www.ziyouz.com kutubxonasi
297
— Nojo‘ya ichki qirg‘inlarni to‘xtatishga amr-farmon bermoq uchun mana biz bel
bog‘ladik! — dedi Bobur. — Tangridan umidimiz borki, bu ulug‘ mamlakat endi yagona
markaziy davlat atrofiga jipslashgusidir. Biz Hindni obodu qudratli qilmoq orzusidamiz.
Bizga hamkoru hamnafas hind beklari, fuzalolari, hunarpeshalari ko‘p. Bizni zaharlab
o‘ldirmoqchi bo‘lgan bu makkor xonim uchun eng og‘ir jazo shuki, biz mana, tirikmiz! Bu
xonimning o‘ziyu o‘g‘li qilolmagan ulkan ishlarni biz qilmoqdamiz!
Malikdod Koroniy birdan yengil tortib:
— Hazratim lutf qildilar! — dedi.
— Bu malika, — deb davom etdi Bobur, — shu daraja beva-bechoraga jonkuyar bo‘lsa..
Abdukarimbek!
Baydaga yaqin bir joyda o‘tirgan shig‘ovul sakrab o‘rnidan turdi. Bobur unga buyurdi:
— Bu malikaning barcha molu dunyosini musodara qilib, Jamna bo‘yida bir buq’ai xayr*
qurdiring. Barcha xizmatkorlari o‘sha buq’ada xizmat qilsin, malikaning butun boyligi,
molu dunyosini yetim-esirga xayr-ehson qilib ulashsinlar.
— Bosh ustiga! — deb Abdukarim bu farmonni ta’zim bilan qabul qildi.
— Malikani to umri yetgunicha tirik saqlash ham sizga topshirilur, janob Abdukarimbek!
— Tirik?! — hayron bo‘lib so‘radi shig‘ovul.
Boshqa a’yonlar ham taajjublanayotganini ko‘rgan Bobur ovozini ko‘taribroq gapirdi:
— Malika bizning bundan keyingi zafarlarimizni ham ko‘rsin. Yomonlikka yaxshilik qilish
mard kishining qo‘lidan kelishiga amin bo‘lsin. Agar malikada vijdon bo‘lsa, o‘g‘li qilmay
ketgan ishlarni biz qilganimizni ko‘rib vijdoni azoblansin. Agar vijdoni bo‘lmasa, ichida
faqat baxillik chayonlari bo‘lsa, bu chayonlar o‘zini chaqib yotaversin. Malikaga bundan
o‘zga jazo munosib emasdir!
Bek va a’yonlarnnig pichir-pichirlari orasidan allakimning:
— Hazratim tantilik qildilar! — degan quvonchli xitobi eshitildi.
O‘z o‘limini ham o‘tkir bir qurolga aylantirmoqchi bo‘lib kelgan malika Bayda endi bu
qurolidan ayrilganini sezdi. Shu paytgacha u ajali yetganiga shubha qilmas edi. Endi
birdan yana yashash umidi paydo bo‘ldi. Malikaning o‘lim sovug‘idan muzlagan qalbiga
hayotning iliq nafasi tegdi-yu, ko‘nglini bo‘shashtirib yubordi.
Malika yuzini qo‘llari bilan to‘sib, yelkalari silkina-silkina yig‘lay boshladi.
_____________
* B u q ’ a i x a y r — xayr-ehson uyi.