiga ega emas.
7-modda. Yagonalik prinsipi Milliy gvardiya Milliy gvardiyaning qo‘mondoni rahbarlik qiladigan
yagona markazlashtirilgan tizimni tashkil qiladi.
Milliy gvardiya qo‘mondoni o‘z faoliyatini amalga oshirishda bevosita
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga bo‘ysunadi.