Yulduzli tunlar (roman). Pirimqul Qodirov
www.ziyouz.com kutubxonasi
25
Qo‘rg‘on ichidan darvozaxonaning tomiga chiqib olgan
yapasqi bir navkar devor
kungurasi orasidan ularni kuzatib turgan edi. Qosimbek Mirzo darvozasidan shitob bilan
kirayotganda bu navkar ham tomdan sekin tushdi-yu, devor oldiga bog‘lab qo‘yilgan otni
minib, xo‘jayini Ahmad Tanbal kutib turgan joyga qarab ketdi.
Mevalari g‘arq pishgan katta bog‘ning to‘rida marmar gumbazlik hammom bor edi. Bog‘
egasi Yoqubbek yozning issiq kunlarida shu hammomning mehmonxonaga o‘xshatib
bezatilgan salqin bir xonasida dam olar edi. Asl gilamlar to‘shalgan bu xonaning to‘rida
hozir Ahmad Tanbal o‘tiribdi. U kumush bilan bezatilgan qimiz kadidan jiyda gulli
piyolaga
qimiz quyib, sipqordi. So‘ng sarg‘ish mo‘ylovini kafti bilan artar ekan:
— Tangrim meni kechirsin, bugun ro‘zani buzdim,— dedi. — Yo‘lda tashnalikdan tilim
tanglayimga yopishib qoldi. Hushimdan ketib otdan yiqiladigan holatga keldim.
— Bugun sizga ravo, — dedi Yoqubbek. — Zarurast— ma’zurast.
Mushkul ishga bel
bog‘labsiz. Agar kushoyishi koringizni berib, taxt Jahongir mirzog‘a o‘tsa, siz uning eng
ishongan rahnamosi bo‘lursiz.
Ahmad Tanbal bu nurli istiqbolni ko‘z oldiga keltirib, bir entikdi.
Oldingi tishlaridan
ikkitasi tushib ketgan semiz Yoqubbek unga sinovchan nazar bilan qarab turardi.
Yoqubbekning nigohida «Mening bu xatarli ishga nechun bosh qo‘shayotganimni
unutmasmikansen?» degan ma’no bor edi. Ahmad Tanbal sergaklandi:
—
Bek janoblari, siz bilan biz asli mo‘g‘ul* urug‘idanmiz. Barloslarning Farg‘ona
viloyatida shuncha vaqt hukm surganlari yetar. Endi navbat bizniki. Men sizni mo‘g‘ul
beklarining eng ulug‘i deb bilurmen. Tangri omad berib, agar men taxt vorisiga rahnamo
bo‘lsam, o‘shanda ham menga siz rahnamolik qilg‘aysiz!
— Inshoollo! — deb Yoqubbek mamnun yuz bilan kalta soqolini silab qo‘ydi. — Qani,
Ahmadbek, chan-qoq bosilgandan so‘ng ochlik bilinadir. Yaxna go‘shtdin totining.
Ahmad Tanbal chinni lagandagi go‘shtga endi qo‘l uzatganda eshik sekin ochildi.
Ahmad
Tanbal laganni bir chetga surib, eshikka qadalib qaradi. Boyagi yapasqi navkar
xo‘jayinining tinchini buzgani uchun uzr so‘raganday bo‘sag‘adan narida turib, ta’zim
qildi:
— Bek janoblari, sevinchi bering! — dedi. — Bobur mirzo qo‘rg‘onga kirmay qaytib
ketdilar.
— Ayni muddao!
Ahmad Tanbal uchun bu chindan ham quvonchli xabar edi. Charm hamyonidan bitta
oltin tanga olib, bo‘sag‘a oldiga tashladi. Yapasqi navkar
tangani shosha-pisha olib, ikki
bukilib rahmat aytdi. So‘ng Ahmad Tanbalning ishorasi bilan eshikni sekin yopib, orqaga
chekindi.
Axsidan Andijonga kelib to‘g‘ri Yoqubbeknikiga tushgan Ahmad Tanbal podshohning
o‘limi haqidagi xabarni eng avval Sherim tog‘oyiga yetkazdirgan edi.
Uning hovliqma
fe’lini qo‘zg‘atib, o‘zi panada qolish uchun imzosiz xatni kabutar yordamida osmondan
tushirtirgan edi.
— Maslahatingiz bilan tuzilgan reja sharofatli chiqdi!— dedi Ahmad Tanbal uy egasiga
mamnun ko‘z tashlab.
— Ha, Sherimbek endi jiyanini xavf-xatardan yaxshilab «xalos qilur». Uning eng nufuzli
bekiga aylanish uchun Olatog‘dan ham oshur.
— Endi biz Boburning xatardan qo‘rqib qochganini xaloyiqning qulog‘iga yetkazmog‘imiz
kerak. Bobur shunday paytda ota yurti Andijonni
tashlab ketganini xalq bilsin, undan
ixlosi qaytsin. Ana undan so‘ng Jahongir mirzoning taxtga o‘tirishiga hech bir monelik
qolmas.
Yoqubbek soqolini tutamiga olib, bir lahza o‘ylanib turdi-yu: