www.ziyouz.com kutubxonasi
2
«Temur tuzuklari» chop etilganda Moskvadan chiqadigan «Voprosu istorii» jurnali orqali
jazava bilan davom ettirilgan, 1986-yilda Uchinchi plenum nomini olgan mash’um
yig‘inda avjiga chiqarilgan edi.
Mana shu alg‘ov-dalg‘ovlar sababli Bobur mirzo to‘g‘risidagi romanning yozilishiga ilk bor
turtki bo‘lgan yuqoridagi tarixiy haqiqatni o‘sha davrda kitobxonlarga yetkazib
berishning iloji bo‘lmadi.
Ammo Amir Temur va Bobur mirzo orasidagi vorisiylikka, tarixiy, irsiy va ijodiy
yaqinlikka bag‘ishlangan boblar va lavhalarning romanda o‘z o‘rni bor edi, ular avvaldan
rejalashtirilgan, dilda pishitilgan, qisman qoralab ham qo‘yilgan edi. Faqat oradan o‘nlab
yillar o‘tgandan so‘ng ularni syujet chiziqlariga uzviy bog‘lash, qaytadan avvalgi ijodiy
jarayonlarga kirish ko‘p vaqt va qunt talab qildi.
Nihoyat, romanning avvalgi nashrlariga kirmay qolgan boblar va lavhalar bu yil vaqtli
matbuot sahifalarida chop etilib, jamoatchilikning nazaridan o‘tkazilgandan so‘ng ushbu
nashrga kiritildi.
Yillar davomida romandagi ayrim noaniqliklar va nuqsonlar haqida asosli tanqidiy fikrlar
bildirilgan edi. Zokirjon Mashrabov boshliq Bobur ekspeditsiyasi jahonni kezib, ko‘pgina
yangi tarixiy faktlarni kashf etdi. Ular ham ushbu nashrda baholi qudrat hisobga olindi.
Bundan o‘ttiz yil muqaddam 1969-yilning yanvarida boshlangan bu ish shoyadki shu
bilan nihoyasiga yetgan bo‘lsa.
1999 yil. AROSAT Birinchi qism QUVA QIL USTIDA TURGAN TAQDIRLAR 1 Milodiy 1494-yilning yozi. Saraton issig‘ida Far-g‘ona vodiysining osmoniga chiqqan
quyuq bulutlar kuni bo‘yi havoni dim qilib turdi-yu, kechki payt birdan jala quyib berdi.
Qizil tuproqli tepaliklar orasidan o‘tib kelayotgan sersuv Quvasoy qon qo‘shib
oqizilgandek qip-qizil bo‘lib ketdi.
Soy bo‘yidagi majnuntollar panasida bir yigit bilan qiz shivirlashib gaplashmoqda edi.
— Robiya, inon, men tirik bo‘lsam, senga balo-qazoni yo‘latmasmen!
— Tangrim sizni ham panohida asrasin, Tohir og‘a!.. Yog‘iyning* ming-ming askari bor.
Qaysi biriga bas kelursiz? Ana, qochqinlarga qarang!..
Tohir orqasiga o‘girilib, Quvasoyning quyi tomonlariga ko‘z yugurtirdi. Pastda qamishzor
botqoqlik va uning ustidan o‘tgan uzun yog‘och ko‘prik bor edi. Ko‘prikdan chumoliday
behisob odamlar, otlar, mollar, aravalar tizilib o‘tib kelayotgani yomg‘ir pardasi orasidan
elas-elas ko‘zga chalinardi.
Samarqand podshosi Qo‘qonni bosib olib, qo‘shiniga talatgan va Marg‘ilonga hujum
qilgan edi. Bosqinchilar shaharu qishloqlarni talash bilan qanoatlanmay, ko‘hlik qizlarni
cho‘rilikka olib ketishar edi. Buning hammasini eshitgan odamlar yovdan qochib, tinch
joy izlab bormoqda edilar.
— Ulusning sho‘ri qursin! — dedi Tohir. — Kasofat podsholar urushmay turolmasa.