2. Ashtarxoniylar sulolasining inqirozli holati. Xonlik yemirilishining
omillari. Buxoro xonligida ashtarxoniylar sulolasi boshqaruvining zaiflashuvi yangi
sulolaning hokimiyat tepasiga kelishiga zamin yaratdi. Albatta, bu tanazzulning ichki
va tashqi omillar mavjud edi. Dastlab ichki omillarini tahlil qilib ko‘rsak.
XVIII asrdan boshlab xonlikda chuqur inqiroz holati kuzatiladi.
Abulfayzxonning davlatni boshqarishdagi no‘noqlik siyosati mamlakat yaxlitligiga
putur yetkazadi. Abulfayzxonning qo‘lida esa real hokimiyat yo‘q bo‘lib, amalda
hokimiyat nazorati yirik qabila sardorlari qo‘l ostida bo‘lgan. Davlatda
o‘zboshimchalik, boshboshdoqlik, o‘zbek qabila-urug‘lari o‘rtasida hokimiyat uchun
kurash, ayrim hududlarning mustaqillikka bo‘lgan intilishlarining kuchayishi bilan
bog‘liq holatlar Buxoro davlatini ham ichki ham tashqi siyosatda to‘la tanazzul
yoqasiga olib kelgan edi. Jamiyat hayotida bunday muammolarning yuzaga kelishiga
10
asosiy sabablardan biri – ashtarxoniylar sulolasining so‘nggi vakili Abulfayzxonning
davlatni boshqarishdagi rolining pasayganligi va uning yetarli boshqaruv qobiliyatiga
ega emasligida edi. Aslida, u hali bola paytlardayoq taxtga olib chiqilib, atrofidagi
kuchli amirlar va sarkardalar qurshovida, ularning ma’lum bosimi ostida davlatni
boshqarishi xonning sekin-asta erishiladigan qudratiga to‘siq bo‘lgan edi.
Amirlik davlat tuzumini maxsus tadqiq qilgan huquqshunos olim
J.Shodiyevning yozishicha, ob’ektiv sabablar bilan bir qatorda, mamlakatda bunday
xavfli vaziyatning yuzaga kelishiga quyidagi uchta sub’ektiv omil va voqealar ham
muayyan darajada o‘zining ta’sirini o‘tkazgan: birinchidan, xonlikning muhim
hududiy markazlaridan biri hisoblangan hamda mamlakatning asosiy iqtisodiy,
ma'rifiy va harbiy resurslari joylashgan Samarqand bekligini xonning asosiy
raqiblaridan biri bo‘lgan Rajab Sulton boshqaruviga o‘tishi; ikkinchidan,
nomusulmon bo‘lgan jo‘ng‘orlar quvg‘inidan qochgan qozoq ulamolariga nisbatan
xon hokimiyati tomonidan yetarli e'tibor bo‘lmaganligi va buning oqibatida
musulmonlar o‘rtasida katta obro‘ga ega bo‘lgan ushbu ulamolarning yetti yil
davomida sarson-sargardonchilikda bo‘lishlari aholining xonga bo‘lgan hurmat
e'tiborini yo‘qolishiga olib kelgan; uchinchidan, xonning bevosita yo‘l qo‘yib berishi
natijasida Ibodullo xitoy va uning tarafdorlari tomonidan muqaddas qadamjo
hisoblanadigan Xoja Bahovuddin xonaqosining vayron etilishi aholining kuchli
noroziligini kelib chiqishiga sabab bo‘lgan.
Ubaydullaxonning Buxoro xonligi taxtiga chiqishi Balx bilan muvozanatni
izdan chiqarib yubordi. Bunday vaziyatda xonning jiyani, Balx hokimi Muhammad
Muqimxon ham Buxoro taxtiga da’vogarlik qiladi. Shundan so‘ng Buxoro xonligi
taxti uchun kurash boshlanib, ikki o‘rtadagi kurash besh yil davom etadi. Muqimxon
otalig‘i Mahmudbiy qatag‘on ko‘magida Balxni xonlikdan alohida qilib, o‘z nomiga
xutba o‘qitadi va tanga zarb ettiradi. Natijada xonlik hududi amalda ikki qismga
bo‘linib ketadi. Ubaydullaxon mamlakat yaxlitligini ta’minlash maqsadida Balxga,
Muqimxonga qarshi yurish qiladi. Ikki o‘rtada qonli urushlar boshlanadi. Muqimxon
tarafidan nomi yuqorida eslab o‘tilgan Mahmudbiy otaliq ( qatag‘on
urug‘idan)qo‘shinga bosh bo‘lib, Amudaryo janubidan Movarounnahr sari bir necha
marta yurish qiladi. Ubaydullaxon esa Balxga qarshi kurashga boshchi etib yuz
qabilasining sardori Rahimbiy ( ba’zi manbalarda mang‘it qabilasi) otaliqni
tayinlaydi. Bu urush aslida, amaki-jiyan o‘rtasidagi taxt talashuvdan ko‘ra ko‘proq
ikki nufuzli o‘zbek urug‘ining adovatidan iborat bo‘lgan. Chunki, Subhonqulixon
hukmronligining so‘nggi yillarida qabila-urug‘ sardorlarining nufuzi ortib,
ashtarxoniy xonadoni shahzodalari ularning ta’siriga tusha boshlagan edi.
