www.ziyouz.com kutubxonasi
22
shikoyat qilgani ketdi.
Ellik besh yoshlardagi salobatli kampir sidirg‘a oq atlas ko‘ylagini shitirlatib darsxonaga
kirib kelayotganda Bobur darhol o‘rnidan turib, buvisiga salom berdi. Eson Davlat begim
suratni qo‘liga oldi va Navoiy tasviriga beixtiyor qiziqib:
— Yuzlarida farishtalari bor zot ekanlar, — deb qo‘ydi. So‘ng harir dakanasining bir cheti
bilan yuzini mudarrisdan to‘sib, unga yarim o‘girilgan holda dedi:— Mudarris ja-noblari,
bu surat Hirotda shariat peshvolarining ruxsatlari bilan chizilgan-ku.
— Meni ma’zur tuting, hazrat xonim, — dedi eshik oldida qovoq solib yerga qarab tur-
gan mudarris,— ammo Hirotda shariat qonunlari buzilmishdir. Shialar ta’sirida chizilgan
bu surat bizning pok sunniy mazhabimizga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi. Men taxt vo-risini
ogoh qilmoqchimanki, bizga Muhammad alayhissalom vasiyat qilgan chin musulmonlik
alhol Xurosonda emas, Movarounnahrdadir!
Eson Davlat begim mudarris bilan mazhablar to‘g‘risida bahslashib o‘tirishni istamadi.
Boburga yuzlanib:
— Mudarris janoblari bir jihatdan haqlar, — dedi, — fiqh darsida surat tomoshasi o‘rinsiz,
azizim. Tangri inoyat qilsa, siz hukmdor bo‘lib yurt so‘ragaysiz. Shuning uchun fiqh
qonunlarini boshidan-oxirigacha bilib oling. Suratni men olib ketay.
Bobur suratni buvisidan bir nafasga so‘rab oldi-yu, avaylab kitob orasiga solib berdi.
— Ehtiyot qilingiz, sizga orzuyimni topshirdim,— dedi.
Eson Davlat begim nevarasining so‘zlarini yoqtirib dedi:
— Balki Alisherbekni Andijonga taklif qilursiz.
— Kelurmikanlar? — ko‘zlari yonib so‘radi Bobur.
— Samarqandga kelganlar-ku, Farg‘ona vodiysining ta’rifi olamga mashhur. Iloj
topsalar, albatta kelurlar. Alisherbek nihoyatda pok, avliyotabiat odam, deb eshitganmiz.
O‘zlari kelsalar, mudarris janoblariga ham manzur bo‘lishlari shubhasiz!
Mudarrisning endi sal chehrasi ochildi. Qaddini tiklab:
— Shoyad shunday bo‘lsa! — deb qo‘ydi.
Eson Davlat begim ularni ustalik bilan yarashtirganidan mamnun bo‘lib darsxonadan
chiqdi.
_______________
* B e k a t k a — hali balog‘atga yetmagan mirzolarga homiylik qilish uchun podshoh tomonidan tayin etiladigan mas’ul bek.
* K o‘ k a l d o sh — bir onani emgan bolalar.
* F i q h — musulmon qonunshunosligi.
* «Mardlikni jahon mardlaridan o‘rgan».
2 Kun qiyomiga kelib, peshin namozi o‘qilgandan keyin ko‘shkning ich-tashi jimjit bo‘lib
qoldi. Ro‘zaning azobi endi bilina boshlagan, yoz kunida chanqab holsizlangan odamlar
kunni qanday kech qilishni bilmay betoqat bo‘lishar edi. Koshona egalari salqin
xonalarda jimgina yotib, uyqu bilan jon saqlashni odat qilganlar.
Bobur ham bugungi saboqlarini tugatib, o‘z xonasida yonboshlab yotibdi. Biroq boyagi
shirin orzular hamon xayolini to‘lqinlantirib, ko‘ziga uyqu qo‘ndirmaydi. U qog‘oz-qalam
olib, she’r yozmoqchi bo‘ldi. Lekin hozir uning xayoliga yod bo‘lib qolgan mashhur
baytlardan boshqa she’r kelmas edi. Shunda u ikkinchi bir daftarni oldi-yu, Farg‘ona
vodiysi haqida bilganlarini oddiy nasr tariqasida yoza boshladi: «Girdo-girdi tog‘lar, ovi
qushi ko‘p. Oq kiyikni Axsi cho‘lida ko‘rganbiz. Marg‘ilon yovug‘ida ham bor». Bobur
Farg‘ona vodiysida nimaiki go‘zallik ko‘rgan bo‘lsa, hammasini yozgisi kelar edi. Keyin
Hirotga Amir Alisherning huzuriga borganda bu yozuvlari juda kerak bo‘ladiganga