www.ziyouz.com kutubxonasi
27
bu ikkilanishlarni bo‘lajak podshohga aytib, dorug‘alik amalini tortib olishlari mumkin
emasmi? Yo‘q, Uzun Hasan bunga yo‘l qo‘ymasligi kerak:
— Pirim, menga fotiha bering, Bobur mirzoning huzurlariga men o‘zim boray. Beklarning
nomidan sadoqat izhor qilib, qo‘rg‘onga taklif etay!
— Niyatingiz tahsinga sazovor, janob Hasanbek. Ammo siz dorug‘asiz. Siz avval
shahardagi g‘uluni bartaraf qiling, fitnaning uyasini toping, ana unda Bobur mirzoning
inoyatlariga sazovor bo‘lg‘aysiz.
— Yana karomat qildingiz, pirim! Biz zudlik bilan bu ishga kirishurmiz!
* * * Yoz oftobi yeru ko‘kni shunday qizdirmoqdaki, ot tuyoqlaridan ko‘tarilgan chang yuzga
alanga tillaridek tegadi. Havo dim. «G‘ir» etgan shamol yo‘q. Tuprog‘i bilqillab yotgan tor
ko‘chadan o‘tayotganlarida Boburni ter bosdi. U benihoya chanqaganligidan og‘zi taxir
bo‘lib ketgan edi. Kecha shu paytlarda Andijonsoy bo‘yida salqinlab yotgani esiga tushdi.
Bundan bir necha soat oldingi hayoti, chorbog‘ning musaffo havosi, zilol suvli hovuz,
salqin ko‘shk, betashvish damlar — hammasi birdan uzoq o‘tmishga aylangan edi.
Nazarida, shiddatli bir quyun uni o‘sha mas’ud hayotdan yulib olib, allaqayoqlarga
chirpirak qilib uchirib ketayotibdi. Ot tuyoqlaridan ko‘tarilgan chang unga mana shu
quyunning changidek tuyuladi. Uni otasidan judo qilgan, pushti-panohidan ayirib, xavf-
xatarlar komiga tortgan mash’um bir kuch go‘yo mana shu quyunning kuchi edi. Uni
qo‘riqlab borayotgan ellik chog‘li otliqlar ham Boburga mana shu quyun ichida
yurganday xira ko‘rinardi. Ro‘za tutib kuni bo‘yi tuz totmaganligidan uning boshi
aylanmoqda edi. Atrofidagi otliqlar to‘g‘ri yurib borayotgan bo‘lsalar ham, Boburning
nazarida ularning hammasini o‘sha quyun chirmab aylantirayotganday bo‘lardi.
O‘zgan yo‘li bilan borib Namozgohga yetganlarida uzoqda qorli tog‘lar ko‘rindi. Bobur
tog‘ salqinini ko‘zi bilan his qilganday bo‘ldi va o‘sha yerga tezroq yetib borgisi kelib,
otining biqiniga niqtadi. Qaqroq lablarini qiyinlik bilan ochib Sherimbekka:
— Tezroq! — dedi.
Sherimbek esa orqaga o‘girilib qarab:
— Chopar bor! — dedi. — To‘xtaylik.
Andijon beklari yuborgan chopar Xo‘ja Abdullaning qo‘li bilan yozilgan maktubni Boburga
topshirdi. Bobur o‘ram qilib yuborilgan maktubning ipak bog‘ichini uzib, yonida turgan
No‘yon Ko‘kaldoshga berdi:
— O‘qing.
Maktubda Andijon beklarining Boburga sadoqat bildirganlari aytilgan edi. So‘z orasida
yomon ovozalar tarqalayotgani, noma’lum fitnachilar «Bobur mirzo qo‘rqib qochdi»,
degan tuhmatni tarqatib, bunga elni ishontirmoqchi bo‘layotgani aytilgan edi.
— Men sizni ana o‘sha fitnachilardan ehtiyot qilgan edim, amirzodam! — dedi Sherimbek
Boburga. — Hozir vaziyat yomon. Qo‘rg‘on — ig‘voning uyasi. Qo‘rg‘onga qaytmang,
amirzodam! Sodiq beklar bo‘lsa ketingizdan kelsinlar!
«Ota yurtini tashlab qo‘rqib qochdi» — bu ovoza og‘izdan-og‘izga o‘tib shaharma-
shahar, qishloqma-qishloq tarqab ketishi mumkin!
— Yo‘q! — dedi Bobur otini orqaga burib. — Men qochmoqchi emasmen!
— Amirzodam, bu hammasi ig‘vo!
— Men buning ig‘voligini isbot qilurmen! Qayting hammangiz. Qo‘rg‘onga qayting!
Bobur orqaga burgan otining yuganini bo‘shatdi-yu, sag‘risiga qamchi urdi. Ot chopib
borayotganda ko‘kragiga shamol tegib, o‘zini bir oz yengil sezdi. Boyagi dahshatli quyun