Ubaydullaxon (1702-1711) davrida Balx va Farg‘onaning mustaqil bo‘lishi,
Abulfayzxon davrida esa Samarqandning Rajab Sulton boshqaruviga o‘tishi
mamlakatning tobora zaiflashib borayotganini ko‘rsatar edi. Samarqandda mustaqil
11
xonlikning tashkil topishi xonlikni ichidan yemirgan eng katta omillardan biri bo‘ldi.
1722-yilda kenagas urug‘ining sardori Ibrohimbiy xonga qarshi chiqib, Samarqandda
kuyovi Rajab Sultonni xon deb e’lon qiladi. Rajab Sulton 1723-yil Buxoroga yurish
qilib mag‘lubiyatga uchraydi. Keyingi yil esa 30 ming kishilik qo‘shin yig‘ib yana
Buxoroga yurish qiladi. Bu yurishlar kutilgan natijani bermagach, Rajab Sulton
boshqa yo‘l tutishga majbur bo‘ladi. U 1724-yilda qozoq sultonlariga bosib olinajak
mintaqalardan katta miqdordagi o‘lja va’da qiladi va ularni Buxoroga hujum qilishga
chorlaydi. Ushbu og‘ir vaziyatda qozoqlar Markaziy Osiyoning boy mintaqalariga
yurish taklifiga tezda roziliklarini bildiradilar. 1724-yilda Rajab Sulton ularning
yordami bilan Buxoro shahrini o‘rab oladi va uni uch kunlik talon-taroj qilish uchun
buyruq beradi. 1725-yil yozida Vobkent viloyatida Abulfayzxon va Rajab Sulton
qo‘shinlari o‘rtasida hal qiluvchi jang bo‘lib o‘tadi. Jang Rajab Sultonning
mag‘lubiyati bilan yakunlanadi. Biroq, qozoq-qo‘ng‘irot qabilalari Movarounnahrda
qolib, yetti yil davomida Samarqand, Buxoro, Shahrisabz va Qarshi viloyatlarini
vayron qilib, Hisor va Ko‘lobgacha yetib kelishadi. Qozoqlarning ko‘p qismi yangi
yerlarga joylashadilar.
Qozoq va qoraqalpoqlarning 1723-yildan 1730-yilgacha davom etgan
isyonining asosiy sababchilaridan biri ham Rajab Sultonning yaqin kishisi Shahrisabz
hokimi Ibrohimbiy Kenagas edi. Buning oqibatida, Abulfayzxon va uning harbiy
qo‘shini isyonchi kuchlar oldida himoyasiz qolgan edi. Mamlakatda tinimsiz davom
etayotgan g‘alayonlar natijasi o‘laroq hamda o‘sha davrda ro‘y bergan tabiiy ofatlar
(surunkasiga uzoq muddat yomg‘ir yog‘ishi) sababli haydaladigan yerlarning
dehqonchilik uchun yaroqsiz ahvolga kelishi va o‘z navbatida aholining katta qismini
Samarqand va Miyonqol hududlarini tark etishga majbur etgan. Sharqshunos Anke
fon Kyugelgenning ma'lumotlariga ko‘ra, otaliq lavozimida faoliyat yuritgan
Muhammad Hakimbiy (Muhammad Rahimning otasi) isyonchilar va ichki
dushmanlar bilan tinchlik yo‘lida muzokaralar olib borishi natijasida muayyan
muddat davomida barqarorlikni saqlashga muvaffaq bo‘lgan. Shu bilan birga,
yuqorida nomi tilga olingan Ibodullo xitoy o‘z tarafdorlari va boshqa xitoy-qipchoq
urug‘iga mansub bo‘lgan aholi bilan birgalikda Miyonqolda amirga qarshi qo‘zg‘olon
ko‘targan va buning oqibatida bir qator shaharlar vayrona holatga tushib qolgan.
