Haqiqat manzaralari. 96 mumtoz faylasuf [uzsmart.uz]
www.ziyouz.com кутубхонаси
19
* * *
Bir kuni Konfutsiy Chje ismli qaroqchini insofga keltirish maqsadida uning uyiga bordi. Chje
Konfutsiyni shunday so‘zlar bilan quvib chiqardi:
— Eng uzoq umr — yuz yil, o‘rtacha umr — sakcon, umrning eng past chegarasi esa 60 yildir.
Tinkani qurituvchi xastalik, judolik azoblari hamda g‘am-tashvishlar chiqarib tashlanganda, inson
hayotining bir oyida atigi 4-5 kunlik quvonchli damlar bo‘ladi, xolos.
* * *
Tug‘ma bilim sohiblari barchadan balandda turadilar. Tinmay o‘qish yo‘li bilan ilm olganlar esa
ulardan keyin yuradilar. Qiyinchiliklar sabab bo‘lib ilm olishga chog‘langanlar undan ham pastroq
pog‘onani egallaydilar. Mashaqqatga uchraganda ham bilim olishni istamaganlar eng past
pog‘onadagi kishilardir.
* * *
Konfutsiy Szi-Chun ismli shogirdining «Davlatni qanday boshqarmoq darkor ?» degan savoliga
qisqagina javob bergandi: «Davlatni to‘g‘ri boshqarmoq uchun hukmdor — hukmdorligicha, amaldor
— amaldorligicha, ota — otaligicha, o‘g‘il — o‘g‘illigicha qolmog‘i lozimdir».
* * *
Ustozidagi barcha ilm sirlarini bilishga chanqoq talabalardan birining nazdida Konfutsiy eng asosiy
bilimlarini faqat tanlangan shogirdigagina o‘rgatayotgandek tuyuladi. Va o‘ylay-o‘ylay, bu baxtli
shogird Ustozning o‘z o‘g‘li, degan xulosaga keladi. Bir kuni shogird Konfutsiyning o‘g‘liga duch kelib,
shunday savol beradi: «Otang senga hech kimga aytmagan sirlarini oshkor qilganmi?» O’g‘il shunday
javob qiladi: «Yo‘q. Lekin bir kuni Ustoz yolg‘iz o‘tirardilar. Men esa hovlida o‘ynab yurardim. U zot
meni yonlariga chorlab: «She’rlarni yod oldingmi?» — deb so‘radilar. Men: «Yo‘q, hali», — degandim,
Ustoz: «Agar sen she’rlarni yod olmasang, boshqalarga aytadigan so‘zing bo‘lmaydi», — dedilar. Men
o‘tirib she’rlarni yod oldim. Boshqa safar yana shu hol takrorlandi. Men o‘ynab yurganimda Ustoz
so‘radilar: «Qoidalarni yod oldingmi?» — «Yo‘q», — dedim men. «Agar qoidalarni yod olmasang,
hech qachon qat’iy fikr aytib, so‘zingni isbotlay olmaysan», — dedilar. Men darhol qoidalarni yod
oldim. Otamdan eshitganlarim ana shular, xolos».