www.ziyouz.com kutubxonasi
24
Sherimbek Boburning egariga bir qo‘lini qo‘yib, yuzini unga yaqinlashtirdi-da, past
tovush bilan.
— Mirzom, qo‘rg‘onga kirmangiz, xatarli, — dedi.
Bu so‘zlarni Qosimbek ham eshitdi. Umarshayx mirzo tirikligida durustroq lavozim
ololmay ko‘ngli cho‘kib yurgan Sherimbek endi Bobur mirzoga boshqalardan oldinroq
mehru oqibat ko‘rsatib, uning ishonchini qozonmoqchi va kattaroq martabaga
erishmoqchi edi. Qosimbek buni sezib Boburga osoyishta gapirdi:
— Amirzodam, ortiqcha tahlikaga o‘rin yo‘q. Tezroq qo‘rg‘onga kirib, sodiq beklarni
to‘playlik.
Sherimbek ot ustidagi Qosimbek bilan yerda turib so‘zlashishni o‘ziga ep ko‘rmadi.
Shoshib otiga mindi-da, shiddat bilan dedi:
— Siz hali ahvolni bilmaysiz, janob Qosimbek! Sodiq beklaringiz Xo‘jandni yog‘iyga
topshirdi! Isfarani topshirdi! Marg‘ilonni topshirdi!
— Marg‘ilonni?! — seskanib so‘radi Bobur. — Qachon?
— Hozir xabar keldi! ?g‘iy mo‘ri malaxday yopirilib Quvaga yaqinlashdi! Endi navbat
Andijonga. Sodiq beklar Andijonga qo‘shib Mirzomni ham yog‘iyga bersinlarmi? Yo‘q!
Men tirik bo‘lsam, bunga yo‘l qo‘ymaymen!
Og‘ir musibat ustiga qo‘shilgan bu shum xabarlar Boburni juda esankiratib qo‘ydi. O‘zi
kuni bilan ro‘za tutib, darmoni ketib borar, nihoyatda qattiq chanqaganligidan tili
tanglayiga yopishib qolgandek tuyular edi. Uning tashna ko‘zlari qo‘rg‘on devori tagidagi
xan-daqqa to‘ldirilgan qoramtir suvga tushdi. Turib qolgan shu qora suv ham unga
allanechuk jozibali ko‘rindi. U quruqlashgan lablarini namsiz tili bilan yalab qo‘ydi.
Sherimbek dadil borib, Bobur mingan bo‘z otning oltin bezakli yuganidan oldi:
— Men sodiq tog‘oyingizmen, Mirzom, ijozat bering, sizni bu xatarlardan uzoqqa olib
ketay!
Bobur Sherimbek aytayotgan xatarlarni hozir uncha o‘ylamas va aniq his qilmas edi.
Ammo uning qayg‘udan ezilgan ko‘ngli ham, tashnalikdan qiynalayotgan tani ham ko‘z
oldidagi bekik va dim qo‘rg‘ondan ko‘ra, uzoqdagi daraxtzorlarni, keng, ochiq joylarni
afzal ko‘rardi. Shuning uchun Sherimbek uning otini orqaga burayotganda Bobur
qarshilik qilmadi. Qosimbek sarosima bo‘lib:
— Mirzom, volidangizning tayinlaganlari boshqa edi!— dedi.
— Volidalari bu yerdagi ahvolni bilmaganlar! — deb Boburning o‘rniga Sherimbek javob
qildi. Ammo Qosimbek uning gapiga quloq solmay Boburga yondashdi:
— Xonim hazratlari bugun dafn marosimini o‘tkazib ertaga Andijonga kelurlar. Ulug‘
onangiz ham chorbog‘dan qo‘rg‘onga ko‘chmoqchi edilar. Ular sizni qayerdan topurlar?
Bobur endi sal xayolini yig‘ib, Sherimbekdan so‘radi:
— Qayoqqa bormoqchimiz?
Sherimbek Qosimbekka eshittirmaslikka tirishib, Boburning qulog‘iga shivirladi:
— Olatog‘ tomonlarga. O‘shga. Balki O‘zganga. Bobur buni Qosimbekdan sir tutishni
istamay, sekin unga aytdi:
— O‘sh yo‘lida bo‘lurmiz. Onamga xabar bering.
— Men avval qo‘rg‘ondagi beklar bilan so‘zlashay, amirzodam! Ularning kayfiyatini bilay!
— Undan ko‘ra, Xo‘ja Abdullaga uchrang.
— Bu amringizni darhol bajo keltirurmen!
Qosimbek otini qo‘rg‘on darvozasi tomonga burdi. Bobur esa yonidagi ellikka yaqin otliq
bilan qo‘rg‘ondan uzoqlashib keta boshladi.