Bunday vaziyatda Abulfayzxon Ibodullo xitoyning qilmishlariga yarasha jazo berish
o‘rniga, aksincha, uni devonbegi (“devonxona boshlig‘i”) lavozimiga tayinlagani
xalqning haqli ravishda Abulfayzxon hokimiyatiga nisbatan noroziligini va unga
qarshi borish ruhiyatini keltirib chiqargan.
Shuningdek, strategik ahamiyatga ega bo‘lgan hududlarda ham sulola
vakillarining noib bo‘lmaganligi ham markazdan uzoqlashish omilini yuzga keltirgan.
Bu paytga kelib, ashtarxoniylar sulolasi ichida xonga tirgak bo‘larli yaqin
qarindoshlar yo‘q edi. Ma’lumki, bir qancha manbalar Abulfayzxonning o‘z taxtiga
12
xavf solishi ehtimoli bilan bir nechta o‘g‘llarini qatl ettirib yuborganligini tasdiqlaydi.
Abulfayzxonning o‘zi esa Subhonqulixonning kichik o‘g‘li bo‘lib, unga qadar barcha
akalari vafot etgan yoki halok bo‘lgan. Bu ham xon atrofida tayanch bo‘lishi mumkin
bo‘lgan sulola vakilllarining bo‘lmaganligidan dalolat beradi. Natijada, Abulfayzxon
o‘zbek urug‘larining sardorlarigagina tayanishga majbur edi.
Hokimiyatning ashtarxoniylar qo‘lidan mang‘itlar qo‘liga o‘tishida yana bir
asosiy va muhim omil bu tashqi siyosiy vaziyat hisoblanadi. Xususan, mamlakat
sharqida endigina tashkil topgan Qo‘qon xonligi o‘z chegaralarini Buxoro xonligi
sharqiy hududlari hisobiga kengaytirayotgan va bu omil ikki davlat o‘rtasida
urushlarning tez-tez bo‘lib turishiga olib kelayotgan edi. Shuningdek, Hindistondagi
Boburiylar sulolasi vakillari bilan aloqalar ancha susaygan, Eronda esa safaviylar
bilan mavjud iliq munosabatlar yangi hokimiyat tepasiga kelgan afshorlar
(Nodirshoh) bilan yomon munosabatga almashgan edi.
Eron shohi Nodirshohning tashqi siyosiy faoliyati asosan Buxoro xonligini o‘z
ta’sir doirasiga olishga qaratilganligi, o‘z navbatida, xonlikda davlat hokimiyatini
tubdan o‘zgarishiga sabab bo‘lgan.
Mamlakatdagi og‘ir vaziyat, xonlik sarhadlarining birma-bir qo‘ldan ketishi avj
olgan bir sharoitda Eronda shakllanib kelayotgan Afshoriylar sulolasi Eronning
shimoliy hududlarini egallashni boshlaydi. Nodirshoh afshor (1736-1747)ning o‘g‘li
Rizoquli ushbu hududlarni egallashga kirishadi. Dastlab Andxo‘y, keyin Shibirg‘on
va unga yondosh viloyatlar egallanadi. Navbat esa “Ummul bilod” (Shaharlar onasi)
deb ta’rif etiladigan Balx shahriga yetib keladi. Bu vaqtda Balx noibi ashtarxoniy
Abul Hasanxon edi. Ikki o‘rtada sodir bo‘lgan jangdan so‘ng Rizoquli g‘alaba
qozonib, Abul Hasanxonni qo‘lga oladi va Qandahorda turgan otasi huzuriga
yuboradi. Nodirshoh Balxning egallanishidan mamnun bo‘lib, o‘g‘li Rizoqulini turli
darajadagi qimmatbaho mukofotlar bilan taqdirlagan. Bu Rizoqulining harbiy yurish
ruhiyatini ko‘targan va unga yuqori ishtiyoq bergan.
Amudaryoning janubiy qismidagi hududlar egallangandan so‘ng, asosiy e’tibor
endilikda xonlik markaziy qismi bo‘lgan Movarounnahrga qaratiladi. Amudaryodan
o‘tgan Rizoqulini ilk qarshi olgan hudud Qarshi viloyati bo‘ldi. Bu davrda Qarshini
idora qilayotgan Muhammad Hakimbiy otaliq yordam so‘rab Abulfayzxonga
murojaat qiladi. Abulfayzxon esa o‘z navbatida qoraqalpoqlar, qozoqlar va Xorazm
xoni Elbarsxon (1728-1740)dan yordam so‘rashga majbur bo‘ladi. “Firdavs ul-uqbol”
asarida bu haqda shunday hikoya qilinadi: “ Buxoro xoni Abulfayzxon va Hakim otaliq
Dostları ilə paylaş: |