www.ziyouz.com kutubxonasi
17
qolganda ko‘rdilaru shosha-pisha ta’zimga chiqdilar. Mirzo otini to‘xtatdi. Orqadagi
mulozimlardan ikkitasi — rikobdor* bilan jilovdor tez otdan tushdilar. Biri Mirzo mingan
qora qashqa otning oltin jilovidan, ikkinchisi kumush uzangisidan tutdi. Mirzo kattagina
qorin qo‘ygan semiz odam edi, otdan ehtiyot bilan sekin tushdi.
Marg‘ilon va Qo‘qonga uchadigan maxsus kabutarlar keltirildi. Naycha qilingan qisqa
xatlar ularning qanotlari tagiga mahkamlandi. Umarshayx mirzo kabutarlarni o‘z qo‘li
bilan uchirishni yaxshi ko‘rar edi. U havorang chiniy kabutarni qo‘liga olib, yog‘och zina
bilan kabutarxonaning tomiga chiqdi.
Tomdan atrof juda yaxshi ko‘rinar edi. Uzoqdagi tog‘ ortidan quyosh jimgina ko‘tarilib
kelar, pastda shovullayotgan daryoning to‘lqinlari nafis jilolanib turar, g‘ir-g‘ir esayotgan
ertalabki shabada ipakday mayin tuyular edi. Umarshayx mirzo tom tepasida turib, o‘zi
mustahkamlatgan va poytaxtga aylantirgan Axsiga ko‘z yugurtirib chiqdi. Qo‘rg‘onning
qo‘l yetmas balandlikka qurilganidan va atrofi chuqur o‘ngirlar bilan ihota qilinganidan
alohida bir mamnuniyat sezdi. «Hali bu jarlarga qanchadan-qancha yog‘iylarim
qulagay», degan o‘y ko‘nglini shod qildi.
Biroq bu bahaybat o‘ngirlar oyoq ostidagi zaminni ichdan hilviratib qo‘yganini,
kabutarxona ortidagi jarning tagini suv o‘yib ketganini, yer o‘pirilgudek bo‘lib turganini
Mirzo ham, uning atrofidagi mulozimlar ham mutlaqo sezmas edilar. Tuprog‘i to‘kilib,
qulashga bahona topolmay turgan jarning qa’rida xatarli bir sharpa borligini hozir faqat
kabutarlar sezayotgan bo‘lsa ehtimol. Chiroyli to‘rlar va ozoda kataklar ichida o‘tirgan bu
jonivorlar bugun kechasi negadir juda bezovtalanib, patir-patir qilib chiqishdi. Hozir ham
ular don-suvga qaramay, nuqul tashqariga intilishar, katak chi-viqlarini asabiy cho‘qishar
edi. Kabutarbonlar buning sababini tushunmay hayron edilar.
Faqat Umarshayx mirzoning qo‘lidagi chiniy kabutar katakdagi xatardan qutulganday
osoyishta bo‘lib qolgan edi. Hozir butun olam Umarshayx mirzoga mana shu kabutarday
ma’sum va osuda tuyuldi. U tom o‘rtasiga borib, kabutarning mayin qanotini yuziga
bosdi. Uni uchirishdan oldin:
— Marg‘ilonga uch, qanotli choparim! — deb shivirladi.
Tagidan nurab turgan jar shu asnoda birdan o‘pirildi.
Kabutarlar qo‘nadigan ayri yog‘och «shaq» etib pastga uchib ketdi. Odamlar nima
bo‘layotganini tushunib ulgurmaslaridan kabutarxonaning narigi devori jar bilan birga
o‘ngirga qulab, tomni ham tortib ketdi. Tomning o‘rtasida turgan Umarshayx mirzo
chang-to‘zon ichida qattiq bir chayqaldi-yu, gandiraklab yiqildi. Uning jon achchig‘i bilan
qichqirgani vahimali qarsillash va gursillashlarga qo‘shilib eshitildi. U yiqilib
tushayotganda qo‘lidagi kabutarni qo‘yib yuborgan edi. Chiniy kabutar chang-to‘zon
orasidan yulqinib chiqib, osmonga qarab otildi. Mirzoning o‘zi esa tom yog‘ochlariga,
somon su-voqlariga, jar tuproqlariga aralashib, uch terak bo‘yi pastga qulab ketdi.
Mirzoning ketidan tomga endi chiqqan kabutarbon zinapoyadan o‘zini yerga otdi.
Mulozimlar va qo‘rchilar kutilmagan falokatdan vahimaga tushib orqaga qochdilar. Otlar
hurkib, no‘xtalarini uzgudek siltanishar va kishnashardi.
Hazrati oliyni xavf-xatardan asraymiz, deb yurgan qo‘rchilar avval nima bo‘lganini
fahmlay olmay esankirab qoldilar. Keyin ular jar o‘pirilganini fahmladilar, lekin Mirzoning
oldiga tezda yetib bora olmadilar. Chunki bosh aylanadigan balandlikdan pastga tushib
bo‘lmas, nurab turgan jarning labiga odam borsa yana o‘pirilishi mumkin edi. Qo‘rchilar
va mulozimlar qal’adan ot choptirib chiqib, Mirzo qulab ketgan jar etagiga yetib
borgunlaricha, so‘ng uyilib yotgan tuproq, kesak va yog‘ochlar orasidan uni topib, kavlab
olgunlaricha o‘n jonidan biri ham qolmagan edi.
Uning jasadini arkka kiritib yuvdilar. Majaqlanib, tanib bo‘lmas holatga kelgan yuzini oq
shohi bilan yopib qo‘ydilar.