www.ziyouz.com kutubxonasi
9
— Boshqa ilojim yo‘q. Meni ma’zur tuting, janob bek. Bunday taklif bilan kelish siz uchun
ham xatardan xoli emas!
— E, men buzdillardan* emasmen! — deb Ahmad Tanbal qahr bilan o‘rnidan turdi va
yirik tishlarini irjaytirib qo‘shib qo‘ydi: — Lekin siz mening shaxtimni qaytarganingiz
uchun hali pushaymon bo‘lursiz!
Bu tahdid mana endi to‘rtta bosqinchining qiyofasiga kirib, qorong‘ida uning uyiga
bostirib kelgan bo‘lsa ajab emas. Qurolsiz, navkarsiz mulla Fazliddin Ahmad Tanbalday
yuz-ikki yuztadan qurolli yigitlari bor beklarga qanday bas keladi? Lekin «bo‘lari bo‘ldi»,
deb indamay yuraversa, bu quturgan bek ertaga beshbattar yomonliklar qilishi mumkin
emasmi?
Mulla Fazliddin ertalab podshoh in’om qilgan to‘bichoq otni mindi-da, shahar dorug‘asi*
qabul qiladigan mahkamaga yo‘l oldi. Uzun Hasan ismli ingichka, novcha dorug‘a
askarlikka odam olish va shaharni yaqinlashib kelayotgan dushmandan himoya qilish
tashvishi bilan band ekan. Mulla Fazliddinning arzini qayoqqadir ketmoqchi bo‘lib
shoshilib turgan paytda tingladi-da:
— Tarhlaringizga tegmay, hamyoningizni olib ketgan bo‘lsa, bu — to‘qaydan chiqqan
o‘g‘rilarning ishi, — dedi. — Yog‘iy tashvishidan qutulsak, to‘qaylarni o‘g‘rilardan
tozalagaymiz... Hozir ahvolni ko‘rib turibsiz!..
Qo‘l qovushtirib tikka turgan mulla Fazliddin dorug‘aga yaqinroq keldi:
— Mening boshqa gumonim bor, janob dorug‘a, — dedi. So‘ng Ahmad Tanbalning surat
chizdirmoqchi bo‘lganini, rad javobi olganda esa achchiqlanib ketganini aytib berdi.
— Kimning surati? — deb dorug‘a qiziqib qoldi.
Mulla Fazliddin Xonzoda begimning nomini tilga olishga qo‘rqdi.
— Parilar suratimidi? Yaxshi tushunmadim.
— Sandig‘ingizda parilar surati bormidi? Bosqinchilar shuni olib ketibdirmi?
— Surat o‘zi bo‘lmasa neni olib ketsin! Men hazrati oliylari buyurgan madrasa tarhini
chizish bilan bandmen. Suratkashlikka vaqtim yo‘q. Sandiqda xomaki loyihalarim bor
edi, xolos.
— Ular joyida qolganmi, axir? Undoq bo‘lsa Ahmadbekdan nechun gumonsiramoqdasiz?
— Sababini aytdim, janob dorug‘a! Taftish o‘tkazishingizni so‘raymen!
— Ahmadbek — sultonlar avlodidan ekanini unutgan bo‘lsangiz, men eslatib qo‘yay.
Hazrati oliylarining katta xotinlari Fotima begim Ahmadbekka qarindosh bo‘lurlar. Fotima
begimning chaqirig‘i bilan Sulton Ahmadbek bugun azonda poytaxtimiz Axsiga ketdilar.
«Agar o‘sha bek sandiqdagi suratlarni qo‘lga tushirsa, Axsiga eltib, podshoh oilasiga
ko‘rsatmoqchi bo‘lganmi?— degan o‘y mulla Fazliddinning ichini muzlatib o‘tdi. — Bular
mening qonimga shunchalik tashnami? Balki Ahmad Tanbal Xonzoda begimni ham shu
surat orqali qo‘lga tushirmoqchidir? Hali uylanmagan bu bek podshoga kuyov va
Xonzoda begimdek go‘zal qizga er bo‘lishni jon-dili bilan istasa kerak!»
O‘rgimchak to‘riga o‘xshash yopishqoq bir balo atrofini o‘rab kelayotganini sezgan mulla
Fazliddin jon-jahdi bilan bu to‘rni yirtib chiqib ketishga urindi:
— Janob dorug‘a, men sizdan adolat istab keldim! Podshoh hazratlari meni sizning
himoyangizga topshirgan edilar! Agar bosqinchilarni topib jazo bermasangiz, men
podshoh hazratlarining huzurlariga panoh istab ketishga majbur bo‘lurmen!
— Ammo shuni bilingki, janob me’mor, hazrati oliyning huzuriga sizdan ham oldin ba’zi
bir gaplaringiz yetib borishi mumkin!
— Ya’ni, qaysi gaplarim, janob dorug‘a?
— Ba’zi me’morlar o‘zlarini podshohlardan ham baland qo‘yarmishlar. «Bu taxtu
saltanatlar benomu nishon yo‘qolur, faqat me’moru musavvirlar yaratgan zo‘r san’at
asarlari tirik qolur», degan gustoxona aqidalar bizga ma’lum!