www.ziyouz.com кутубхонаси
78
XAN FEY (Miloddan avvalgi 288-233 yillar)
Qadimiy Xitoy faylasufi Xan Fey Xan saltanatining aslzoda xonadonlaridan birida dunyoga keldi. U bolalik chog‘idanoq duduqlanib gapirardi. Keyinchalik Syun-tszining qo‘lida tahsil olib, Shan Yan, Shen Buxay, shuningdek, daosizm (xitoycha «dao» — qonun demak) ta’limoti bilan qiziqqan. Xan Fey o‘ziga qadar yashab o‘tgan ko‘plab yirik donishmandlar kabi legistik («legist» — lotincha «qonun» degan ma’noni anglatadi) dunyoqarash tarafdori bo‘lib, davlatni boshqarish muammolari bilan shug‘ullangan. «Qonunlar xalqning otasi va onasidir. Hukmdor va amaldorlar, oliy nasablilaru past tabaqadagilar — hamma qonunga birdek amal qilmog‘i lozim. Bu — buyuk boshqarish san’ati deb ataladi» degan g‘oyani yoqlagan. Xan Fey qonunni birinchi o‘ringa qo‘ygan Shan Yan («Qonunlar va farmoyishlar — xalqning hayoti va boshqaruvning asosidir»), hukmdorlik san’atini birinchi o‘ringa qo‘ygan Shen Buxay («Hukmdor qo‘li ostidagi amaldorlarni ishlata biladi va harakatlarining natijasi bilan o‘zgalarni lol qoldiradi»), ierarxiya (quyi mansabdagilarning yuqori mansabdagilarga bo‘ysunish tartibi) kuchini birinchi o‘ringa qo‘ygan Shen Dao («Axloqsizlarni itoatga keltirish uchun donishmandlikning o‘zi yetarli emas, ammo donishmandlarni egib olish uchun e’tiborli mavqening o‘zi yetarli») qarashlariga tayanib, boshqaruvning «uch quroli» va «ikki tayanchi» haqidagi ta’limotni ishlab chiqdi. * * *
Qonunga rioya qilish, hokimiyatning amalda mavjudligi va boshqarish san’atidan foydalana bilish
hukmdorning qo‘lidagi uch boshqaruv quroli bo‘lib, davlatdagi tartib-intizomning garovidir.
Ulardan bittasini ham e’tiborsiz qoldirish mumkin emas.
* * *
Har bir qonunning ikki tayanchi bo‘lib, biri jazo, ikkinchisi mukofotdan iboratdir.
* * *
Xan Feydan uchta qo‘lyozma asar qolgan, ulardan biri «Yolg‘iz odamning nolishi» deb ataladi.
Faylasuf bu asariga quyidagi g‘oyalarni singdirgan.
Hech qachon hukmdor bo‘lmagan odamning shohga aql o‘rgatishi har kimga ham erish tuyulishi
mumkin. Qani aytingchi, falakiyotshunos olim etikdo‘zning maslahatiga muhtojmi? Etikdo‘z maslahat
berdi ham deylik, ammo uning aytganlari foydali va o‘rinli bo‘larmikan? Biroq boshqa tomondan olib
qaraganda, «mushkulingni oson qiluvchi so‘zni hech qachon o‘zing uchun topib aytolmaysan», degan
naql ham barchaga ma’lum-ku. Go‘yoki yorug‘ nurga yo‘g‘rilgan asl maslahatni faqat chetdan kutish
mumkin. Xan Feyning bu ta’limoti bilan tanishgan aziz o‘quvchilarimiz o‘tkir zakovat sohibi
Rustavelining: «Jangni chetdan turib kuzatgan har bir kishi o‘zini mohir lashkarboshi, deb xayol
qiladi» degan so‘zlarini eslashayotgandir. Shuningdek: «Qanchalar uzoqlashsang, shunchalar yaxshi
ko‘ra olasan», degan naql ham mavjud.
Xan Feyning ikkinchi kitobi «Besh tekinxo‘r», uchinchisi «Xan Fey-tszi» deb nomlanadi. Faylasuf o‘z
asarlarida hukmdorlarga shunday maslahatlar beradiki, ular hozirgi kunda ham o‘z qimmatini
yo‘qotmagan.
* * *
Hukmdor hokimiyatni hech qachon, hech kim bilan bo‘lishmasligi lozim. Agar u amaldorlarga
zarracha hokimiyat bersa, ular o‘sha zahoti bir zarra hokimiyatni yuz zarra hokimiyatga aylantiradilar.